Endi xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolari elektron tarzda konsullik roʻyxatidan oʻtadi

22:49 14 Fevral 2020 Jamiyat
117 0

Foto: www.google.com

“Xorijda boʻlgan (boʻlib turgan) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning konsullik roʻyxatini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruq Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Buyruq bilan tasdiqlangan yoʻriqnomaga koʻra, endilikda xorijda doimiy yashayotgan yoki vaqtincha boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun interaktiv konsullik xizmatlari “www.consulate.mfa.uz” veb-portali orqali ham doimiy yoki vaqtincha konsullik roʻyxatidan oʻtish imkoni yaratildi.

Bunda, konsullik roʻyxatidan oʻtish uchun kerak boʻlgan hujjatlarning “PDF” formatda skaner qilingan nusxalari tizimga joylashtiriladi.

Hujjatlar taqdim etilgan vaqtning oʻzida konsullik mansabdor shaxsi portal orqali roʻyxatga olingan shaxslarning elektron pochta manziliga konsullik roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisidagi tegishli xabarnomani joʻnatadi.

Buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?