Endi bankomatlarda naqd pulni plastik kartaga oʻtkazish mumkin boʻladi

20:31 12 Fevral 2020 Siyosat
121 0

Arxiv surat

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi eʼlon qilindi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 20-martga qadar normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqiladi. Loyihalarda:

xorijiy mutaxassislar ishtirokida “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini tahlil qilish va unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlash;

“raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini nazoratga olish;

internet-savdo (elektron tijorat) sohasidagi subyektlarni aniqlash tartibini takomillashtirish, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash va toʻlashni hisobga olgan holda soliqqa tortish mexanizmini ishlab chiqish;

“yuk tashish monitoringi” yagona axborot platformasida tijorat transporti sohasini roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va amalga oshirish monitoringi uchun zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish;

“E-ombor” tovarlarini hisobga olishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish, import qilinadigan tovarlar boʻyicha elektron shaklda hisobotlarni tayyorlashni taʼminlash;

import qilingan oziq-ovqatlar, maʼdanli va gazlangan suvlar, tarkibida alkogol boʻlmagan boshqa ichimliklarni majburiy markirovka qilishni bosqichma-bosqich joriy etish;

soliq organlarida markirovka qilish majburiy boʻlgan tovarlarni hisobga olishning elektron bazasini yaratish;

gastrol-konsert faoliyatida elektron bilet tizimini joriy etish;

yakka tartibdagi tadbirkorlar noqonuniy faoliyatini qisqartirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolarning faoliyatini tartibga solishni yana-da takomillashtirish, ularni soliqqa tortish, ish stajini hisobga olish va faoliyat yuritish tartibini soddalashtirish;

“yashirin iqtisodiyot” subyektlarini aniqlash mexanizmini takomillashtirish;

savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish subyektlari tomonidan ishlatilayotgan turli dasturiy mahsulotlarni Davlat soliq qoʻmitasining Maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga integratsiya qilish;

bankomatlar orqali naqd pul mablagʻini bank plastik kartalari yoki bank hisob raqamlariga oʻtkazish imkoniyatini yaratish;

mazkur karta va hisob-raqamlar egalariga amalga oshirilgan operatsiya qiymatining maʼlum miqdorida bonuslar taqdim etish tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Ijro uchun masʼullar — Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat bojxona qoʻmitasi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Savdo-sanoat palatasi, Transport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?