Endi tabiblar litsenziya asosida faoliyat yuritadi

11:46 26 Oktyabr 2018 Jamiyat
1969 0

Koʻpchilik yurtdoshlarimiz xastaligiga davo topish ilinjida bir marotaba boʻlsa-da, tabibga murojaat qilishi bor gap. Chunki kimyoviy usulda tayyorlangan dori-darmonlardan koʻra, turli tabiiy giyoh va damlamalar asosida shifo topishni afzal biladiganlar xalqimiz orasida juda koʻp.

Tabiblarning aksariyati Ibn Sino bobomiz qoldirgan manbalarga murojaat qilib, zamonaviy tibbiyot ojizlik qilgan ayrim xastaliklar davosini amalda koʻrsatib bersa-da, uni tan olmaslikka harakat qilindi. Xalq tabobatini zamonaviy tibbiyotga uygʻunlashtirish masalalariga eʼtibor qaratilmadi.

Hatto “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunda ham xalq tabobatiga aloqador normalar kiritilmadi. Tabiblarni tibbiyotning ilgʻor yutuqlari bilan tanishtirish, oʻqitish, oʻzaro tajriba almashish, qisqasi, ikki yoʻnalishni uygʻunlashtiruvchi tamoyil ishlamadi. Vaholanki, turli dorivorlaru noanʼanaviy usullarda ish yuritayotgan tabiblarning soni 30 mingdan oshib ketdi. Respublikadagi mavjud 4253 ta xususiy tibbiyot muassasasining 516tasida xalq tabobati usullari keng qoʻllanilmoqda.

Bunday tartibsiz vaziyat ayrim uddaburon “tabib”larning odamlarni davolash emas, balki firibgarlik bilan moʻmay pul topishlariga ham yoʻl ochib berdi. Chunki xalq tabobatining samarasini, ular qoʻllayotgan usullarning asl taʼsirini hech kim oʻrganmadi, tibbiy nazorat ham olib borilmadi.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ana shunday muammolarga yechim topish, mazkur yoʻnalishda toʻplangan tajribadan unumli va xavfsiz foydalanishga qaratilgani bilan gʻoyatda muhimdir.

Roʻzimuhammad XONNAZAROV, Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidenti huzuridagi ­Davlat boshqaruvi akademiyasi ilmiy tadqiqotchisi:

Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSH, Hindiston davlatlarida xalq tabobatining samarali usullaridan keng foydalaniladi. Yurtimizda esa bu sohani va tabiblar faoliyatini huquqiy tomondan tartibga soladigan normativ hujjatlar ishlab ­chiqilmagan edi. Bu esa tabiblar va ularga murojaat qiluvchi fuqarolarning huquqiy himoyasini taʼminlash ­imkonini bermasdi. Qaror bilan bu kabi kamchiliklar bartaraf etiladi. Endi xalq tabobati boʻyicha toʻplangan boy tajriba va salohiyat zamonaviy tibbiyotga uygʻunlashtiriladi. Chunki dunyoning 130 dan ortiq davlatlarida ­aynan shunday yoʻl tanlangan.

Hujjatga koʻra, avvalo, xalq tabobati aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha usuli sifatida eʼtirof etiladigan boʻldi. Unda xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Chunonchi, soha ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish, mazkur yoʻnalishda yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sogʻlomlashtirish ama­liyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini ­yaratish shular jumlasidan.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda, tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan talablar, shuningdek, xizmat koʻrsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ etib belgilandi.

Elmira BOSITXONOVA,Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari:

— Prezident tomonidan imzolangan ushbu qaror tarixiy ahamiyatga ega. Chunki oxirgi 100 yil davomida xalqimiz xalq tabobatidan bahramand boʻlib kelayotgan boʻlsa-da, shu vaqtga qadar bu soha qonundan tashqarida edi. Endi xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi meʼyoriy-huquqiy baza shakllantiriladi, ushbu yoʻnalish nafaqat fan sifatida, balki amaliy tibbiyot rivojida, aholi salomatligini tiklashda ham katta hissa qoʻshadi.

Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Shuningdek, endilikda xalq tabobati xizmatlarini koʻrsatuvchilarni oʻqitish, ularga zamonaviy tibbiyotdagi tashxis va davolash muolajalarini toʻliq qoʻllay olishlari uchun respublikadagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiy-pedagogika ishi” bakalavriat yoʻnalishlaridagi oʻquv dasturlariga xalq tabobati boʻyicha maxsus oʻquv sikli joriy etiladi. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida esa xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi.

Bundan buyon xalq tabobati bilan shugʻullanuvchi shaxslar va shunday xizmatni koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari maxsus litsenziya asosida faoliyatni amalga oshiradi. Xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan shugʻullanayotgan mutaxassis va tashkilotlar boʻyicha yagona axborot bazasi yaratiladi. Ushbu bazaga litsenziya asosida faoliyat olib borayotgan tabiblar, xalq tabobati usulida ish yuritayotgan davolash muassasalari haqidagi barcha maʼlumotlar joylashtirib boriladi.

Umuman aytganda, asrlar davomida ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan xalq tabobati usullari endilikda zamonaviy tibbiyot bilan uygʻun holda taraqqiy etadigan boʻldi. Bu xalq salomatligini taʼminlashda katta ahamiyatga ega.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?