Endi hokimlar mulkdor yerini tortib olish vakolatiga ega emas, ammo...

20:08 20 Avgust 2020 Siyosat
334 0

Endi hokimning mulkdor yerini tortib olishga haqqi yoʻq. Bu boradagi barcha vakolatlar mahalliy kengashlar ixtiyoriga beriladi. Ammo bu hokim bilan mulkdor oʻrtasidagi ziddiyatga yechim boʻla oladimi?

Mahalliy kengash deputatlari faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan harakatlar nega kutilgan natijani bermayapti?

Bugun Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yigʻilishida deputatlar tomonidan ayrim qonun loyihalariga koʻplab eʼtirozlar bildirildi. Xususan, “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi jiddiy bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

— Ushbu qonun loyihasi bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi, — deydi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. Chunki oxirgi yillarda jamiyatimizda shu masala bilan bogʻliq ijtimoiy keskinlik, anglashilmovchiliklar juda koʻpaydi. Shu nuqtayi nazardan, bu qonun loyihasining tashabbus qilinishi juda ham muhim va uni yana-da takomillashtirish lozim.

Yigʻilishda taʼkidlanishicha, 2018-2019-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish natijalarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha rasmiy organlardan 526 ta daʼvo arizasi kiritilib, ularning 250 tasi qanoatlantirilgan va mulklar davlat ixtiyoriga qaytarilgan. Ana shunday holatlarni tartibga solish, xususiy mulk daxlsizligini yana-da takomillashtirish maqsadida amaldagi qonunga oʻzgartishlar kiritish taklif qilinmoqda. Yaʼni, amaldagi qonunda davlat manfaati ustuvorlik kasb etgan boʻlsa, taklif etilayotgan qonun loyihasida mulkdorlar huquqi, qonuniy manfaatlari kafolatlari yana-da mustahkamlanmoqda.

Jumladan, loyihaga yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish boʻyicha ularning vakolatlarini cheklash, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qoʻyish vakolatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish kabi oʻzgartirishlarni kiritish taklif etilgan.

— Men bu qonun loyihasining hokim bilan mulkdor oʻrtasida yuzaga kelayotgan ziddiyatlarga barham berishiga ishonmayman, — deydi fraksiya aʼzosi Ilhom Abdullayev. — Yer bilan bogʻliq vakolatning hokimdan mahalliy kengashlarga olib berilishi masalaning yechimi emas. Chunki mahalliy kengashlarga hamon hokimlar raislik qilmoqda. U bu vakolatdan foydalanib, bunday qarorlarni kengash nomidan tasdiqlatib olaveradi. Hokimlarning mahalliy kengashlarga raislik qilishiga barham berilmas ekan, yer bilan bogʻliq ziddiyatlar davom etaveradi.

Yigʻilishida «Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda mahalliy kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, davlat idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, amalda kutilgan natijalarga erishilmayapti. Bunga xalq deputatlari Kengashlarining tashkiliy faoliyatiga koʻmaklashuvchi boʻlinmaning mavjud emasligi, mazkur vazifa garchi oʻziga xos boʻlmasa-da, hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan amalga oshirilayotgani sabab boʻlmoqda.

Yigʻilishda qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy xizmat koʻrsatish vazifasini hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyatiga oʻtkazish, kotibiyatga yuridik shaxs maqomi berilib, uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirish masalalari nazarda tutilgan. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari faoliyatiga bevosita koʻmaklashuvchi tuzilmani tashkil qilish orqali hokimliklarning apparati zimmasidan oʻziga xos boʻlmagan vazifalar soqit qilinadi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan davlat organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan deputatlik nazorati taʼminlanadi.

Yigʻilishda deputatlar tomonidan ushbu qonun loyihasi ham mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilmasligi taʼkidlandi. Chunki deputatlar faoliyatiga koʻmaklashuvchi tuzilma ham hokimiyatda faoliyat koʻrsatadi va hokim xohlagan paytda ularning ishiga taʼsir oʻtkazilishi mumkin.

Qonun tashabbuskorlari deputatlarning bu eʼtiroziga javob qaytarar ekan, qonun loyihasini tayyorlashda bu jihat ham eʼtiborga olingani, hozirda hokimlarning kengashlarga raislik qilish amaliyotidan voz kechish va alohida faoliyat koʻrsatishini taʼminlash borasida ishlar boshlangani, yuqoridagi holat esa shunday harakatlardan biri ekanini taʼkidladilar.

Fraksiya yigʻilishida kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilindi va deputatlar tomonidan partiya maqsad, vazifalaridan kelib chiqqan holda takliflar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?