Elektrotexnika sanoati: Tashqi bozordan mustahkam joy egallash oson emas

13:19 21 Iyun 2018 Iqtisodiyot
268 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Hayot haqiqatlari taqqosda aslini ko‘rsatadi. Yutuq ham, kamchiliklar ham. Shu ma’noda, sanoatimizning nisbatan yosh tarmog‘i — elektrotexnikaning kechagi va bugungi holatiga xolisona nazar tashlasak, mazkur jabhadagi haqiqiy ahvol ko‘z o‘ngimizda ro‘yirost gavdalanadi.

“Ana televizor-u, mana kir yuvadigan mashina...”
Yaqin o‘tmishimizdagi maishiy hayot haqida gap ketganda, barchamiz sevib tomosha qiladigan “Mahallada duv-duv gap” filmidagi onaxonlarning “syurpriz”ga oydinlik kiritish sahnasini eslaymiz. Qahramonlardan biri uni televizorga yo‘ysa, boshqasi “balki kir yuvadigan mashinadir”, deydi…

Ochig‘i, ilgari odamlarning bunday texnika buyumlariga yetishishi katta voqelik edi. Qishloqlarda esa bu baxtga atigi bir, nari borsa, ikkita oila muyassar bo‘lgan, xolos. Bugun-chi? Har bir xonadonda 2-3 tadan televizor bor.

Statistika ma’lumotlari ham keyingi yillarda yurtdoshlarimizning shaxsiy kompyuter, konditsioner, gaz va elektr plitalari, changyutkich, muzlatkich, kir yuvish mashinasi singari maishiy texnikalar bilan ta’minlanganlik darajasi o‘sib borayotganini tasdiqlaydi. Uzoq muddat foydalaniladigan ushbu tovarlarga bo‘lgan ehtiyojning salmoqli qismi o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar evaziga qondirilayotgani esa sanoatdagi rivojlanishdan darak beradi, albatta.

Global inqiroz ham ta’sir qilmadi
Bilasizmi, so‘nggi o‘n yillikda dunyo elektrotexnika sanoatida yuqori o‘sish sur’ati ta’minlanib, sohaga kiritilgan sarmoyaning rentabelligi boshqa tarmoqlardagiga nisbatan uch-to‘rt marta ko‘proqni tashkil etdi. U hatto jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan deyarli talafotlarsiz chiqib, qo‘shimcha qiymatga ega innovatsion mahsulotlar yetkazib berishda yetakchi o‘ringa ko‘tarilib olganiga nima deysiz?!

Ekspertlar soha raqobatdoshligini ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalar tatbiq qilinib, bozor talablariga mos mahsulotlar taklif etilayotgani, ular tobora takomillashtirib borilayotgani bilan izohlashmoqda. Shu bois odamlarga qo‘shimcha qulaylik hamda yengilliklar hadya qilayotgan bunday vositalarga bo‘lgan talab kun sayin ortyapti.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Darhaqiqat, yigirma birinchi yuz yillikda maishiy texnika buyumlariga shunchalik bog‘lanib qoldikki, ularsiz kundalik hayotimizni tasavvur etish mushkul. Masalan, kompyutersiz ish faoliyatimiz taqa-taq to‘xtaydi, mobil aloqa vositasi bo‘lmasa, o‘zingizni dunyodan uzilib qolgandek his qilasiz...

Shu bois yurtimizda iqtisodiyotning mazkur tarmog‘i ravnaqiga ustuvor ahamiyat qaratilib, avvalo, uning tashkiliy-huquqiy asosi yaratildiki, pirovardida elektrotexnika istiqlol yillarida sanoatning alohida tarmog‘i sifatida shakllandi.

Xaridorgir mahsulot tayyorlashning siri
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, bugungi kunda tizimda 70 ga yaqin korxonalar faoliyat ko‘rsatyapti. Ular ichki bozorni kabel va sim, elektrotexnika hamda maishiy texnika mahsulotlari bilan to‘ldirish barobarida, tashqi bozordan ham mustahkam joy egallamoqda.

Chindan ham, bugun bozorlarimizda ushbu turdagi mahsulotlar serob. Ayniqsa, tizim korxonalari tomonidan 2 ming xildagi kabel-sim, 50 dan ziyod turdagi elektrotexnika, 30 dan ortiq maishiy texnika mahsulotlari tayyorlash o‘zlashtirilgani tufayli import tobora qisqarmoqda. Tabiiyki, bu oxirgi besh yilda tizimda ishlab chiqarish hajmi 3,3 barobar oshgani tufaylidir. Eksport-chi?

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

O‘tgan yilning o‘zida 189 million AQSH dollarilik mahsulotlar eksport qilindi. Mazkur ko‘rsatkich 2016 yildagiga nisbatan 1,5 barobar, 2017 yil uchun belgilangan rejadagiga qaraganda esa qariyb 50 million dollarga ko‘pdir.

Soha mutasaddilarining tan olishicha, yuqori texnologiyaga asoslangan bu tarmoqda hali ko‘p tajribaga ega emasmiz. Ammo “Samsung”, “LG”, “Shivaki”, “Haier”, “Midea”, “Candy”, “Motorola” singari jahonga mashhur kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, texnik hamda texnologik jihatdan modernizatsiyalash tadbirlari izchil davom ettirilayotgani muvaffaqiyatlar garovi bo‘lmoqda. Natijada milliy mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatga kirisha olyapti. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan elektrotexnika buyumlari Armaniston, Afg‘oniston, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya kabi o‘ndan ziyod davlatlarga yetkazib berilayotir.

Eksport ko‘rsatkichidan ko‘ngil to‘ladimi?
Bugungi natijalarni tahlil qilsak, hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi oydinlashadi. Ayniqsa, eksport borasida. Bu haqda to‘xtalganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aynan eksport-import borasida aytilgan fikrlar yodga tushadi.

Gap shundaki, davlatimiz rahbari o‘tgan bir yarim yil mobaynida eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy choralar natijasida eksport hajmi oshgan bo‘lsa-da, erishilgan bugungi natijalar mavjud imkoniyat hamda salohiyatga nisbatan ancha pastligini qayd etdi. Nazarimizda, ushbu haqli e’tiroz “O‘zeltexsanoat”ga ham tegishli. Nega deganda, eksport tarkibida hamon kabel-sim mahsulotlari ulushining yuqoriligi saqlanib turibdi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

— To‘g‘ri, bugungi kunda tayyorlanayotgan kabel va sim mahsulotlarining 60 foizidan ortig‘i eksportga yo‘naltirilgan, — deydi “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi Alisher Abdullayev. — Bir jihatdan, bu — yaxshi ko‘rsatkich. Ammo eksportda boshqa mahsulotlar hissasining kamligi uni diversifikatsiya qilishni taqozo etadi. Shu bois xaridorgir mahsulotlar turini ko‘paytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish ustida izlanyapmiz. Shu maqsadda bir guruh mutaxassislarimiz yaqinda Belarus, Misr, Rossiyada muzokaralar olib borishdi. Buning samarasi ham tez orada seziladi.

Kompaniya rahbarining aytishicha, eksport ko‘rsatkichlariga logistika xizmatining qimmatligi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois hozirgi paytda nisbatan yaqin bozorlarni o‘zlashtirishga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Buning natijasida qo‘shni davlatlar, xususan, Tojikistonga eksport hajmi 2 barobar oshdi. Bu yil esa mazkur ko‘rsatkich 3 barobar ortishi kutilyapti.

Jahonga mashhur brendlar — yurtimizda
Hozirgi kuchli raqobat sharoitida tashqi bozordan mustahkam joy egallash oson emas. Ayniqsa, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar. Shunday bo‘lsa-da, yurtimiz ishbilarmonlari eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar tufayli baholi qudrat buning uddasidan chiqishmoqda. Ular tomonidan taklif etilayotgan maishiy texnika buyumlari jahonga mashhur brendlar qatorida sotilmoqda. Bu esa chet ellik investorlarning iqtisodiyotimizga bo‘lgan qiziqishi ortishiga turtki bo‘lyapti. Shuning uchun endilikda O‘zbekistonda jahonga mashhur brendlar ostida yangi mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bunday istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining xorijiy davlatlarga safarlari davomida erishilgan kelishuvlar muhim omil bo‘lyapti.

Darhaqiqat, o‘tgan yili Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida “O‘zeltexsanoat” kompaniyasi bilan Xitoyning “Haier Group” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Unga ko‘ra, “Haitech” brendi ostida zamonaviy televizorlar ishlab chiqarilsa, kompaniya tarkibidagi “O‘zelektroapparat-Elektroshchit” AJda “Hytera Communications Corporation Limited” kompaniyasi ko‘magida yiliga 20 mingta radioaloqa vositasi ishlab chiqarish quvvati yaratilishi mo‘ljallanmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Xuddi shuningdek, davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida “Kiturami” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuv allaqachon amaliyotga ko‘chgani diqqatga sazovor. Mazkur loyiha asosida “Artel” kompaniyasi tomonidan joriy yilning may oyida yiliga 100 mingta suvisitkich ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Janubiy Koreyaning yana bir kompaniyasi — “Dongho Cosmo” bilan birgalikda elektr, gaz, sovuq va issiq suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishni tashkil etish ustida muzokaralar olib borilayotir.

Aytish joizki, elektrotexnika sanoatida hamkorlik O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Buni Prezidentimizning 2017 yil oktyabr oyida Turkiyaga tashrifi doirasida “O‘zeltexsanoat” AK tomonidan “Femas Metal Sanayi” kompaniyasi bilan gazplita hamda “Odul Madeni” kompaniyasi bilan elektr duxovkalar va gazplitalar ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolangani misolida ham ko‘rish mumkin. Umumiy qiymati 12 million AQSH dollariga teng mazkur loyihalar ijrosiga kirishilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar hamkorlar tomonidan texnologik uskunalar olib kelib bo‘lindi. Yangi quvvatlar ishga tushirilishi bilan 150 ta ish joyi yaratilib, ichki hamda tashqi bozorga yangi mahsulotlar yetkazib berila boshlanadi.

Har bir oila ehtiyoji e’tiborda
Elektrotexnika sanoatining rivoji ko‘p jihatdan aholi turmush darajasi, iqtisodiy ahvoliga bog‘liq. Chunki zamonaviy texnologiyali sanoat mahsulotlarini xarid qobiliyati yuqori oilalar sotib olish imkoniyatiga ega. Shu ma’noda, hali oldinda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Har bir oilani elektrotexnika mahsulotlari, ayniqsa, arzon maishiy texnika vositalari bilan to‘liq ta’minlashga erishish sanoatning ushbu jabhasi oldida turgan eng ustuvor vazifa hisoblanadi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 fevraldagi “2017 — 2021 yillarda elektrotexnika sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish, jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shu kabi istiqbolli loyihalar ijrosiga keng yo‘l ochmoqda. Mazkur hujjatda ichki hamda tashqi bozor talabi chuqur o‘rganilgan holda, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgan.

Shundan kelib chiqib, 2021 yilgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida umumiy qiymati 731,2 milliard so‘mlik 43 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida, jumladan, Qoraqalpog‘istonda zamonaviy televizorlar, elektr shkaf, elektr suvisitkichlar, isitish qozonlari hamda metall radiatorlar, yarimavtomat kir yuvish mashinalari va changyutkichlar ishlab chiqarilsa, Samarqandda konditsioner, gazplitalar, elektr pechlar hamda yarimavtomat kir yuvish mashinalari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda elektrotexnika sanoati sekin-asta rivojlanmoqda. Ammo bu xotirjamlikka asos bo‘lmasligi kerak. Sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiyalash, mahalliy xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asnosida zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish iqtisodiyotimiz raqobatdoshligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?