Yelena Isinbayeva: “Bugun Olimpiadani yutsang, ertaga yulduz emassan, chunki sening muvaffaqiyating kechagi kunda qoldi”

16:20 04 Mart 2019 Sport
472 0

Yelena Isinbayeva: “Bugun Olimpiadani yutsang, ertaga yulduz emassan, chunki sening muvaffaqiyating kechagi kunda qoldi”Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida Yelena Isinbayeva ishtirokida matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda MOQ mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari ham ishtirok etdilar, deb xabar berdi qoʻmita matbuot xizmati.

Yelena Isinbayeva 2 mart kuni Toshkentga yetib keldi. Taniqli sportchi “Nafosat-2019” ayollar spartakiadasining taqdirlash marosimiga faxriy mehmon sifatida taklif qilingan. Bundan tashqari Isinbayeva Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi. U yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishib, sportga hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotgani va olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, 2002-2003 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyo xalqaro turnirining qator gʻolib va sovrindorlarini oʻzi taqdirladi.

Oʻzbekistonga birinchi tashrif

“Oʻzbekiston oʻzining mehmondoʻstligi va ochiq koʻngilliligi bilan mening mehrimni qozondi. Biz Toshkentda kam muddat boʻlyapmiz. Yaqin orada yana tashrif buyurib, madaniy va tarixiy yodgorliklarga boy boʻlgan Respublikaning boshqa hududlarida ham boʻlishni istardim. Sizlarni katta kelajak kutmoqda va 2030 yilgi Osiyo oʻyinlarida mezbonlikni qoʻlga kiritishingizni chin dildan istab qolaman”.

Yelena Isinbayeva va murabbiylik faoliyati

“Murabbiylikka xohish bor, ammo bu katta mashaqqat talab qiladi. Bunday ishlashga hali tayyor emasman. Murabbiylik faoliyati muvaffaqiyatli chiqishi uchun koʻp narsani qurbon qilish kerak. Shundoq ham sportga bogʻlanganman, shularning oʻzi yetadi hozircha. Lekin mahoratimni shunday qolib ketishini istamayman. Vaqti kelib, kelajak avlodga oʻz bilimlarimni oʻrgataman”.

Qattiqqoʻllik kerakmi yoxud yosh avlodga maslahatlar

“Sportda boʻshashishmaslik kerak. Bugun Olimpiadani yutsang, ertaga yulduz emassan, chunki sening muvaffaqiyating kechagi kunda qoldi. Boʻshashmang, dangasalik qilmang, mehnat qiling, shunda sizga omad kulib boqadi. Shaxsan oʻzim sportdagi yutuqlarim uchun koʻp narsalarni qurbon qilganman. Buni sport deb qoʻyishibdi. Natijaga erishmoqchi boʻlsangiz, baʼzi narsalardan voz kechish kerak”.

28 jahon rekordi orasidan eng esda qolarlisi

“Bu rekordlarning barchasi belgilangan talablar asosida erishilgan. Eng esda qolarlisi birinchi rekordim. Britaniyadagi Gran-prida 4.82 metr natija qayd etganman. Nega buni koʻproq eslayman, chunki oʻshanda musobaqaning eng oxirgi chiqishi boʻlgan. Televizion kameralarning koʻpi oʻchirilgan, muxlislar esa sekin-asta oʻz joylarini tark etayotgandi. Men hech kim ishonmayotgan shunday payt jahon rekordini yangilaganman”.

Sir ochilmadi

“Sakrashga oʻzimni qanday tayyorlashim borasidagi sirni aytolmayman. Kelajakda oʻz farzandlarimga bu sirlarni oʻrgatishni niyat qilganman”.

Shundan soʻng Milliy olimpiya qoʻmitasining muzeyida Olimpiya oʻyinlarida shohsupaga koʻtarilgan sportchilarimiz bilan tanishib, faxriy mehmonlar kitobiga oʻz dil-izhorlarini bitib qoʻydi.

Mehmonimiz bugun Toshkentni tark etadi. Milliy Olimpiya qoʻmitasi bundan keyin ham sport targʻiboti yoʻlida Yelena Isinbayeva kabi koʻplab afsonaviy sportchilar bilan uchrashuvlar, mahorat darslari va matbuot-anjumanlarini tashkil qilishni rejalashtirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?