Endi harbiy tavsiyanomaga ega boʻlgan abituriyentlar OTMga alohida kvota boʻyicha qabul qilinadi

14:13 30 Aprel 2019 Jamiyat
1034 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining ”Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasiga koʻra, Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan abituriyentlar uchun respublika OTMlarning bakalavriatiga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida alohida qabul kvotalari ajratiladi.

Alohida kvota har bir oliy taʼlim muassasasining bakalavriatiga (har bir taʼlim shakli boʻyicha) oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarining besh foizi miqdorida belgilanadi.

Bunda, ajratilgan alohida kvotalarning davlat granti va toʻlov-shartnoma asosidagi taqsimoti muayyan oliy taʼlim muassasasi boʻyicha tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlaridagi davlat granti va toʻlov-shartnoma kvotalari koʻrsatkichlari ulushiga muvofiq (mos) ravishda belgilanadi.

Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan abituriyentlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, ajratilgan alohida kvotalar doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan fuqarolar ular uchun ajratilgan alohida kvotalar doirasida, tanlagan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.

Ushbu tanlovda qatnashib, oʻqishga tavsiya etilmagan abituriyentlar oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtish jarayonida tanlagan taʼlim yoʻnalishlarida umumiy tartibda toʻplagan ballari bilan tanlovlarda ishtirok etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?