Endi ipak qurtidan besh martagacha hosil olish mumkin

11:53 03 May 2018 Iqtisodiyot
1925 0

Ma’lumki, shu paytgacha respublikamizda ipak qurtidan yiligi atiga bir marta — bahor faslida hosil olinar edi. Endi bu jarayon yil mobaynida davom etadi. Bunga hududlarda barpo etilayotgan Xitoy usulidagi yangi intensiv tutzorlar imkon yaratadi. Ana shu maqsadda Asaka tumanida tashkil etilgan “Yangi ipak yo‘li” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasida 30 gektar maydonda tut plantatsiya barpo etildi.

— Intensiv tut ko‘chatlarining afzallik jihatlari shundaki, ularni suv ta’minoti qiyin bo‘lgan hududlarda ham parvarishlash mumkin, — deydi korxona rahbari Mahmudjon Umrzoqov. — Ular tez yetiluvchanligi, ozuqaviy quvvatining yuqoriligi bilan ahamiyatlidir. Ko‘chatlar baravj rivojlangach ipak qurtidan bir yilda 4-5 martagacha hosil olish mumkin bo‘ladi.

Ayni paytda korxonada 100 nafar ishchi mehnat qilayapti. Ular Xitoy davlatidan keltirilgan 400 ming tup tut ko‘chatini ekib bo‘lishdi. Buning uchun chet ellik sarmoyadorlar tomonidan 2 mln. 300 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi. Kelgusida korxonada tut bargi yetishtirish, pilla qurtini parvarishlash va undan olingan ipakni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. 
Saminjon HUSANOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?