Elis Uells: “Biz Oʻzbekistonning yomon nom chiqargan “Jasliq” qamoqxonasini yopish toʻgʻrisidagi eʼlonini qoʻllab-quvvatlaymiz”

19:37 18 Avgust 2019 Jamiyat
241 0

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻistondagi “Jasliq” koloniyasi yopilishi yuzasidan qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar munosabati boʻyicha sharh eʼlon qilindi.

Unda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Jasliq” 19-son ixtisoslashtirilgan koloniyasini tugatish toʻgʻrisidagi qaroriga qator davlatlar va xalqaro tashkilotlarning tezkor munosabati Oʻzbekistonda eʼtirof etilayotganiga toʻxtalib oʻtilgan. Kelib tushgan maʼlumotlarga koʻra qator xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari, siyosiy doiralarning rasmiy vakillari, OAV mazkur hujjatning inson huquqlarini himoya qilishda va uning qadr-qimmatini hurmat qilishdagi ahamiyatini taʼkidlamoqda.

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells oʻzining Tvitterdagi akkauntida quyidagilarni yozib qoldirdi: “Biz Oʻzbekistonning yomon nom chiqargan “Jasliq” qamoqxonasini yopish toʻgʻrisidagi eʼlonini qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻzbekistonda inson huquqlarini yaxshilash uchun hali oldinda koʻp ishlar turibdi, biroq ushbu zulm maskanining tugatilishi islohotlar yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi”.

AQSH Davlat departamentining Inson huquqlari, demokratiya va mehnat byurosi quyidagicha munosabat bildirdi: “Biz “Jasliq” qamoqxonasini yopish toʻgʻrisida eʼlon qilgani uchun Oʻzbekistondan minnatdormiz. Inson huquqlari jamiyatlari bu toʻgʻrisida deyarli soʻnggi 20 yil davomida soʻrab kelayotgan edi”.

BMTning Oʻzbekistondagi koordinatori Helena Freyzer ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarorini qoʻllab-quvvatladi: “Mazkur jarayon doirasida BMT inson huquqlari tamoyillari va BMTning jinoyatchilikning oldini olish va odil sudlov sohasidagi standartlar va normalardan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonga oʻzining penitensiar tizimini isloh qilishda va qamoqqa olish bilan bogliq boʻlmagan sanksiyalar va choralarni qoʻllashda bundan keyin koʻmaklashishga tayyor”.

Yevropa Ittifoqining “Jasliq” jazoni oʻtash koloniyasi yopilishi boʻyicha bayonotida quyidagilar qayd etilgan: “2017-2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida koʻrsatilganidek, huquq ustuvorligi va inson huquqlariga amal qilinishi Oʻzbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini jadallashtirishning uzviy sharti hisoblanadi. Ham xorijiy, ham ichki iqtisodiy operatorlarning olib borilayotgan islohotlarga ishonchi va ularning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga tayyorligi darajasi mazkur sohadagi doimiy oʻsishga bogʻliq. YEI munosabatlarimizni kelajakda yangi darajaga koʻtaruvchi voqealarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor”.

Oʻzbekiston davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan mamlakat hayotining barcha jabhalaridagi oʻzgarishlarning asosiy qismi hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi izchil islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini va qoʻllab-quvvatlanishi yuqori baholaydi va mazkur yoʻnalishda xalqaro, hukumat va nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini tasdiqlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?