Endi kompyuter oʻyinlari zavq uchun emas, dars uchun oʻynaladi

19:16 22 Mart 2019 Jamiyat
937 0

Foto: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, sohaning barqaror taraqqiy etishi uchun malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni oshiradi. Joriy yil 19 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas, albatta.

Yigʻilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul oʻrgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shugʻullanish boʻyicha innovatsion koʻnikmalar beriladi, “startap” loyihalarga yordam koʻrsatiladi.

Ushbu tashabbus asosida vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida ana shunday markazlar tashkil etish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqilgan edi.

Bugun “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Sirdaryo viloyati filiali Mirzaobod tumani telekommunikatsiya bogʻlamasi maʼmuriy binosida dastlabki “Raqamli texnologiyalar markazi” ochildi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, qisqa fursatlarda vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik oʻquv markazini ochish boʻyicha tashkiliy choralar koʻrilib, markaz zamonaviy kompyuterlar va zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Uning mamlakatimiz boʻylab Navroʻz umumxalq bayrami tadbirlari davom etayotgan bir paytda ochilishi Sirdaryo viloyati yoshlariga munosib bayram tuhfasi boʻldi.

Mirzaobod tumanida joylashgan mazkur markaz Sirdaryo viloyatining shahar hamda tumanlarda ochiladigan markazlar va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Hindistonning ilgʻor tajribasi asosida tashkil etilayotgan Texnopark oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini bajaradi.

Bu yerda yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik yoʻnalishlarida saboq beradigan oʻquv kurslari tashkil etiladi. Ushbu markazda 3 ta yosh toifasida, yaʼni 9 — 15, 16 — 19 hamda 20 — 25 yoshdagi taʼlim oluvchilar bosqichma-bosqich axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar sifatida tayyorlanadi.

Qolaversa, yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini oʻrgatish, turli oʻyinlar boʻyicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy oʻyinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

“Raqamli texnologiyalar markazi”ning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?