Endi tadbirkor savdo litsenziyasiz meva-sabzavot eksport qilishi mumkin boʻladi va yagona soliq toʻlaydi

12:27 26 Fevral 2019 Iqtisodiyot
555 0

Hukumat qarori bilan Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, tadbirkorlar ulgurji savdo litsenziyasiga ega boʻlmasdan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish huquqiga ega hamda ularning tushumlariga yagona soliq toʻlovi qoʻllaniladi.

Eksport dastlabki toʻlovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda kontraktni sugʻurta polisisiz amalga oshirilishi mumkin.

Eksport qiluvchilar meva-sabzavotlarni keyinchalik eksport qilish uchun jismoniy shaxslardan sotib olganda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar sotilgan mahsulotlar ularga yoki ularning oila aʼzolariga ajratilgan yerlarda yetishtirilganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasdan qoʻllaniladi.

Mahsulotlarni transportda tashishda tabiiy yoʻqolish kuzatilganida bu haqda tadbirkorlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga maʼlumot kiritadi.

Tabiiy yoʻqolishlar boʻlganida yoʻqolish summasi debitor qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi.

Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilgan eksport kontrakti boʻyicha debitorlik qarzi mavjud tadbirkorlar avtomatik ravishda nohalol eksportchilar reyestriga kiritiladi.

Nohalol eksportchilar keyingi eksportini faqat 100 foizli oldindan toʻlov sharti bilan amalga oshiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?