Elis Uells: Shavkat Mirziyoyevning tashrifi kutilganidan ham ziyoda bo‘ldi

15:43 31 May 2018 Siyosat
959 0

AQSH Davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari Elis Uells Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan navbatdagi matbuot brifingida shular haqida yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

“Bizning fikrimizcha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki hafta oldin Vashingtonga amalga oshirgan davlat tashrifi tom ma’noda tarixiy va yangi imkoniyatlarni ochib berdi”, - dedi u.

Uning aytishicha, mazkur tashrif AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikda yangi davrni, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekistonni dunyo arenasiga qaytishini anglatadi.

“Ushbu safar O‘zbekistonning nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki Markaziy Osiyo, qolaversa, Afg‘oniston va butun dunyodagi aloqalarni mustahkamlashdagi beqiyos salohiyatini namoyon etdi deb o‘ylayman. Fikrimcha, Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini ilgari surish uchun qabul qilayotgan tarixiy qadamlari ushbu tashrifning pozitiv xarakterini shakllantirib berdi”, - dedi AQSH Davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari.

Elis Uells Prezident Tramp, AQSH hukumati rahbarlari, qolaversa, Davlat kotibi, Mudofaa vaziri va Kongress a’zolari bilan uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston siyosiy mahbuslarni ozod qilish, din erkinligini kengaytirish, majburiy mehnatni qisqartirish, fuqarolik jamiyati va fuqarolarning hukumatga chiqish imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha sezilarli o‘sishga erishgani ta’kidlanib, yuqori baholanganiga urg‘u berdi.

“Tashrif davomida ko‘plab yo‘nalishlarda o‘sishga erishildi. Birinchisi O‘zbekiston bilan birgalikda islohotlar dasturini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlar: O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha ko‘p sonli guruhlar vakillarini qaytib kelib, akkreditatsiya bilan o‘z vakolatxonasini ochishni taklif qildi, “Amerika ovozi”, “Uzbek Language Service” shular jumlasidandir. Prezident Shavkat Mirziyoyev din erkinligiga ko‘mak berish bo‘yicha muloqot o‘tkazishga qiziqish bildirdi”, - dedi u.

Yuqori martabali diplomat o‘zaro imzolangan ko‘p sonli bitimlar orasida FQB bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida erishilgan kelishuvga to‘xtalib o‘tdi. Unda sud va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va xavfsizlik sektorini isloh etish bo‘yicha hamkorlik nazarda tutilgan.

“Biz Toshkent shahrida 2018 yilda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo savdo forumini qo‘llab-quvvatlamoqchimiiz. Bizda O‘zbekiston energetika sanoatini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, Savdo vazirligidan O‘zbekistonga Amerika kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha ishbilarmonlik uyushmalaringiz bilan ishlashda qo‘l keladigan dasturlarni olish imkoniyati mavjud”, - dedi siyosatchi.

U O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha sa’y-harakatlariga yuqori baho berib, bu intellektual mulk huquqini kengaytirishiga xizmat qilishi, bundan mazkur mamlakatga investitsiya kiritishni istayotgan amerikalik ishbilarmonlar ham manfaatdor ekanligini qayd etdi.

Elis Uells Prezident Tramp va Davlat kotibi Pompeo O‘zbekiston rahbarining yaxshi qo‘shnichilik siyosati, mamlakatni Markaziy Osiyo mintaqasi va butun dunyo jamoatchiligiga ochib berganini alohida olqishlagani haqida aytib o‘tdi. Bu borada Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalalariga bag‘ishlab Toshkentda bo‘lib o‘tgan va o‘zi ishtirok etgan nufuzli xalqaro konferensiya muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.

Siyosatchi, o‘z navbatida, ikki davlat fuqarolari, jumladan, talabalar, tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirish o‘zaro hamkorlikda muhim ahamiyat kasb etishini gapirib berdi:

“Menga ikkita bitimni imzolash juda yoqimli bo‘ldi: ulardan biri talabalar almashinuvi va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlik qilishga ko‘maklashsa, ikkinchisi O‘zbekistonda talabalar, jurnalistlar, mutaxassislarga ingliz tilini o‘qitish, o‘qituvchilar tayyorlash, fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni yengillashtiruvchi boshqa imkoniyatlarni qamrab olgan dasturlarni moliyalashtirishdir ”.

“Xulosa o‘rnida aytishni istardimki, Shavkat Mirziyoyevning tashrifi kutilganidan ham ziyoda bo‘ldi. Prezident delegatsiyasi ketganidan ikki hafta o‘tar-o‘tmas davlatlarimiz rahbarlari muhokama qilgan istiqbolli maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ustida ish olib bormoqdamiz. Biz strategik sheriklik uchun yangi paradigmani tez sur’atlarda yaratishga umid qilamiz”, - dedi u.

U, shuningdek, jurnalistlar bergan savollardan kelib chiqib ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik haqida ham fikr bildirdi:

“O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlik doirasida unga oxirgi besh-olti yil ichida chegaralar xavfsizligini mustahkamlash va narkotiklarning noqonuniy aylanishi hamda terrorizmga qarshi kurashish salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator mudofaa mahsulotlari yetkazib berdik”. Uning so‘zlariga ko‘ra, minaga qarshi himoyalangan avtotransport vositalari, patrul katerlari, ularning ehtiyot qismlari shular jumlasidandir.

Ellis Uells ISHID terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liq xavf-xatarlarga ham munosabat bildirdi:

“AQSH ISHIDning Suriyada ham, Iroqda ham, shu jumladan, Afg‘onistonda ham butunlay tor-mor etilishining tarafdoridir. Shubhasiz, terrorchi jangarilarning mintaqaga qaytib kelmasligi va uni beqaror qilmasligini ta’minlash sohasi AQSH va O‘zbekistonning o‘zaro manfaatlarini ham ifodalaydi. Biz Markaziy Osiyo chegaralari xavfsizligini ta’minlash uchun 90 million dollar mablag‘ yo‘naltirdik va 200 dan ortiq o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdik, xorijiy jangarilarni qaytib kelishidan muhofazalanishni ta’minlash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari sa’y-harakatlarini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2600 dan ziyod chegarachi tayyorlab berdik”.

U “S5” formatida rahbarlar va ekspertlar terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish masalasida juda foydali muloqot yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi va shunday dedi:

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur mavzuni muhokama qilish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarini birgalikda yig‘ishi, jumladan, o‘tgan yil noyabr oyida xavfsizlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan konferensiyani ham hisobga olgan holda, katta ahamiyat kasb etdi”.

O‘z navbatida diplomat O‘zbekistonda jurnalistlar, diniy mahbuslarning ozod etilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar xalqaro dunyo jamoatchiligi, xususan AQSHda, xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari orasida ijobiy kutib olingani, yuqori baholanganini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?