Endi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga Biznes-ombudsmanning roziligisiz yoʻl qoʻyilmaydi

14:20 22 Mart 2019 Iqtisodiyot
394 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 15 mart kuni “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Farmon bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyati kafolatlari hamda ularning huquqlarini kafolatli muhofaza qilish mexanizmi yanada takomillashtirildi.

Mazkur hujjatga koʻra, 2019 yil 1 apreldan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga hamda xoʻjalik subyektlari faoliyatidagi tekshirishlarning qonuniyligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasiga oʻtkazildi.

Shuningdek, Biznes-ombudsmanning vakolatlari kengaytirilib, unga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.

Endilikda nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar boʻyicha Biznes-ombudsman tomonidan chiqarilgan qarorlarni ijro qilishi majburiy hisoblanadi va bu sohadagi qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishga sharoit yaratadi.

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirish oʻtkazish uchun soʻrovnomalarning asosli ekanligini monitoring qilish imkoniyatini beruvchi Yagona elektron tizim tatbiq etilmoqda.

Bundan buyon Biznes-ombudsman roziligisiz tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi. Tekshirishlarni roʻyxatga oluvchi Yagona elektron tizimga kiritilmasdan amalga oshirilgan tekshirishlar noqonuniy hisoblanadi va bu qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik qoʻllanilishiga sabab boʻladi.

Biznes-ombudsman tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilayotgan tekshirishlarning qonuniyligi, nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlariga rioya etilishi holatlarini doimiy ravishda monitoring qilib boradi.

Ushbu sohada qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar aniqlansa, ular qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Biznes-ombudsman va uning devoni xodimlari qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtiradi hamda koʻrib chiqish uchun sudlarga taqdim etadi.

Qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻymaslik va ularning oldini olish maqsadida doimiy ravishda nazorat qiluvchi organlar hamda tadbirkorlik subyektlari vakillariga qonun hujjatlari boʻyicha tushuntirishlar berib boriladi.

Biznes-ombudsmanning oldiga qoʻyilgan vazifa va funksiyalarning hududlarda samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida joylarda Biznes-ombudsmanning xodimlari faoliyat olib boradi. Bu esa tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni joyida hal etish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, Farmon bilan “Tadbirkorlik faoliyati qonuniyligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish topshirilgan. Ushbu Qonun birinchi navbatda nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlarning yaxlit tartibini belgilab beradi.

Aytish joizki, mazkur saʼy-harakatlar yurtimizda tadbirkorlar huquqlarini muhofaza etish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga oʻtganligining yorqin dalolatdir.

Eslatib oʻtamiz, Biznes-ombudsman instituti mamlakatimizda 2017 yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar hamda qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza etuvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini taʼminlash hisoblanadi. Biznes-ombudsman tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.

Lamiya Xudoyarova, Tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlarini muvofiqlashtirish shuʼbasi yetakchi inspektori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?