Endi bojxona organlari ham o‘z bayrog‘i va farqlash belgisiga ega bo‘ldi

11:50 09 Avgust 2018 Iqtisodiyot
354 0
Foto: bojxona.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi 630-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrog‘i va farqlash belgisi tasdiqlandi. Shuningdek, ularni tayyorlash, ishlatish, saqlash va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham kuchga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasi bojxona xizmati organlarining bayrog‘i taraqqiyot va barqarorlikni ifoda etuvchi to‘q ko‘k rangli to‘g‘ri burchakli mato ko‘rinishiga ega.

Bayroqning uzunligi – 250 sm., eni – 125 sm. Bayroq markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona organlarining farqlash belgisi tasvirlangan.

Bayroq boshqa o‘lchamlarda bo‘lishi mumkin, ammo hamma hollarda bayroqning eni uning uzunligiga nisbati 1:2 tashkil etishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining farqlash belgisi mustahkamlik, barqarorlik, sobitlik va doimiylikni ifoda etuvchi kumush rangli sakkiz qirrali shakliga ega bo‘lib, uning ichki qismida sakkizburchakdan oq rangli halqa bilan ajratilgan yashil rangdagi doirasimon chiziq bilan o‘ralgan kumush rangli globus tasvirlangan.

Doirasimon chiziqning yuqori qismida oq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI”, pastki qismida “DAVLAT BOJXONA XIZMATI” deb yozilgan. Yozuvlar sakkiz qirrali ikkita yulduz bilan ajratilgan.

Globus va O‘zbekiston Respublikasi xaritasi markazida tasvirlangan Merkuriy tayog‘i O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasining dunyoning barcha davlatlari bilan savdo munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashni anglatadi.

Ta’kidlash joizki, bojxona organlarining bayrog‘i va farqlash belgisi bojxona organlarining rasmiy ramzlaridir.

Bojxona organlari bayrog‘i va farqlash belgisining tasviri o‘quv-tarbiyaviy jarayonda ishlatilishi, bojxona organlari tizimida mukofotlar elementi sifatida foydalanilishi, bojxona organlariga tegishli ekanligini belgilab berilishi maqsadida buyumlarda joylashtirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasida bojxona organlarining bayrog‘i va farqlash belgisining tasviridan peshtaxta, blanka, hisob raqamlari, va boshqa hujjatlarda, e’lonlar va reklamalarda, tovarlar va ularning o‘ramida, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tijorat faoliyatini amalga oshirishda bojxona organlarining nomlariga o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanish ta’qiqlanadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarning belgisi va atributida bojxona organlarining bayrog‘i va farqlash belgisiga o‘xshash elementlarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, bojxona organlari xodimlari bojxona organlari bayrog‘i va farqlash belgisini hurmat qilishlari shartligi ham ushbu hujjatda belgilab qo‘yildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?