Endi boʻlajak kelin-kuyovlar 16 soatlik maxsus kurslarda oʻqishadi

15:06 15 Fevral 2019 Jamiyat
978 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahridagi “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”da oʻquv kurslari boshlandi.

- Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” mustahkam va namunali oilalar koʻpayishiga sezilarli hissa qoʻshishiga shubha yoʻq, deydi mazkur “Nikoh uyi” mudirasi Lola Muratova.- Bu yerda boʻlgʻusi kelin-kuyovlar uchun oilaviy munosabatlarning maʼnaviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, roʻzgʻor va byudjetini yuritish, oiladagi ijtimoiy muhim, nikoh munosabatlari, sogʻlom turmush tarzi, gender masalalari, oilaviy munosabatlarni uygʻunlashtirish va nizolarning oldini olish, muloqot madaniyati, huquqiy munosabatlar, oilani idora etish kabi masalalar yuzasidan mahorat darslari oʻtiladi.Mavjud oʻquv dasturlaridagi maʼlumotlar ilmiy-uslubiy jihatdan, yaʼni milliy qadriyatlar asoslarining zamonning fan va jamiyat taraqqiyoti tendensiyalari bilan, psixologiya va boshqa ijtimoiy-huquqiy sohalardagi yangiliklari – innovatsiyalari bilan uygʻun holda amalga oshiriladi.

Innovatsion maktabda FHDYO boʻlimlariga nikoh uchun ariza topshirganlardan tashqari turmush qurishni rejalashtirayotgan yigit-qizlar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi oʻquvchilari uchun qisqa muddatli axborot sessiyalari ham tashkil etiladi. Qizlar uchun “Oila” markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Oila” mobil ilovasi, kelin-kuyovlarga esa “Mustahkam oilaga yoʻllanma” yon daftarchalari taqdim qilinadi. Shuningdek, masofadan oʻqitish va maslahat berish shakllari ham yoʻlga qoʻyiladi.

Maʼlumot uchun, boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktablari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2018 yil 2 fevraldagi “Xotin –qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2018 yil 27 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida “Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?