Endi telefon qoʻngʻirogʻisiz tez tibbiy yordamni chaqirish mumkin boʻladi

11:54 05 Noyabr 2018 Jamiyat
529 0

TezMedʼ loyihasi – tez tibbiy yordam boshqaruv tizimini avtomatlashtirish uchun innovatsion dasturiy taʼminot toʻplami sanaladi. U mobil ilova sifatida aholidan kelib tushayotgan maʼlumotlarni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish uchun moʻljallangan boʻlib, ularni avtomatik ravishda ustun tartibda belgilash va planshetlarning GPS navigatsiyasidan foydalanish orqali transportni boshqarish uchun moʻljallangan.

Loyiha muallifi Madina Hamidovaning aytishicha, bu xizmat tez tibbiy yordamga murojaat qilgan shaxslarning manzilini avtomatik ravishda qidirib topadi. Murojaatchilarning yoshini va chaqiruv sababini koʻrsatgan holda, tez tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilmasdan turib, bepul tibbiy xizmat chaqiruvini qoldirish mumkin.

Bundan tashqari, ushbu dastur dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlarning rekvizitlarini saqlab turadi. Aholining tez tibbiy yordam samaradorligini baholashni ham nazorat qiladi. Uning funksional imkoniyatlari juda koʻp. Jumladan, shoshilinch tibbiy xizmatni qoʻngʻiroqsiz, mobil ilova orqali chaqirishga va tez tibbiy yordamni kuzatishga, eng yaqin tez tibbiy yordamni chaqiruv manziliga yetib borishiga imkon beradi. Qisqa vaqt ichida tibbiy muassasalarning maʼlumotlar bazasidagi muhim aloqalarni topish va xodimlar bilan bevosita aloqada boʻlish imkonini beradi.

“Texnik jihatdan, bu dastur iOS va Android operatsion tizimlariga mobil ilovani oʻrnatish orqali, shuningdek, haydovchining Android dasturini va tez yordam dispetcheri uchun maʼlumot boshqarish web-interfeys ini oʻz ichiga olgan tizim sifatida qoʻllaniladi”- deydi Madina.

TezMed tizimidagi yangilik shifokorlar bemorlarning kasalliklari va mavjud allergiya holati haqida maʼlumot keltirilgan elektron tibbiy kartasidan foydalana oladi. Bunday maʼlumotlar shifokorlarga tez va toʻgʻri tibbiy xulosa chiqarish hamda toʻgʻri tashxis qoʻyishga yordam beradi. Bundan tashqari, dasturning oʻziga xos xususiyati shundaki, qoʻngʻiroqdan soʻng siz tez yordam brigadasini kuzatishingiz, kelish vaqtini bilishingiz va tibbiy xizmatni baholashingiz mumkin.

TezMed tizimi yoqilgʻi sarfini kamaytirish, kerakli statistikani olish, yolgʻon chaqiriqlarni aniqlash, favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar va kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishda yordam beradi. Endi dispetcherlar qogʻoz toʻldirib ovora boʻlishmaydi. Faqatgina kelib tushayotgan onlayn-chaqiruvlarni tasdiqlashadi, xolos. Bu orqali eng yaqin tez tibbiy xizmatini ham avtomatik ravishda aniqlash mumkin boʻladi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, ushbu loyihaning muallifi Hamidova Madina International House - Tashkent akademik litseyining uchinchi bosqich talabasidir. Bu loyiha ustida 2018 yil mart oyidan boshlab ish olib borgan. Bu innovatsiya Sogʻliqni saqlash vazirligi boʻlimi boshligʻi tomonidan amaliyotga tatbiq etishga yoʻnaltirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?