Elmurod ISLOMOV: “Sirdaryolik Muxlisa Turabova bir yoʻla uchta childirma chalgan ilk doirachi qiz boʻldi”

17:22 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
233 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi oʻquvchisi Muxlisa Turabova tugʻilgan kunidan bir kun oldin “Nihol” davlat mukofotiga loyiq deb topildi. Bir kun keyin esa “Oʻzbekiston” Anjumanlar saroyida Mustaqilligimizning 28 yilligiga bagʻishlangan tantanada mashhur doirachi sozanda Elmurod Islomov bilan birga katta sahnaga chiqish baxtiga muyassar boʻldi.

“Rosti, Muxlisani hali hamma erkak doirachilariga ham nasib etmagan sanʼatkorona epchillik- bir yoʻla uchta childirmani chala olish darajasiga yetganiga qoyil qoldim. Va shubhasiz, u bu borada oʻzbek doirachi qizlari orasida birinchi boʻldi.Yana markazdan uzoqda, chekka hududda tugʻilgan qizimizning ushbu cholgʻumiz usullarini yaxshi oʻzlashtirganidan ham hayratlandim” deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Elmurod Islomov. Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, Elmurod Islomov bir ijroda beshta doira chalish, childirmani sahna boʻylab yoy shaklida gʻildiratib yuborgan holda oʻziga qaytarish mahoratiga ega usta sanʼatkordir.

Muxlisa Turabova musiqadan dastlabki saboqlarni Sayxunobod tumanidagi musiqa va sanʼat maktabida olgan.Oʻn yoshida “Zarb -2012” tanlovida yakka ijrochilik boʻyicha birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.

“ Eng ulugʻ, eng aziz bayramimizning bosh sahnasiga chiqqan kunim -oʻttiz birinchi avgust hayotimdagi eng unutilmas kun boʻldi.Boshqacha aytganda, endi bu sana ham men uchun tugʻilgan kunimdek aziz boʻlib qoladi. Buning uchun biz yoshlar isteʼdodini qoʻllab –quvvatlashga doimiy yuksak eʼtibor qaratayotgan Prezidentimizga, barcha ustozlarimga va albatta, doira cholgʻusi boʻyicha mahorat sirlarini oʻrgatayotgan oʻqituvchim - ustozim Oybek Mamatqulovga cheksiz minnatdorligimni bildiraman ”deydi Muxlisa Turabova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?