Endi harbiy xizmatga ketuvchilar maxsus tanlovlardan oʻtkaziladi

14:06 10 Aprel 2019 Jamiyat
370 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Hukumat qarori (291-son, 09.04.2019 y.) bilan Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Mazkur nizom chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarlikka jalb etish va muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun tanlab olish tartibini belgilaydi.

Tanlov chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash, kasbiy tanlov va yakka tartibda suhbat shaklida tuman hokimi qarori bilan tasdiqlanadigan Tanlov kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10 avgustidan chaqiruv yilining 10 fevraligacha oʻtkaziladi.

Tanlovda ishtirok etishda chaqiriluvchilarning soni cheklanmaydi.
Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash quyidagi normativlar boʻyicha oʻtkaziladi:

- turnikda tortilish;
- 100 metrga yugurish;
- 3000 metrga yugurish.

Mazkur normativlarni topshirmagan chaqiriluvchilar kasbiy tanlov tadbirlariga qoʻyilmaydi.

Kasbiy tanlov kompyuterda ishlanadigan 60 ta savollarga javob berish orqali tashkil etiladi.

Savollar maktab, kollej hamda litsey dasturlari doirasida tuziladi hamda savollarni ishlash uchun 1 soat 30 daqiqa vaqt beriladi.

Savol-javoblarning yakuniy bahosi monitorda avtomatik koʻrinadi hamda kasbiy tanlovni takroran topshirishga ruxsat berilmaydi.

Yakka tartibdagi suhbat videokuzatuv kameralari nazoratida Oʻzbekiston tarixi, Amir Temur tuzuklari va boshqa ulugʻ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga doir bilimlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi suhbat yakunida Tanlov kengashi chaqiriluvchini harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarlikka jalb etish yoki muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik boʻyicha qaror qabul qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?