Endi “otopleniye” uchun yil davomida toʻlov qilinmaydi. Tariflar oshadimi? 780 mln dollarlik loyiha. — Vazirlik sohadagi oʻzgarishlar haqida

12:00 03 Dekabr 2019 Jamiyat
69 0

Illyustrativ foto

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda “Issiqlik taʼminoti tizimini takomillashtirish va issiqlik taʼminoti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorlari loyihalarining maqsadi, mazmun va mohiyati muhokama qilindi.

“Mazkur qarorlar loyihalari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda, — dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Aliposho Ahmedov. — Qaror loyihasining 2-bandida issiqlik taʼminoti uchun yangi toʻlov tizimi joriy etilishi nazarda tutilgan. Buni aholining koʻpchilik qismi tariflar koʻtarilishi deb notoʻgʻri tushunmoqda. Yoʻq, qaror loyihasida issiqlik taʼminoti uchun tariflarni oshirish nazarda tutilmagan, faqat toʻlovlarni amalga oshirish tartibi oʻzgartirilmoqda”.

Taʼkidlanishicha, joriy etilayotgan yangi toʻlov tizimiga koʻra, faqatgina issiqlik taʼminoti berilgan muddatga toʻlov qilish koʻzda tutilmoqda. Bu oʻzgarish aholi tomonidan tushgan koʻplab murojaatlarga asosan kiritilgan.

Misol uchun, bugungi kunda issiqlik taʼminoti uchun amaldagi toʻlov tizimi boʻyicha aholi yil davomida toʻlovlarni amalga oshirib kelmoqda va ob-havo sharoitlariga bogʻliq boʻlgan isitish mavsumining davomiyligini hisobga olmaydi. (Masalan, 2018 / 2019-yillarda isitish mavsumi 135 kun, 2017 / 2018-yil — 148 kun davom etdi.)

Tavsiya etilgan toʻlov tizimini joriy etish natijasida aholi haqiqatda amalda taqdim etilgan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun haq toʻlaydi.

Mutasaddilar aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suv taʼminoti yetkazib berish davomida tarif hamda yetkazib berish xarajatlari oʻrtasida yuzaga keladigan zararlar respublika va mahalliy byudjetlar hisobidan qisman qoplanishini bildirdi.

“Eʼtiborlisi, qarorga koʻra, markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimi 2019–2024-yillarda bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʻtkaziladi, — dedi Issiqlik taʼminoti sohasidagi istiqbolni belgilash va tarif siyosati boʻlimi boshligʻi Abdulaziz Matroʻziyev. — Bunda resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda isteʼmol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini amalda muvofiqlashtirish jarayonlari inobatga olinadi”.

Maʼlum qilinishicha, aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni issiqlik taʼminoti korxonalari, isteʼmolchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi. Koʻp xonadonli uylar bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilgan taqdirda esa ikki tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

“Hozirda Jahon banki ishtirokida umumiy qiymati 220,7 mln AQSH dollari boʻlgan “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish va uning energiya samaradorligini oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda, — dedi vazirlik Issiqlik taʼminoti boshqarmasi boshligʻi Ravshanbek Joʻrayev. — Maqsad: markaziy qozonxonalar, isitish tizimlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, uylar va xonadonlar ichki issiqlik taʼminoti tizimlarini yopiq issiqlik taʼminoti tizimiga oʻtgan holda tiklashdan iborat”.

Aytilishicha, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda issiqlik manbalarining isitish uskunalarini kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini joriy etgan holda rekonstruksiya qilishni, shuningdek, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirishni nazarda tutuvchi qiymati 780,4 mln AQSH dollari boʻlgan “Buxoro, Fargʻona, Quvasoy, Nukus va Urganch shaharlarida markaziy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?