Endi Rossiya bilan ham huquqiy yordam koʻrsatishga oid hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonlari tezlashadi

17:58 16 Dekabr 2019 Siyosat
406 0


Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida “1993-yil 22-yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997-yil 28-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini maʼqullangan edi. Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur Qonunni imzoladi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu Qonun Oʻzbekiston bilan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari oʻrtasidagi fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga koʻtarib, ularni yanada batafsilroq tartibga solishni nazarda tutadi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2019-yil 24-avgust kuni “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Qonun maʼqullangan edi. Bu Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston Respublikasi, Armaniston, Ukraina, Tojikiston, Gruziya va Moldova davlatlarining vakolatli organlari bilan birgalikda oʻzlarining markaziy, hududiy va boshqa organlari orqali hamkorlik qilishi uchun huquqiy asoslar yaratishga imkon bergan.

Biroq ushbu Qonun talablari Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlarga tatbiq etilmaydi, chunki Rossiya Federatsiyasi 2002-yil 7-oktyabrda Kishinevda imzolangan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaning (bundan buyon Minsk konvensiyasi) ishtirokchisi hisoblanmaydi.

Murojaatlarning aksariyat qismi, 75 foiziga yaqini Minsk konvensiyasi doirasidagilar, Rossiya Federatsiyasidan kelib tushayotgan soʻrovlar boʻlganligi sababli Oʻzbekistonning Rossiya bilan bu yoʻnalishdagi aloqalarni amalga oshirish imkoniyati yoʻq edi. Bugungi kunda Minsk konvensiyasining 1997-yil 28-martdagi Bayonnomasini ratifikatsiya qilgan Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va Ukraina oʻz hududiy organlariga davlatlararo hamkorlik qilish vakolatlarini bergan. Bunday holda talab qilinadigan hujjatlar soʻralayotgan davlatlarga uch-toʻrt oy mobaynida borib tushadi.

1997-yil 28-martdagi Minsk konvensiyasining Bayonnomasini ratifikatsiya qilmagan MDH davlatlari hududlaridan hujjatlar talab qilinganda bunday hujjatni olish muddati oshadi va oʻrtacha oʻn oydan bir yilgacha muddatni tashkil etadi.

Qonun Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Moldova, Tojikiston, Ukraina kabi mamlakatlar bilan bir qatorda, endilikda Rossiya bilan ham oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish masalalarida tegishli mutasaddi organlar orqali bevosita oʻzaro aloqalarni amalga oshirish imkonini yaratadi.

Yana bir eʼtiborli jihat. Konvensiyaga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida huquqiy yordam koʻrsatish masalalariga tegishli hujjatlarning kelib tushishi va ularni koʻrib chiqish jarayonlarining tezkorligi taʼminlanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur xalqaro hujjat chet elda istiqomat qiluvchi fuqarolarimizning haq-huquqlarini yanada mustahkamlab, sohadagi vakolatli organning huquqiy yordam soʻrovlari bilan ishlash jarayoni samaradorligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Alisher KURMANOV,

Oliy Majlis Senati

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy

aloqalar, xorijiy investitsiyalar va

turizm masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?