Endi sayyohlar Oʻzbekiston vizasi bilan Qozogʻistonga, Qozogʻiston vizasi bilan Oʻzbekistonga kelishi mumkin

18:25 16 Noyabr 2018 Siyosat
457 0

Foto: Qozogʻiston Bosh vaziri matbuot xizmati

Mazkur hujjat Chimkent shahrida ikki davlat vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan Hududlararo birinchi forumda qabul qilindi, deya xabar bermoqda Qozogʻiston hukumati matbuot xizmati.

Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari A.Mamin qayd etib oʻtganidek, 2018 yil ikki xalqning madaniy va savdo-iqtisodiy yoʻnalishlarda amaliy yaqinlashuvi borasida muvaffaqiyatli kechdi. Uning soʻzlariga koʻra, joriy yil ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgan koʻplab tadbirlar oʻtkazildi.

Davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdoda ijobiy oʻsish kuzatilayotir. 2018 yilning dastlabki toʻqqiz oyida tovar aylanmasi 2 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etgani, bu oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 40 foiz yuqoriligi buning tasdigʻidir.

“2018 yil yakuniga koʻra, prognozlarga muvofiq, oʻzaro savdo hajmi 3 mlrd. dollarga yetadi. Davlat rahbarlari savdo hajmini yanada koʻpaytirish salohiyatini inobatga olib 2020 yilgacha tovar aylanmasida 5 mlrd. dollarlik natijaga erishish vazifasini qoʻyishgan ”, - dedi u.

Bosh vazir oʻrinbosarlari Qozogʻiston va Oʻzbekiston chegarasidagi “Jibek joli” va “Yallama” nazorat-oʻtkazish punktlari(NOʻP) faoliyatini koʻzda kechirishdi. Shu asnoda chegara punktlari infratuzilmalarini raqamli texnologiyalardan foydalangan holda modernizatsiya qilish, mavjud NOʻPlarni jadal rekonstruksiyalash, yangi punktlarni ochish, shuningdek, avtovokzal barpo qilish zarurligi qayd etildi.

Oʻz navbatida sanoat, qurilish, transport, tranzit, turizm kabi soxalar oʻzaro munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari ekanligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari A.Ramatov ikki davlat oʻrtasidagi sheriklik aloqalari mustahkam asos va uzoq muddatli istiqbolga ega ekanligini bildirdi. Ayni paytda Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli sektorlarida Qozogʻiston kapitali ishtirokida 260 ta korxona faoliyat yurityapti. Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili oʻtkazilayotgani barcha jabhalardagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Forum yakunida ikki mamlakat hududlari rahbarlari iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 16 ta hujjat imzolashdi.

Oʻz navbatida Buyuk ipak yoʻli davlatlarining viza rejimlarini oʻzaro tan olish, “KTZ Express” AJ va “Oʻzavtotranstexnika” ilmiy-ishlab chiqarish markazi oʻrtasida qoʻshma korxona ochishga oid bitim imzolandi. “KazTransGaz” va “Oʻztransgaz” oʻrtasida Oʻzbekiston hududi orqali tabiiy gazni yuborishga doir kelishuvga erishildi.

Shundan soʻng ishtirokchilar “Korme” koʻrgazma majmuasiga tashrif buyurishdi. U yerda ikki mamlakatning avtosanoat, kimyo, toʻqimachilik, yogʻochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari namoyish etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?