Endi mahalliy Kengashlarda doimiy asosda ishlaydigan kotibiyatlar boʻladi

19:28 15 Sentyabr 2020 Siyosat
143 0

Maʼlumki, soʻngi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyatini yana-da takomillashtirish hamda ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning oʻrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyildi. Biroq, bu borada amalga oshirilgan ishlar hozirgi kunda yetarli emasligini koʻrsatmoqda.

Bunga esa xalq deputatlari Kengashlariga tashkiliy jihatdan koʻmaklashuvchi boʻlinmaning mavjud emasligi, mazkur vazifa garchi oʻziga xos boʻlmasa-da, hokimliklarning apparati tomonidan amalga oshirilayotgani sabab boʻlmoqda.

2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini taʼminlash yuzasidan ishlab chiqilgan hamda joriy yilning 14-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni yuqorida keltirilgan masalaning yechimi boʻla oladi.

Darhaqiqat, mahalliy Kengashlarning doimiy asosda ishlaydigan kotibiyatlarining tashkil etilishi mazkur kengashlar faoliyatini yana-da kuchaytirish uchun xizmat qiladi.

Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Kengash kotibiyati bilan bogʻliq oʻzgartishlar kiritilgan.

Jumladan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish vazifasini hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga oʻtkazish, kotibiyat yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, kotibiyat tuzilmasi, shtatlari, xodimlarining mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi, kotibiyat xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mahalliy Kengashlarning vakolat muddatiga bogʻliq boʻlmasligi belgilab qoʻyildi. Kotibiyat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi va oʻz nomi tushirilgan muhriga hamda blankiga ega boʻlishi hamda kotibiyatning namunaviy nizomi va namunaviy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanishiga oid normalar mustahkamlandi.

Shuningdek, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga xalq deputatlari Kengashi deputatini hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari bilan taʼminlash, shuningdek, deputatlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarning maslahatlarini uyushtirish vazifasini viloyat, tuman, shahar hokimliklari zimmasidan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatiga oʻtkazish bilan bogʻliq oʻzgartishlar kiritildi.

Xorijiy amaliyot oʻrganilganda, Gruziya, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi davlatlar mahalliy Kengashlarining faoliyatiga koʻmaklashish uchun maxsus tuzilmalar (devon, kotibiyat va boshqalar) tashkil etilganligini kuzatishimiz mumkin.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida kotibiyatlarning tashkil etilishi mahalliy Kengashlar faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy va boshqa jihatdan taʼminlash, doimiy komissiyalarining nazorat sohasidagi vakolatlarini samarali amalga oshirishga koʻmaklashish, mahalliy ijroiya hokimiyati, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari (axborotlari) eshituvini tashkil qilishga koʻmaklashish imkoniyatini berdi.

Shu bilan birga deputatlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni qabul qilish bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish hamda murojaatlarning hisobini yuritish va ularning ijrosini nazorat qilish, mahalliy Kengash faoliyatiga oid tadbirlar toʻgʻrisidagi xabarlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida chop etilishini, mahalliy Kengashning rasmiy veb-saytida joylashtirilishini tashkil etish hamda mahalliy Kengash va uning doimiy komissiyalari qarorlari loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga, shuningdek yuridik texnika talablarga muvofiqligini koʻrib chiqish, mazkur hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy tusga ega qarorlarning mahalliy Kengash muhokamasiga kiritilishidan oldin tegishli Adliya boshqarmalarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil qilish ishlarini yengillashtiradi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun mahalliy Kengashlar faoliyatiga bevosita koʻmaklashuvchi tuzilmani tashkil qilish orqali hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhlari zimmasidan oʻziga xos boʻlmagan vazifalar soqit qilinishiga hamda mahalliy Kengashlar faoliyatining yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Jahongir SHIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari
qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?