Ellik yillik muammoga yechim topildi

17:17 02 Fevral 2019 Jamiyat
518 0

Illyustrativ foto

Husanboy Orifjonov Izboskan tumanidagi Anorzor mahallasida yashaydi.

— Izboskan bilan Paxta­obod tumanlarini bogʻlab turuvchi Tentaksoy daryosining koʻp­rigini sel yuvib ketga­niga 50 yil boʻldi, — deydi 72 yoshli Husanboy Orifjonov. — Sobiq ittifoq davrida murojaat qilmagan joyimiz qolmagan. Yana 25 yil idorama-idora yurganmiz. Umidimiz soʻnib bo­rayotganida Prezidentning Xalq qabulxonasiga murojaat qilgandik, holimizdan xabar oladiganlar topila qoldi.

Koʻprik qurilishi uchun 5 milliard 394 million soʻm mablagʻ ajratildi. Tez kunlarda ikki tumanni oʻzaro bogʻlab turuvchi koʻprik taʼmirlanib, 50 yillik muammo bartaraf etiladi.

Tillaxon Ahmadjonova Asaka tumanining Xonaqa mahallasida yashaydi. U Xalq qabulxonasiga uy-joyga muhtojligini aytib, murojaat qilgandi. Homiylar koʻmagida qurib berilgan yangi uy Tillaxon uchun haqiqiy baxt oshyoniga aylandi. Shu tumanning Gumbaz, Qoraqiy mahallalarida yashovchi Lobarxon Mirzayeva, Jannatxon Ahmedovaning uyi taʼmirlanib, hamma sharoitlar yaratib berildi. Bu kabi quvonchga yana 20 nafar murojaatchi sherik boʻldi.

Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Best tekstil” toʻqimachilik korxonasining bir guruh ishchilari Xalq qabulxonasiga 2,5 oydan buyon oylik maosh olmayotganligini aytib, murojaat qilishgan edi. 250 nafar ishchining
80 million soʻmlik ish haqi undirib berildi.

Prezidentning Andijon viloyatidagi Xalq qabulxonasiga 2018 yil davomida bu kabi murojaatlardan 25 ming 528 ta kelib tushdi. Ularning 78 foizi qanoatlantirildi. Qolgan qismi hal etish uchun hududiy tashkilotlarga yuborilgan. Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, bu masalaga ham panja orasidan qarovchilar yoʻq emas. Shu bois mutasaddi idoralarning 115 nafar vakiliga nisbatan chora koʻrish maqsadida taklif va taqdimnomalar chiqarildi.Oqibatda 12 nafar mutasaddiga nisbatan maʼmuriy, 103 nafariga esa intizomiy javobgarlik tayinlandi.

Xalq ichiga kirib borish, kamchiliklarni oʻrganish, ­muammoni bartaraf etish ­orqali fuqarolarning ishonchini qozonish maqsadida Xalq qabulxonasi tomonidan 1 539 marta sayyor qabul ­oʻtkazildi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?