Endi qoʻshiqchilarga litsenziya olish talab etilmasligi mumkin

21:30 17 Iyul 2020 Jamiyat
392 0

Kuni kecha Adliya vazirligi tomonidan litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan Prezident Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Ushbu loyihada bir qator litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish taklif etilmoqda. Ularning orasida konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash ham bor.

Xoʻsh, konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash nima maqsadda joriy etilgan edi? Adliya vazirligi masʼul xodimi Dilshod Shadiyevning qayd etishicha, buning bir nechta maqsadlari boʻlgan.

Birinchidan, litsenziyalash tartibi konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortish mexanizmi sifatida foydalanilgan.

Maʼlumki, avvalgi Soliq kodeksida (2007-yildagi) konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasi boʻlgan shaxslar ushbu faoliyatdan olingan daromadlari daromad soligʻidan ozod etilgan edi.

Shu sababli, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya uchun davlat boji yiliga 3 mln. soʻmdan 43 mln. soʻmgacha qilib belgilangan. Davlat bojining yuqoriligi, odatda, koʻpchilikning litsenziyani qisqa muddatga (3-6 oyga) rasmiylashtirishiga olib kelgan.

Jumladan, 2019-yilda litsenziyasi boʻlgan 3 352 nafar sanʼatkorning

2 935 tasi (87,5%) 3 oygacha, 217 tasi (6,5%) 6 oygacha muddatga litsenziya olishgan.

Biroq, Soliq kodeksining yangi tahririda ushbu imtiyoz bekor qilingan va ular 12 foizlik daromad soligʻiga tortiladigan boʻldi. Litsenziyalashning mazkur maqsadi oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.

Ikkinchidan, litsenziyaga ega boʻlgan sanʼatkorlarni madaniy-maʼrifiy tadbirlarga jalb qilish uchun ham qoʻllanilgan.

Jumladan, litsenziya shartnomalari tuzilishida uning talab va shartlarida sanʼatkorlar zimmasiga litsenziyalovchi organning talabiga koʻra madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etishi belgilangan.

Qayd etish kerakki, tadbirlarda sanʼatkorlarning ishtiroki ixtiyoriylikka asoslansa, ularning koʻrsatadigan xizmatlari sifati ham yaxshilanishi mumkin.

Uchinchidan, konsert-tomosha tadbirini oʻtkazishda sanʼatkorlarning sahna madaniyatiga, milliy qadriyatlar va anʼanalarga rioya qilish, ijrochilarning chiqishlarida nojoiz xatti-harakatlar sodir etilishini oldini olish maqsadi koʻzlangan.

Toʻgʻri, sanʼatkorning xulq-atvori uning muxlislariga, ayniqsa, yoshlarga taʼsir qiladi va undan oʻrnak olishadi. Shuning uchun, sanʼatkorlarning sahna madaniyatiga rioya qilishi hanuzgacha oʻz dolzarbligini saqlab qolmoqda.

Ammo, hozirgi kunda Internet tarmogʻining ommalashishi, undagi kontentlarning yorugʻlik tezligida tarqalayotganligi, sahna madaniyati, milliy qadriyatlar va anʼanalarni buzuvchi sanʼatkorlar nojoiz xatti-harakatlarining aholi orasida tezlik bilan tarqalishiga olib kelmoqda.

Bir narsa aniqki – Internet tarmogʻini batamom cheklash imkoniyati mavjud emas. Bu esa, konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalashdan koʻzlangan mazkur maqsadga ham erishib boʻlmasligini koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, litsenziya berilmagan, biroq sanʼatkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar tomonidan nojoiz xatti-harakatlar sodir etilgan taqdirda “Oʻzbekkonsert” ularga nisbatan tegishli choralar koʻra olmaydi. Yaʼni, litsenziyasi boʻlgan sanʼatkorning litsenziyasi bekor qilinsa, litsenziya boʻlmasdan sanʼatkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs esa, nojoiz xatti-harakatlari uchun “suvdan quruq chiqadi”.

Shuni taʼkidlash kerakki, sanʼatkorlarning nojoiz xatti-harakatlariga nisbatan fuqarolarimiz tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda munosabatlar bildirilishi koʻpaymoqda – jamoatchilik nazorati kuchaymoqda.

Yuqoridagi holatlar konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash hozirgi davr talabiga mos kelmay qolganligini koʻrsatmoqda.

Xorijda konsert-tomosha faoliyati odatda litsenziyalanmaydi. Jumladan, MDH davlatlaridan Gruziya, Qozogʻiston va Rossiyada ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Shunga koʻra, Prezident Farmoni loyihasida konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalashning amaldagi tartibi bekor qilinib, xabardor qilish tartibiga oʻtkazilish taklif etilmoqda.

Taklif etilayotgan tartibga koʻra, sanʼatkorlar qanday qilib konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin?

Jumladan, sanʼatkorlar oʻz faoliyatini boshlashdan oldin vakolatli organni (“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi) xabardor qilsa kifoya. Xabarnomani yuborish vaqtida uni yuborayotgan sanʼatkor oldindan belgilangan talablarga rioya etish majburiyatini zimmasiga oladi. Shunisi eʼtiborliki, koʻplab hujjatlarni olib vakolatli organga borish va katta miqdordagi davlat bojini toʻlash talab etilmaydi.

Xullas, ushbu yangi tartibning joriy etilishi davlat boji toʻlashdan qochayotganlarning ham oʻz faoliyati bilan qonuniy shugʻullanishga sharoit yaratib beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?