Endi sudning hal qiluv qarorlari internetga joylashtiriladi

10:21 07 Fevral 2019 Jamiyat
202 0

2019 yil 6 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakat hayotining turli ­sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ­taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun ­loyihalari koʻrib chiqildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati “Xalq soʻzi”ga xabar berdi.

Majlis avvalida deputatlar “Jahon banki va ­Xalqaro moliya korporatsiyasining “Doing business” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosa­bati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy pro­sessual kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.

Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab ­chiqilgan ushbu loyihaga ­binoan iqtisodiy ishlar boʻyicha sud muhokamalarida oshkoralikni taʼminlash maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini (yopiq sud majlislarida chiqarilgan hal qiluv qarorlari bundan mustasno) taraflarning roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi shartligiga doir normalar kiritilmoqda.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda sud muhokamalarida oshkoralik uni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish, onlayn tarzida ham uzatish hamda audio yoki videoyozuvga olish yoʻli bilan taʼminlanmoqda. Sud muhokamalarida ochiqlik va ­oshkoralikni taʼminlashdagi keyingi qadam esa sudning hal qiluv qarorlarini internet tarmogʻida, shu jumladan, Oliy sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilish hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga iqtisodiy sudlar tomonidan daʼvo summasi kam miqdorda boʻlgan nizolarni soddalashtirilgan tartibda koʻrish toʻgʻrisidagi normalar kiritishni ham nazarda tutadi.

Unga koʻra, soliq toʻlovchining soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratish talabi boʻyicha, agar daʼvo summasi yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmagan miqdorda boʻlsa, daʼvo ariza boʻyicha ishni soddalashtirilgan tartibda koʻrishni belgilash taklif qilinmoqda.

Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash davomida loyihaning taklif etilgan nomi oʻzgartirildi, 4 ta yangi norma kiritildi, 3 ta norma chiqarib tashlandi. Muhokamalar davomida loyihaning deyarli barcha normasi tahririy tuzatildi.

Deputatlarning fikricha, qonunchilikka kiritilayotgan bu kabi yangiliklar sud ishlarini yuritish tizimiga soddalashtirilgan tartib-taomillarni joriy qilish, ishlarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish, muayyan turdagi nizolar boʻyicha hal qiluv qarorlarini kuzatib borish imkonini beradi. Eng muhimi, Jahon banki va Xalq­aro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston koʻrsatkichlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohadagi islohotlarni amalga oshirishda parlament va hukumatning oʻzaro hamkorligi muhim oʻrin tutadi. Shundan kelib chiqib, parlamentda qabul qilinayot­gan qonunlarning sifatli tayyorlanishi hamda bu borada qonunchilik va ijro hokimiyati oʻrtasidagi masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy qilingan edi.

Majlisda deputatlar tomonidan muhokama etilgan muhim masa­lalardan biri ana shu vakolatli vakil instituti joriy qilinishi munosabati bilan bir qator qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartishlar ­kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi hisoblanadi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimining joriy etilishi munosabati bilan 2018 yilning 23 iyulida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli qoʻshimchalar kiritilgan. Ushbu Qonun Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakilining huquqiy ­maqomini qonun darajasida mustahkamlashga, hukumatning parlament palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizm­larini yanada takomillashtirishga, uning qonun ijodkorligi jarayonida samarali ishtirokini taʼminlashga qaratilgan.

Shundan kelib chiqib, mazkur loyiha bilan parlament faoliyatini tartibga soluvchi boshqa bir qator qonun hujjatlariga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Deputatlarning qizgʻin muhokamasidan oʻtgan navbatdagi masala esa “Xalqaro mehnat tashkilotining Xalqaro mehnat normalari qoʻl­lanilishiga koʻmaklashish uchun uch ­tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-son konvensiya­sini (Jeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil

20 avgustdagi qarori bilan tas­diqlangan “Yoʻl xaritasi”ga ­binoan ishlab chiqilgan.

Muhokamalar chogʻida aytib oʻtilganidek, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 144-sonli konvensiya­si tadbirkorlar va mehnat qiluvchilarning erkin, mustaqil tashkilotlar tashkil etishga boʻlgan huquqlarini mustahkamlovchi XMT konvensiyalari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan 87-sonli va 98-sonli konvensiyalar qoidalaridan kelib chiqadi. Uning maqsadi XMT faoliyatiga oid masalalar, jumladan, mazkur tashkilotning konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularni qoʻllash maqsadida vakolatli davlat organi tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar xususida mazkur organ tarafidan XMTga yillik maʼlumotlarni taqdim etish yuzasidan davlat hokimiyati organlari, tadbirkorlar hamda mehnat qiluvchilar vakillari oʻrtasida milliy darajadagi uch tomonlama maslahatlashuvlar samaradorligini taʼminlashdan iborat.

139 ta davlat, xususan,­ ­Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirgʻizis­ton, Qozogʻiston kabi MDH mamlakatlari qoʻshilgan mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi ­xalqaro mehnat standartlarini milliy qonun hujjatlariga joriy etishga, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarda Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga koʻmaklashadi.

Shundan soʻng deputatlar “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlash joizki, mazkur qonun loyihasi bir guruh deputatlar ­tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, bepushtlikning oldini olish va davolash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutadi. Loyihada sogʻlom oilani ­shakllantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish, ayollarning reproduktiv salomatligini taʼminlashda ularni homilador boʻlgunga qadar, homiladorlik paytida, tugʻish va tugʻishdan keyingi davrda davolashning zamonaviy uslublarini qoʻllash kabi ­masalalar oʻz ifodasini topgan.

Muhokamalar chogʻida qayd etilganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning reproduktiv huquqlarini taʼminlashga, ­bepushtlikni samarali davolash, fuqarolarning ota-ona boʻlishiga, oilada baxt va farovonlikka ­erishishiga poydevor yaratadi. ­Fuqarolarga yuqori texnologiyalarga asoslangan sifatli va yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatini oshiradi, shuningdek, xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirishning huquqiy asoslarini ­mustahkamlaydi. Eng muhimi, mamlakatimizning barqaror rivojlanishida muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etgan oila mustahkamligini taʼminlashga yordam beradi.

Qizgʻin bahs-munozara, muhokama va tortishuvlardan soʻng qonun ­loyihalari qabul qilindi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ­vakolatiga taalluqli boshqa ­masalalar ham koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?