Elning ishonchini oqlagan inson

18:07 27 Avgust 2018 Jamiyat
328 0

Inson hayotning qandaydir bir chigali yoki mushkuli bilan qiynalib turganda, kimdandir bir yaxshilik koʻrsa, bu narsa uning yurak-yuragida qoladiki, butun umr esdan chiqmaydi. Tumanimiz notariusi Karim Qodirov bilan tanishuvimiz ham shunday boʻlgan aslida. Oʻshanda men institutga kirish uchun hujjatlarni yigʻib turgan bir yosh yigit edim. Nimadir boʻldi-yu, hujjatlarimni qabul qilishmadi. Muzrabotga qaytib borib ayrim hujjatlarni notarial tasdiqlashga toʻgʻri keldi. Vaqt juda qisqa edi. Ana shunday vaziyatda Karim aka meni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ishimni tezgina bitirib berdi. Oʻsha yili oʻqishga kirganman.

Hozir yoshim oltmishdan oshgan boʻlsa-da, Karim akaning shu yaxshiligi hech qachon yodimdan chiqmaydi.

Karim Qodirov 1969-1975 yilgacha tuman sudida mudir boʻlib ishlagan. 1980 yilda Toshkent davlat yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1975 yildan boshlab hozirgi kunga qadar Muzrabot tumani notarial idorasining notariusi boʻlib ishlab kelmoqda. Shu odamning ish yuritish hujjatlari asosida bir necha avlod katta boʻldi. Notariusga kimning ishi tushsa, Karim Qodirovning bagʻrikengligi, oʻz ishining ustasi ekaniga yana bir bor guvoh boʻladi.

Qachon u kishining idorasiga bir bosh suqsam, yo kimgadir maslahat berib turgan boʻladi, yo birovning mushkulini oson qilish uchun bosh qotirib oʻtirgan boʻladi. Boʻsh vaqtining oʻzi yoʻq.

“Notarial idoralar tuziladigan bitimlarning qonuniyligini taʻminlaydi, nizoli holatlar yuzaga kelishini oldini olish uchun tomonlarni huquqiy himoya qiladi. Ishimizning masʻuliyati juda ham yuqori. Shuning uchun har bir hujjatni juda sinchiklab oʻrganishga, ishimni bexato qilishga harakat qilaman. Baʻzan insonlar tuzilgan shartnomalarni oʻqimasdan turib ishini tez bitirishga harakat qiladi. Oʻzbekchiligimizga borib har doim shoshamiz. Hujjat asosida ulardan bir narsa talab qilinsa, darrov yugurib kelishadi. Shunday paytlarda men erinmasdan har ikkala tomonga hujjatni oʻqib eshittirib, shartnoma yoki kelishuv boʻladimi, undan kelib chiqadigan oqibatlar bilan tanishtirishga harakat qilaman. Ishimning eng masʻuliyatli va muhim tomoni ham shunda” deydi Karim Qodirov.

K.Qodirov xizmatlari uchun bir necha marta Adliya vazirligi tomonidan taqdirlangan. 2006 yilda “Shuhrat” medali, 2017 yilda Konstitutsiyamizning 25 yilligi koʻkrak nishoni sohibiga aylangan.

U inson sifatida, oila boshligʻi sifatida ham havas qilsa arzigulik inson. 4 qiz, 2 oʻgʻilni voyaga yetkazdi, uyli-joyli, kasbu korli qildi. Farzandlari el xizmatidagi insonlar. Karim aka singari insonlarning taqdiri yoshlarga ibrat boʻlsa arziydi.

Ravshan Omonturdiyev,
Muzrabot tumani “Shaffof” mahallasi faoli,

mehnat faxriysi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?