Endi bir xonaga 5-6 nafar homilador ayol joylashtirilmaydi

11:01 25 Aprel 2019 Jamiyat
683 0

Ahmadali ShЕRNAZAROV, “Xalq soʻzi”/ Sirdaryo. Sirdaryo viloyati markazida Guliston shahar akusherlik majmuasi foydalanishga topshirildi.

Yangi bino qurilishiga 7 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Maʼlumot uchun aytish lozimki, mazkur tibbiyot muassasaning eski binosida sharoit taqozosi tufayli har bir xonaga 5-6 nafargacha homilador ayollar yotqizilar edi. Endi esa ahvol butunlay oʻzgardi, majmua xonalari 2-3 kishiga moʻljallangan boʻlib, unda barcha qulayliklar yaratildi.

Shuningdek jarrohlik zali ham 3 taga yetkazildi. Ulardan birida ginekologik kasalliklar boʻyicha, qolgan ikkitasida esa tugʻruq jarayonlari bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi. Qolaversa, bu yerda 32 haftalik tugʻiladigan chaqaloqlar uchun jonlantirish boʻlimi ham ish boshlaydi. Majmuaning zaxira elektr tarmogʻiga ham ulangani esa bu borada hech qanday uzilishlar boʻlmasligini taʼminlaydi.

Ayni chogʻda majmuani jihozlash ishlari ham davom etmoqda, - deydi tugʻruqxona boʻlimi mudiri Shahlo Nazarova. - Yaʼni hademay muassasamizga “Salomatlik-3” dasturi asosida eng zamonaviy asbob-uskunalari keltiriladi.

Bugun mazkur tugʻruqxonaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. 85 oʻringa ega yangi binoda 7 nafar vrach va 180 ta hamshira faoliyat koʻrsatadi.

Bino qurilishiga 7 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi. Quruvchi tashkilot: “Guliston madad qurilish” MCHJ.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?