Elektrotexnika sanoatida 71 ta loyiha amalga oshiriladi

17:05 01 Iyun 2019 Iqtisodiyot
367 0

Illyustrativ foto

Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Unga muvofiq, endilikda energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Qaror bilan, 2019–2020-yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

“Yoʻl xaritasi” doirasida, elektrotexnika tarmogʻida misni qayta ishlash quyidagi miqdorlarga yetkaziladi:

2019-yilda – 44 ming tonnagacha;

2020-yilda – 49 ming tonnagacha;

2021-yilda – 55 ming tonnagacha.

Qarorga muvofiq, 2019–2021-yillarda elektrotexnika sanoatida 71 ta loyiha amalga oshiriladi va mazkur loyihalar uchun 558 mlrd 947 mln dollar sarflanadi.

Qarorga koʻra, 2019-yil 1-iyuldan:

elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qoʻllaniladi;

byudjet hisobidan quriladigan obyektlar uchun respublikada ishlab chiqariladigan elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi;

elektrotexnika korxonalarining eksport boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning muddati 180 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 120 kun);

elektrotexnika korxonalarining oʻz ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari boʻyicha toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 180 kun);

elektrotexnika mahsulotlari uchun kreditlarning 1 mln dollardan oshmagan qismining foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, lekin kredit stavkasining 5 foizlik punktidan oshmagan miqdorda ikki yil qoplanadi.

Qaror bilan 2019–2021-yillarda mahalliylashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar tasdiqlandi.

Blender, mikser, elektr sharbat chiqargich, elektr goʻsht qiymalagich, soch quritgich, kompyuter va noutbuklar shular jumlasidandir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?