Endi onkologik xastaliklarga shifo istab xorijga borishga hojat yoʻq

16:43 28 Avgust 2018 Jamiyat
502 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi​​​​

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga “Elekta Infinity” firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi oʻrnatildi. Mazkur noyob uskuna dunyoning sanoqli davlatlaridagina mavjud.

Markazda tashkil etilgan tadbirda mazkur yuqori texnologiya imkoniyatlari soha mutaxassislari va jurnalistlarga tanishtirildi.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi​​​​

Prezidentimizning 2017 yil 4 apreldagi “2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aholiga ixtisoslashgan onkologik tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash va koʻlamini kengaytirish, aholining barcha qatlamini toʻla qamrab oluvchi tizimni shakllantirish hamda rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Mazkur qaror ijrosi doirasida hududlardagi 15 ta onkologiya dispanseri Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallariga aylantirildi. Barcha onkologiya muassasalari rekonstruksiya qilindi va kapital taʼmirlandi. Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlarida ushbu muassasalar butunlay yangidan qurildi. Bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining asosiy binolari reja asosida bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda. 

Onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida respublika boʻylab sut bezi, bachadon boʻyni saratoni boʻyicha skrining tadqiqotlari olib borish ishlari boshlab yuborildi. Qiziloʻngach, meʼda va kolorektal saraton boʻyicha esa Fargʻona viloyatida tajriba tariqasida skrining tadqiqotlari rejalashtirilgan.

Sut bezi saratoni skriningi oʻtkazish uchun 13 ta mobil va 16 ta statsionar mammografik uskunalar xarid qilinmoqda. Rejaga asosan Samarqand, Fargʻona hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 3 ta hududlararo immunogistoximik laboratoriyalar tashkil qilinmoqda. Respublika boʻyicha 11 ta gamma terapevtik va 7 ta braxiterapevtik uskuna oʻrnatiladi. Yurtimizning onkologiya muassasalari MRT+gipertermiya, PET tomografiya, “da Vinci” robot uskunasi, kiber tigʻ, angiografik kompleks kabi eng zamonaviy tashxislash va davolash uskunalari bilan jihozlanadi.

Barcha viloyat filiallarida kechki bosqichlardagi bemorlarga yordam koʻrsatish uchun jami 200 koyka palliativ yordam boʻlimlar tashkil qilish uchun tayyor. Hozirgi kunda boʻlimlarni jihozlash ishlari olib borilmoqda. Toshkent shahri, Fargʻona, Urganch va Samarqand shaharlarida kechki bosqichlardagi, maxsus davoga ehtiyoj boʻlmagan ogʻir bemorlarga yordam koʻrsatuvchi hududlararo xospislar tashkil qilinmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Elekta Infinity” firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi oʻrnatilganligi mamlakatimizda onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

— Nur terapiya onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biridir, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Abduvohid Xoʻjayev. — U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qoʻllaniladi. Bundan tashqari, ushbu usul palliativ va simptomatik davo uchun ham ishlatiladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortigʻini davolashda qoʻllaniladi. Markazimizning “Elekta Infinity” chiziqli tezlatkichi bilan taʼminlanishi amaliyotda nur terapiyasidan keng koʻlamda foydalanishga, onkologik bemorlarni davolashda yuqori samaradorlikka erishishga olib keladi. Ushbu zamonaviy uskunaning imkoniyatlari juda keng boʻlib, u davolovchi nurni nishonga maksimal aniqlikda va dozada beradi, shuningdek, sogʻlom toʻqima hamda aʼzolar zararlanishini minimal darajada qisqartiradi. Ushbu meʼyorga amal qilish natijasida davolash samaradorligi ortadi, bemorlar hayot sifati yaxshilanadi, nojoʻya taʼsirlarning qisqarishi hisobiga bemorlar nogironligi kamayadi.

Bunday samaralarga erishish uchun dunyoning rivojlangan davlatlarida qabul qilingan uslub sifatida nur terapiyaning zamonaviy hajmli (3D) konformatsiyalash usuli qoʻllaniladi. Bugungi kunda bosh-boʻyin, koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi va kichik chanoq aʼzolari oʻsma kasalliklarini davolashda ushbu texnologiya “oltin” standartdir. Bundan tashqari, nur terapiyaning rotatsion uslubda tutamlar intensivligini modulyatsiya qilish (VMAT) natijasida uskunaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati vaqtining 2-3 barobar qisqarishiga erishiladi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻpka, prostata bezi kabi harakatchan aʼzolardagi oʻsma nishonlarini davolashda juda muhimdir.

Dilshod KARIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?