“Endi suvga ham pul toʻlanadigan boʻldimi?”

16:30 14 Oktyabr 2020 Jamiyat
406 0

Andijon shahrining “Bogʻishamol” dahasida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaatiga asosan xonadonida boʻldik. Ayol toza ichimlik suvi taʼminotidagi uzilishlar haqida maʼlum qilgan edi. Oʻrganish davomida bildikki, daha adirlik ustida joylashgani bois ichimlik suvi taʼminotida maxsus talablarga rioya qilinadi. Shu sabab hududga belgilangan soatlardagina suv yetkazib beriladi. Murojaatchiga bularni tushuntirish jarayonida oʻzining isteʼmolchilik madaniyatiga qay daraja amal qilayotgani bilan ham qiziqdik. Yaʼni oxirgi marta foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun qachon va qancha miqdorda toʻlovni amalga oshirganligini soʻradik. Shunda ayol yuzimizga hayrat toʻla nigohini qadagancha: «Ie, endi suvga ham toʻlov undirishni boshladingizlarmi?» desa boʻladimi... Surishtirsak, bu isteʼmolchi 25 yil davomida hali biror marta suv uchun pul toʻlamagan ekan.

— Bu kabi foydalanuvchilar, afsuski, topiladi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ Matbuot xizmati rahbari Marhabo Nasriddinova. — Ular hududlarni suvlashtirish toʻlovlar hisobidan amalga oshirilishini tasavvur ham qilishmaydi. Baʼzilari bilib turib, bilmaslikka olishadi. Xullas, fuqarolarning foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlovlarni amalga oshirish faoliyatini qoniqarli, deb boʻlmaydi.

Shunday boʻlishiga qaramay, Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi ishlar koʻlami tobora ortib bormoqda. Soʻnggi uch yil davomida barcha manbalar hisobidan 372 milliard soʻm mablagʻ sarflanib, viloyatning 383 ming nafar aholisi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi, 500 mingdan ortiq aholining suv taʼminoti yaxshilandi. Suv taʼminoti darajasi 69,1 foizdan 81,4 foizga yetkazildi. Bu koʻrsatkichlar yana-da koʻproq raqamlarni tashkil etishi mumkin edi, qachonki, aholi toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirsa!

— Yilning shu davriga qadar isteʼmolchilarning jami qarzdorligi 23,7 milliard soʻmni tashkil etmoqda,-deydi jamiyat bosh muhandisi Dilmurodjon Sultonov. — Biroq, bir oylik toʻlov oʻrtacha 4 milliard soʻmni tashkil etmoqda, xolos. Ayniqsa, Xonobod shahri va Asaka tumanida toʻlov miqdori viloyatning oʻrtacha tushum darajasidan ham past. Toʻgʻri, pandemiya sharoitida aksariyat yurtdoshlarimiz daromadsiz qoldi. Buni hisobga olgan holda maʼlum vaqt toʻlov undirilmadi. Ayni paytga kelib deyarli barcha mehnat faoliyatiga qaytdi. Foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlovlar esa yigʻilib qoldi. Bu miqdor yoʻqolmaydi, aksincha isteʼmolchilar zimmasidagi qarz sifatida toʻplanib turaveradi. Uni oʻz vaqtida toʻlamaslik jarima undirilishiga ham sabab boʻladi.

Viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida bajarilishi kerak boʻlgan ishlar bisyor. Zero, ayrim hududlarga ichimlik suvi kunning maʼlum soatlaridagina berilsa, baʼzi hududlarga maxsus transport vositalari orqali yetkazib berilmoqda. Xoʻsh, vaziyat qachon 100 foiz darajada yaxshilanadi? Ushbu savol bilan murojaat qiluvchi ayrim foydalanuvchilarga qars ikki qoʻldan chiqishini eslatib qoʻygimiz keldi. Agar biz toʻlovlarni oʻz vaqtida bajarsak, mutasaddi idoralar tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan ishlar ham bir muncha izga tushib ketishi, shubhasiz.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?