Endi internet orqali yer uchastkasini sotib olish mumkin

11:40 06 Iyul 2018 Jamiyat
1113 0
Foto: auctionfire.com

Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, bundan buyon bo‘sh yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun “Ye-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi doimiy foydalanishga beriladi.

Bunga ko‘ra yer uchastkalari quyidagi narxlarda belgilanadi:

yer uchastkasi maydoni 0,01 gektar bo‘lganda, eng kam ish haqining ikki baravari;

yer uchastkasi maydoni 0,01 gektardan 0,05 gektargacha bo‘lganda, eng kam ish haqining uch baravari;

yer uchastkasi maydoni 0,05 gektardan 0,1 gektargacha bo‘lganda, eng kam ish haqining to‘rt baravari;

yer uchastkasi maydoni 0,1 va undan ko‘p gektar bo‘lganda, eng kam ish haqining besh baravari miqdorida.

Tuman hokimining vakolatiga quyidagi yerlarni ajratish kiradi:

zaxira yerlardan;

qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlardan, tubdan yaxshilash ishlari amalga oshirilgan sug‘oriladigan yerlar, pichanzorlar va yaylovlar bundan mustasno;

o‘rmon fondi yerlaridan (o‘rmon o‘simliklari bilan qoplangan yerlar bundan mustasno);

sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsaddagi yerlardan;

suv fondi yerlaridan.

Vakolatli organlar yer uchastkasini tanlashda elektron shaklda xulosalar beradi. Hokimlar bo‘sh yer uchastkalari bo‘yicha olingan materiallarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Bo‘sh yer uchastkalarini tanlashda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatining hamda tuman ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘limining xulosasini olish talab etilmaydi.

Auksionlar Internet tarmog‘i orqali o‘tkaziladi. Auksionlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar 30 kun oldin e’lon qilinishi kerak.

Elektron auksionda ishtirok etishga buyurtmalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab operatorning veb-portalida avtomatik tarzda qabul qilinadi va auksionni o‘tkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13-00 da) yakunlanadi.

Buyurtmalar elektron ko‘rinishda beriladi.

Buyurtmalar elektron raqamli imzo bilan imzolanadi.

Buyurtmachi buyurtmanomaga zakalat puli to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov hujjatining elektron (skaner qilingan) nusxasini ilova qilishi mumkin.

Elektron auksionda ishtirok etish uchun zakalat puli yer uchastkasi minimal qiymatining 20 foizi miqdorida belgilangan.

Auksion unga qo‘yilgan ikki va undan ortiq ishtirokchi mavjud bo‘lgandagina o‘tkaziladi.

Auksion ish kuni mobaynida soat 9.00 dan soat 18.00 gacha o‘tkaziladi.

Elektron onlayn auksionni o‘tkazish vaqti 3 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va auksion 21-00 soatga qadar yakunlanishi lozim. Oxirgi taklifni soat 21-00 ga qadar bildirgan ishtirokchi auksion g‘olibi deb topiladi.

Auksionni o‘tkazishda texnik uzilish sodir bo‘lgan hollarda, auksion to‘xtatiladi va o‘tkazish vaqti haqida xabar berilgan holda uzilish bartaraf qilingan kundan keyingi kunda davom ettiriladi.

Operatordan auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani olgan paytdan boshlab tuman (shahar) hokimlari 3 kun mobaynida g‘olibga yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish to‘g‘risida qaror chiqarishi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?