Endi soliqlardan qochishga hojat yo‘q

15:09 11 Iyul 2018 Iqtisodiyot
1451 0
Illyustrativ foto

“Bu dunyoda o‘lim va soliqlardangina qochib qutulib bo‘lmaydi”. Benjamin Franklinning ushbu mashhur iborasi soliqning hayotdagi ahamiyati, iqtisodiyotdagi o‘rni naqadar mislsiz ekanligini yaqqol anglatib turibdi. Zero, har qanday mamlakat byudjetiga tushumlarning asosiy qismi ham, ijtimoiy sohalar rivoji ham soliqlar evaziga ta’minlanadi. Hamma zamonlarda uning yig‘imiga jiddiy e’tibor qaratilgani boisi ham shundan.

Hozirgi paytda dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida soliqlarni to‘lamaslik, haqiqiy daromadni yashirish jinoyat sifatida baholanib, soliqdan qochgan odam davlat mulkini o‘zlashtirganlik, kerak bo‘lsa, xalqiga xiyonat qilganlik darajasida ayblanadi. Shuning uchun ham har bir fuqaroning davlat oldidagi birinchi vazifasi soliqlarni vaqtida to‘lash hisoblanadi.

Bizda-chi? Barcha birdek soliqlarni vaqtida to‘laydimi? Daromadimni yashirmaganman, degan mard tadbirkorlar safi kengmi? Yoki qaysi do‘kon egasi olgan daromadlarini bank orqali to‘la kirim qilyapti? Tan olib aytganda, ko‘pchiligimiz iste’molchi sifatida sotib olgan mahsulot yoki xizmatimizning yuzdan biriga ham chek talab qilmaymiz. Shu tariqa noqonuniy pul aylanishiga sababchi bo‘lib qolamiz.

Ammo soliq siyosati haqida so‘z borganda aksariyatimiz stavkalarning yuqoriligi va chalkashligini ro‘kach qilamiz. Tan olish kerakki, soliqlardan qochishga urinishimizning sababi ham aynan uning murakkab va tushunarsizligidadir.

Biznes-hamkor va maslahatchi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, davlat soliq xizmati organlarini soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Bunda eksterritoriallik prinsipi asosida soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi talab etiladi. Biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratiladi. Soliq ma’muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimiga asos solinadi.

Shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralari qo‘llaniladi. Soliq to‘lovlarining o‘z vaqtida, bir xildagi tushumi ta’minlanib, ma’muriy tartib-taomillar maksimal darajada kamaytiriladi, soddalashtiriladi. Soliq solinadigan bazani kengaytirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmalarni qisqartirish hisobiga byudjetlarning daromad qismi barqaror shakllantiriladi. Bundan tashqari, tekshiruvdan oldingi tahlil va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish uchun ma’lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta’minlaydigan zamonaviy, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralari yanada kuchaytiriladi. Davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etika singdirilib, ularning strategik maqsad va vazifalariga erishish uchun o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimi joriy etiladi.

1245nafar xodim nega ishdan olindi?
Prezidentimiz tomonidan soliq tizimida korrupsiyaning avj olib ketganini, soliq to‘lovchilarning aksariyati o‘z haq-huquqini bilmasligi, soliqchilarning noinsofligi, ayniqsa, bozorlarimizdagi ahvolning juda yomon ekanligi ko‘p bora keskin tanqid qilindi. Qarorda ham bu jihatlar alohida qayd etilib, soliq nazoratining eskirgan uslub va prinsiplari mazkur organ oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni hal qilish, jumladan, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yig‘iluvchanligining oshirilishini ta’minlash imkonini bermasligi, o‘z yechimini topmagan sezilarli muammolarning mavjudligi ushbu holatni yanada og‘irlashtirayotgani ta’kidlandi.

— Soliq siyosatini izdan chiqaradigan holatlardan biri bu davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatiga korrupsiya va aldovlarning aralashishidir, — deydi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Musayev. — Bu hol, ayniqsa, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida juda avj olib ketgan edi. Bunday salbiy holatlarga barham berish maqsadida mazkur sohadagi huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tugatildi va ularda ishlaydigan jami 1245 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Yangidan barpo etilayotgan tizimga halol va Vatanni sevadigan kadrlarni tanlab olishni maqsad qilganmiz.

Adolat va tenglik tamoyili
Aslida, soliqlar nimalarga sarflanadi? Biz nima uchun halol mehnat qilib to‘plagan daromadimiz, xususiy mulk va boyligimizning bir qismini davlatga berishimiz kerak? Buning javobi oddiy. Davlat xizmatchilarining oylik maoshi, pensiya va nafaqa to‘lovlari aynansoliqlar hisobiga qoplanadi. Bundan tashqari, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun biz to‘layotgan soliqlar asosiy manba hisoblanadi. Ana shu narsani xalqimiz to‘la tushunib yetsagina soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashdan og‘rinmaydi. Buning uchun esa soliqlar hammaga tushunarli va og‘irlik qilmaydigan bo‘lishi kerak. Adolat va tenglik asosida undirilishi lozim.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan aynan shu masalalar o‘z yechimini topdi. Xususan, unga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha fuqaro uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida joriy etiladi. Shundan 0,1 foizi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi. Bunda ayrim toifadagi fuqarolarning eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi. Shuningdek, fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bekor qilinadi. Pensiya tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 25 foiz etib belgilandi. Boshqa yuridik shaxslar uchun ushbu to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi.

— Bunday o‘zgarishlar aholi daromadlarining oshishiga olib keladi, — deydi Davlat soliq qo‘mitasi bosh mutaxassisi Muzaffar Nazarov. — Chunki avval aholining daromad solig‘i to‘rtta shkala bo‘yicha murakkab tizim asosida hisoblanardi. Endi esa hamma bir xilda — olgan daromadidan 12 foiz soliq to‘laydi. Shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan majburiy ajratmalar ham bekor qilinmoqda. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizga pasaytiriladi. Mobil aloqa xizmati ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun rentabellik darajasidan kelib chiqib, ular uchun qo‘shimcha foyda solig‘i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirish nazarda tutilgan. Dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasi esa 10 foizdan 5 foizgacha pasaytiriladi.

Soddalashayotgan tizim
Prezident Farmoniga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanma mablag‘i 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkaziladi. Bunda yillik tushumning 1 milliard so‘m etib belgilangan chegaraviy miqdori 3 yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi. Barcha tadbirkorlik subyektlari, jumladan, oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘laydi.

Soliq tizimi soddalashtirilar ekan, avvalo, aholiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi, bino va inshootlardan, shu jumladan, ilgari xususiylashtirilgan obyektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun oshirilgan stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda 5 foizdan 2 foizga pasaytirilmoqda. Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun tushumdan soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to‘lash tartibi hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini ixtiyoriy ravishda to‘lash imkoniyati belgilanadi.

Har birimiz hissa qo‘shaylik!
— Soliq siyosatini takomillashtirishni biz, avvalo, soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirishdan boshlashimiz kerak, — deydi Behzod Musayev. — Buning uchun soliq to‘lovchilarga iloji boricha yengillik berish, soliq xizmati xodimlarining malaka va tajribasini oshirish, shuningdek, aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirishimiz talab etiladi. Har birimiz sotib olgan mahsulotimiz, bizga ko‘rsatilayotgan ish va xizmatlar uchun chek talab qilishni o‘rgansak, bozorlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi pullarning qonuniy aylanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Yoki har bir soliq xizmati xodimining undirgan solig‘i uchun foiz hisobida mukofot pulini joriy etishni ham rejalashtiryapmiz. Bu ham soliqlarning o‘z vaqtida yig‘ilib, davlat g‘aznasining boyishiga xizmat qiladi.

Qisqacha aytganda, yuqoridagi Farmon bilan soliq siyosatida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Yangidan ishlab chiqilayotgan Soliq kodeksi esa tizimning barcha jihatini o‘zida aks ettirgan yangicha huquqiy hujjat bo‘lishi, shubhasiz.
Bekzod IBRAGIMOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?