Elektrotexnika sanoatida uch yilda 71 loyiha amalga oshiriladi

16:07 13 Iyun 2019 Jamiyat
217 0

Elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, Oʻzbekistonda 2019–2021-yillarda 71 loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun 558,9 million AQSH dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan.

Bu haqda Prezidentimizning 2019-yil 30-maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan brifingda maʼlum qilindi.

Anjumanda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan masala — 2019-yil 1-iyuldan boshlab elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qoʻllanilishiga izoh berildi.

— Biz bu borada xorij tajribasini oʻrgandik, — deydi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Alisher Abdullayev. — Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy kabi mamlakatlarning davlat xaridlari boʻyicha hujjatlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 15-20 foiz narx preferensiyasi berilgan. Fakt shuki, hamma davlat oʻz ishlab chiqaruvchisini himoya qiladi. Nafaqat ichki bozorda, balki eksportda ham. Hatto, sanoati rivojlangan Rossiyada eksportchilarning logistika xarajatining muayyan qismi qoplab berilmoqda. Agar biz ham shu yoʻldan bormasak, isteʼmolchilar nari borsa arzon va sifatsiz mahsulotlar evaziga ikki-uch yil maza qilishi, yutishi mumkin, lekin sanoat jiddiy zarar koʻradi. Milliy boyliklarimiz chetga chiqib ketib, xorij kompaniyalari gullab-yashnashi, yangi ish oʻrinlari yaratishiga moliyaviy asos boʻladi.

Brifingda xalqaro standartlarni qabul qilish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, eksport hajmini koʻpaytirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, ulardan kutilayotgan samaralar haqida ham maʼlumot berildi.

Said RAHMONOV “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?