Endi maktabning eng aʼlochi oʻquvchilari ham stipendiya oladi

16:11 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
93 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Endi Mingterak qishlogʻidagi 49 - maktabning yuqori sinflarida taʼlim olayotgan ikki nafar eng aʼlochi oʻquvchi har chorakda 500 ming soʻmdan stipendiya oladigan boʻldi. “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining Sirdaryo viloyati boshqaruvi raisi Hakimjon Yunusov oʻzi oʻqigan maktab uchun ana shunday mukofot taʼsis etdi.

Yana uning homiyligida mazkur taʼlim maskanida oʻtgan asrning elliginchi, yaʼni Mirzachoʻlni oʻzlashtirish yillarida bunyod qilingan Mingterak qishlogʻi va maktab tarixiga oid muzey tashkil etishga ham kirishildi.

Eʼtiborlisi, mana 14 yildirki, Hakimjon Yunusov oʻqituvchilar va oʻquvchilar oʻrtasida oʻz tashabbusi bilan tashkil etilgan 8 nominatsiyadan iborat tanlovning homiyi hisoblanadi.Shuningdek, u oʻquv dargohini tasviriy targʻibot vositalari bilan jihozlashda ham qadrdon maktabi jamoasining yaqin koʻmakchisi boʻlib kelmoqda.

Maʼlumot uchun. Joriy oʻquv yilidan boshlab Sirdaryo viloyatida haftaning har jumasi “Maktab kuni” deb belgilandi hamda viloyat boʻyicha “Eng yaxshi maktab”, “Eng yaxshi maktab direktori”, “Eng yaxshi fan oʻqituvchisi” nominatsiyalari boʻyicha tanlov ham tashkil qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?