Elektr energiyasi ta’minotidagi cheklovlarga chek qo‘yildi. Aholini yillar davomida qiynab kelgan ushbu og‘riqli masala qanday hal etildi?

10:54 23 Iyul 2018 Jamiyat
1896 1

“Bugungi kunda aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko‘plab e’tirozlar mavjud ekanini ochiq tan olish kerak. Buning sababi shundaki, mamlakatimiz bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlamoqda. Kuz/qish mavsumida ularni almashtirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar esa masalani tubdan hal etayotgani yo‘q...

Besh yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyalarini almashtirish nazarda tutilgan”.

Prezidentimiz Shavkat MIRZIYOYEVning Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdidagi ma’ruzasidan.

Yaqin orada qishloqqa yo‘lingiz tushdimi? Agar shahar shovqin-suronlaridan sal olislagan bo‘lsangiz, chekka hududlarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganingiz aniq. Chunki oxirgi yillarda odamlarni qiynayotgan muammolar sekin-asta yechimini topib, yurtimizning uzoq manzillarida ham hayot jonlana boshladi.

Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ustuvor vazifalar samarasi yaqin besh yilda emas, balki dastlabki 1-2 yil ichida o‘z natijasini berayotganidan yaqqol dalolatdir. Buni birgina energetika tizimidagi o‘nglanish misolida ham ko‘rish mumkin.

Shubhasiz, qishloq aholisini eng ko‘p o‘ylantirayotgan masala, bu — elektr energiyasi ta’minotidagi beqarorlik, paydar-pay uzilishlar edi. Agar o‘sha kezlar Mo‘ynoq, Tomdi yoki Chiroqchining chekka qishlog‘iga tunda mehmon kelsa bormi, o‘zini xuddi o‘tgan asr boshlariga tushib qolgandek his qilishi begumon. Boisi moychiroqlarning miltillab turgan shu’lasidangina bu yer aholi yashash punkti ekanligini anglash mumkin edi.

Hali to‘liq gazlashtirilmagan, ichimlik suvi ta’minoti bilan yetarlicha qamrab olinmagan joylarda atigi 5-6 soat elektr toki berilishi qishloq aholisining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgandi. Ana shunday og‘ir bir paytda davlatimiz rahbari tomonidan odamlarning eng muhim hayotiy ehtiyojlarini qondirish, mamlakatimiz aholisining katta qismi istiqomat qilayotgan qishloqlarda shahardagidan qolishmaydigan obod turmush tarzini qaror toptirishga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Natijada qaddi bukilib qolgan simyog‘ochlaru uning salqib qolgan simlarini yangilash, zo‘rg‘a ishlab turgan transformator punktlarini modernizatsiyalash ishlari jadallashib ketdi. Bu esa topgan “dvijok”, topmagan moychiroqning xira yog‘dusiga ko‘nikib qolgan odamlar qalbida umid uchqunlarini yolqinlantirib yubordi.

“Yaqin-yaqingacha, hatto bundan atigi 1,5-2 yil burun ham ko‘pi bilan sutkada 5-6 soat elektr berilardi. Shunda ham “lip-lip” uzilishlar oqibatida qo‘l telefonini quvvatlantirishga ham ulgurmasdik.

Kasbim — o‘qituvchi. Chiroq yo‘qligi o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, qo‘shimcha manbalarni izlashi, o‘quvchining esa uy vazifalarini tayyorlashida katta qiyinchilik tug‘dirardi. Maktabimizdagi

kompyuter sinflari esa shunchaki “ko‘rgazmali vosita”ga aylanib qolgandi.

Holbuki, bizning qishlog‘imiz To‘palang gidroelektr stansiyasining shundoqqina biqinida joylashgan bo‘lib, yonimizdan oqqan suvdan bebahra qolayotganimiz, rosti, alam qilardi. Odamlarning fig‘onidan dud chiqardi.

Mana, hozir hammasi izga tushib ketdi. Bo‘lar ekan-ku?!”, - Sariosiyo tumanidagi 7-sonli maktab o‘qituvchisi Mahkam Ja’farov.

Muammoning ildizi topildi

Hozirgi zamonda elektr energiyasisiz kundalik turmushimizni tasavvur qilish qiyin. Beminnat dastyorimiz bo‘lgan maishiy texnikalar ham, issiq-sovuqda huzurijon konditsioneru xolodilnik ham tok bilan ishlaydi-da. U bo‘lmasa, qimmatbaho televizor “ko‘r”, qo‘l telefoni “soqov”ga aylanadi. Bunday kezlarda o‘zingizni dunyodan uzilib qolgandek his qila boshlashingiz tayin.

Aslida, iqtisodiyotning mazkur muhim tarmog‘idagi muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. U xuddi bitmas yara kabi yillar davomida madda bog‘lab, oxiri “yorildi”. Xo‘sh, bir qadamf oldinda yurishi kerak bo‘lgan energetikamiz nega oqsoqlanib qoldi? Muammoning ildizi qayerga borib taqaladi?

— Chindan ham, energetika ta’minotidagi muammolar birdaniga yuzaga kelgani yo‘q, — deydi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati Milliy dispetcherlik markazi tizim operatori boshlig‘i Abdurashid Mirzayev. — U yillar davomida yig‘ilib kelayotgan edi. Sababi respublikamizdagi mavjud 10 ta issiqlik elektr stansiyasi o‘tgan asrning

50 — 60 yillarida barpo etilgan bo‘lib, ularning aksariyatida quvvatlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan. Elektr energiyasiga talab kun sayin ortib borayotganligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ushbu quvvatlarni yangilash dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Eng og‘riqli masala — yoqilg‘i ta’minotidagi beqarorliklar ishlab chiqarish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi. Ayniqsa, qish mavsumida gaz bosimining pasayib ketishi natijasida belgilangan miqdordagi elektr quvvati hosil qilishning imkoni bo‘lmagach, oxir-oqibat vaziyatni cheklovlar hisobiga yumshatishga zo‘r berilardi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan soha tubdan isloh qilinib, muammo bartaraf etilayotgani tufayli vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Masalan, eng og‘ir kechadigan qish mavsumini bu yil minimal cheklovlar bilan muvaffaqiyatli o‘tkazdik.

Ehtiyoj import hisobiga ta’minlandimi?

Tahlillarga qaraganda, mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yiliga 5-6 foiz o‘smoqda. Shuning uchun 2018 yilgi elektr energiyasi ishlab chiqarish balansi 4 milliard kilovatt/soat oshirilib, 69,1 milliard kilovatt/soat etib belgilangan. Uning qariyb 88 foizi issiqlik elektr stansiyalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Buncha quvvatni hosil qilish uchun esa 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 3,4 million tonna ko‘mir sarflanadi.

Kuz mavsumida kerakli miqdordagi ko‘mir zaxirasi yaratilib, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘i turlari uzluksiz yetkazib berilayotgani tufayli cheklovlar deyarli bartaraf etildi. Iqtisodiyot tarmoqlariga ham, ijtimoiy soha obyektlariga ham, aholiga ham elektr energiyasi maromida taqsimlanyapti. Masalan, joriy yilning birinchi yarmida iste’molchilarga 24 milliard 465,5 million kilovatt/soat, shu jumla-dan, aholiga o‘tgan yilning shu davridagidan 553 kilovatt/soat ko‘p, jami 6 milliard 504,6 mil-lion kilovatt/soat elektr quvvati uzatildi.

Sir emas, aholi o‘rtasida energetika tizimidagi bugungi barqarorlik import evaziga ta’minlanyapti, degan gap-so‘zlar ham yuribdi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

— Import qilayotganimiz bor gap, — deydi “O‘zbekenergo” AJ iqtisodiy rivojlantirish boshqar-masi boshlig‘i Abduhamid Jo‘rayev. — Tojikistondan 1,5 milliardkilovatt/soat, Qirg‘izistondan 500 million kilovatt/soat elektr energiyasi sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Lekin bu mavjud quvvatlar ichki ehtiyojga yarasha mahsulot yetkazib bera olmaydi, degan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otmasligi kerak. Chunki biz elektr energiyasini, asosan, ekinlar vegetatsiyasi davrida, ya’ni may — sentyabr oylarida sotib olamiz. Bu esa qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti yaxshilanishida qo‘l keladi. Qolaversa, energobloklarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, modernizatsiyalash chog‘ida ta’minot barqarorligiga xizmat qiladi. Eng muhimi, buning evaziga 700 mil-lion kub metr tabiiy gazni iqtisod qilishga erishamiz.

Vaholonki, elektr energiyasini eksport ham qilamiz. Afg‘onistonga joriy yil oxiriga qadar 2 milliard 483 million kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib berishni zimmamizga olganmiz. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu import hajmidan anchagina ko‘p.

Ob-havoning ham ta’siri bor

Mutaxassislarning aytishicha, elektr energiyasi sarfida ob-havo muhim rol o‘ynaydi. Masalan, shu yilning birinchi choragida belgilangan balansdagidan 500 million kilovatt/soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buni yoqilg‘i xarajatiga chaqadigan bo‘lsak, qariyb 170 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi, deganidir.

Qish mavsumi ancha iliq kelib, tokka talab nisbatan kamaygani tufayli shunday tejamkorlikka erishildi. Biroq yoz oylarida haroratning ko‘tarilishi natijasida kundalik energiya sarfi oshmoqda. Bunday zo‘riqish paytida tarmoqdagi uzilishlarning oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilyapti? Aksariyat quvvatlar modernizatsiya qilinayotgan hozirgi kunda ehtiyojga yarasha tok ishlab chiqarish

imkoniyati bormi?

— Albatta, avariyaviy holatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qisqa muddatli uzilishlarni hisobga olmaganda, ta’minotda cheklovlarga yo‘l qo‘yilmaydi, — deydi“O‘zbekenergo” AJ issiqlik elektr stansiyalaridan foydalanish boshqarmasi bosh mutaxassisi Akmal Sharipov. — Mavjud 10 ta IESning amaldagi quvvati 9 ming 968 MVtga teng. Ularni modernizatsiyalash hisobiga texnik soz holatga keltirilishi barobarida, yangi quvvatlar yaratilyapti. Masalan, birgina 2016-2017 yillarda Tollimarjonda ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Toshkent IESda bitta bug‘-gaz qurilmasi,

Angren IESda yangi energoblok ishga tushirilishi hisobiga 1200 MVtdan ortiq qo‘shimcha quvvat vujudga keldi. Bu ham ta’minotdagi cheklovlarning bartaraf etilishida ayni muddao bo‘ldi. Qiyoslash uchun aytish kerakki, o‘tgan chorak asr davomida atigi bitta energoblok foydalanishga topshirilgan edi, xolos.

To‘g‘ri, bunday investitsiyaviy loyihalar ijrosi katta mablag‘ bilan bog‘liq. Ammo ish to‘g‘ri tashkil etilsa, sarmoyalar aniq yo‘naltirilsa, bu jarayon murakkablik tug‘dirmaydi. Oxirgi yillarda ayni ushbu yo‘nalishda hayotga tatbiq qilinayotgan loyihalar shunday deyishimizga asos bo‘la oladi. Ular orasida Namangan viloyatida qurilayotgan quvvati 900 MVtga teng To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasining alohida o‘rni bor. Sababi bu inshoot eng og‘ir hududlardan biri sanalgan Farg‘ona vodiysida ta’minotni tubdan yaxshilaydi. Ayni paytda bu yerda Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems, Ltd.” kompaniyalari konsorsiumi tomonidan qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. U 2019-2020 yillarda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Tarmoq butunlay yangilanadi

Iste’molchilarga tok umumiy uzunligi 250 ming kilometrdan ortiq 0,4 — 110 kVt elektr uzatish tarmoqlari, qariyb 75 mingta transformator punktlari orqali uzatiladi. Demak, katta sarf-xarajat, mashaqqatli mehnat evaziga paydo bo‘lgan quvvatlar behuda yo‘qotishlarsiz yetkazilishida ularning texnik soz holatda saqlanishi o‘ta muhim. Jamiyat mutaxassislarining aytishicha, shuning uchun har yili elektr tarmoqlari mazkur bo‘g‘inining 30 foizida joriy, 10 foizida esa mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi.

— Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi “2017 — 2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi qarorida bu borada aniq vazifalar belgilab berilgan, — deydi “O‘zbekenergo” AJ elektr tarmoqlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Hakimov. — Ushbu hujjat asosida “0,4 — 6 — 10 kVt past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida eskirgan 34 ming 23 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 6930 dan ziyodtransformator punktlarini modernizatsiyalash va almashtirish ko‘zda tutilgan. Natijada 2300 ta mahallada yashovchi 2,5 milliondan ortiq iste’molchilarning ta’minoti yaxshilanadi.

Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning birinchi yarmida “Elektrqishloqqurilish”, “O‘zqishloqelektrqurilish”, “Energoqurilishindustriya” korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan 44 ming 290 tadan ortiq temir-beton tayanchlar, shuningdek, zavodlardan 662,4 tonna AS, 517,5 kilometr kabel mahsulotlari hamda 1170 ta transformator punkti hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yetkazib berildi. Buning hisobiga respublikamiz bo‘yicha jami 2619 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 1000 ta transformator punktida rekonstruksiya hamda modernizatsiya ishlari bajarildi.

Ta’kidlash kerakki, bunday tadbirlar ko‘lami 2018/2019 yil kuz/qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, “Obod mahalla” hamda “Obod qishloq” dasturlari doirasida ham keng quloch yoymoqda. Aytaylik, “Obod mahalla” dasturiga binoan, 30 ta yirik shahar hamda poytaxtimizning 11 tumanidagi jami 136 ta mahalla qamrab olingan. 2018 yilning 17 iyul holatiga ko‘ra, 61,3 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 29 ta transformator punktidamodernizatsiyalash hamda yangi qurilish ishlari bajarildi. Shuningdek, 79,9 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 187 ta transformator punktimukammal ta’mirlangani bunga misol bo‘la oladi.

“Elektrdagi uzilishlar sababli na bemalol televizor ko‘rolardik, na muzlatkich, na konditsioner ishlatardik. Shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovut shu darajaga yetgandi. Aslida, muammo ildizi u qadar chuqur emas ekan.

353,5 million so‘mlik loyihadan so‘ng hududimizda bu masala uzil-kesil hal bo‘ldi. Ushbu mablag‘ evaziga 4 kilometrdan ziyod elektr havo tarmog‘i tortilib, 2 ta yangi transformator o‘rnatildi. Endi hamma joy charog‘on. Qalbimizga nur kirdi.

Yaratilgan bunday qulaylikdan qishlog‘imizning 1315 nafar aholisi juda mamnun”, - deydi Nukus tumanidagi “Samanbay” QFYoqsoqoli Maqset Begdullayev.

Ishga solinmagan imkoniyat

O‘zbekiston — energetika resurslariga boy mamlakat, deya g‘ururlanamiz. Chindan ham, shunday. Yurtimizda energiyadan, xususan, uning qayta tiklanuvchi manbalaridan ham foydalanish imkoniyati g‘oyatda yuqori. Haqli savol tug‘iladi: unda nega elektr energiyasi ta’minotida muammolar bu qadar urchib ketdi?

Mutaxassislarning fikricha, shu paytga qadar sohada, asosan, bitta yo‘nalish bilan chegaralanib qolingan. E’tibor qiling, faqat gidroenergetika jabhasida o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan resurslardan oqilona foydalanilsa, yiliga 27,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Biroq hozirgi paytda ushbu salohiyatning atigi 23,7 foizi o‘zlashtirilgan, xolos. Nega?

Negaki, gidroenergetikani rivojlantirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjudlari faoliyatini esa takomillashtirish e’tibordan chetda qolib ketgan. Imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagan. Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yili “O‘zbekgidroenergo” aksiya-dorlik jamiyati tashkil etilgach, tarqoq bo‘lib qolgan soha korxonalari birlashtirildi. Shu tariqa ekologik toza va arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish sari muhim qadam tashlandi.

“O‘zbekgidroenergo” AJdan ma’lum qilishlaricha, respublikamizdagi mavjud 36 tagidroelektr stansiyasida yiliga o‘rtacha 7 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu yalpi quvvatning atigi 15 foizini tashkil etadi, xolos.

2017 — 2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi mazkur ko‘rsatkichni keskin oshirishda ayni muddao bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, besh yil ichida 42 ta yangi GES qurilishi hamda 32 ta mavjud GESni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Dastur ijrosi doirasida o‘tgan yili iyul-avgust oylarida Tuyabo‘g‘iz suv ombori qoshida, Katta Farg‘ona kanalida, Ohangaron hamda To‘palang daryolarida kichik GESlar qurilishi boshlangan bo‘lsa, yaqinda “Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi”, “Toshkent GESlar kaskadi” hamda “Shahrixon GESlar kaskadi” unitar korxonalarida modernizatsiyalash ishlariga kishirildi.

Ushbu texnologik yangilash loyihasining umumiy qiymati 74 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lib, shundan qariyb 63 million dollari Xitoy “Eksimbank”i tomonidan moliyalashtiriladi. Buning hisobiga gidroturbinalar va eskirgan agregatlar zamonaviysiga almashtiriladi, ilg‘or uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi. Pirovardida GESlar, masalan, “Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi” unitar korxonasida ishlab chiqarish hajmi o‘rnatilgan quvvat, ya’ni 50,9 mVtga yetkaziladi. Bu Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarining elektr energiyasi bilan ta’minoti tubdan yaxshilanadi, deganidir!

Muqobil va samarali yo‘l

Kelgusida elektr energiyasiga bo‘lgan talab yil sayin oshib boraveradi. Iqtisodiyot rivoji, aholi sonining o‘sishi va turmush darajasi yaxshilanishi kabi omillar bu jarayonni yanada tezlashtirishi, tabiiy. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashilganda, mamlakatimizda 2030 yilda mazkur resursga ehtiyoj ikki barobar oshib, qariyb 120 milliard kilovatt/soatga yetishi kutilmoqda. Ammo elektr toki ishlab chiqarishda foydalanilayotgan uglevodorod zaxiralari kun kelib tugashi allaqachon tasdig‘ini topgan. Bu esa yoqilg‘ining muqobil yo‘llarini izlab topish, qayta tiklanuvchi resurslardan kengroq foydalanishni taqozo qilayotir.

O‘lkamiz tabiiy iqlim sharoiti, geografik joylashuvidan kelib chiqib, xorijlik hamkorlar ko‘magida energetikaning yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirish sa’y-harakatlari boshlab yuborilgani quvonarlidir. Aytaylik, germaniyalik mutaxassislar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida muntazam esib turadigan shamol yo‘llari aniqlandi. Bu esa umumiy quvvati 3000 MVtlik shamol elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha loyihalar ishlab chiqishga turtki bo‘ldi. Ularning dastlabkisining quvvati 100 MVtga teng bo‘lib, “Siemens” kompaniyasi (Germaniya) tomonidan Zarafshonda bunyod etiladi.

— Bundan tashqari, ko‘plab xususiy kompaniyalar Navoiy, Surxondaryo, Namangan va boshqa viloyatlarda quvvati 2000 MVtlik quyosh elektr stansiyalarini qurish taklifini bildirishmoqda, — deydi Abdurashid Mirzayev. — Ular “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati hamda boshqa mas’ulidoralar tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Ushbu yo‘nalishdagi eng yirik loyiha ijrosiga, hademay, Samarqand viloyatida kirishiladi. Umumiy quvvati 1000 MVtga teng mazkur quyosh fotoelektr stansiyalari Kanadaning “SkyPower Global” kompaniyasi tomonidan barpo etiladi.

Energetikada tub burilish

Jahon tajribasidan ham ma’lumki, quyosh, shamol elektr stansiyalari energiyaga bo‘lgan ehtiyojning muayyan qisminigina ta’minlaydi, xolos. Shu bois aksariyat davlatlar soha kelajagini atom energetikasida ko‘rmoqda.

Xalqaro atom energetikasi agentligi — MAGATEma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda jahonning 30 dan ziyod mamlakatlarida 451 energoblokka ega bo‘lgan 191 AES samarali faoliyat ko‘rsatyapti. Yadro reaktorlari bo‘yicha yetakchi hisoblangan AQSH, Fransiya kabi mamlakatlarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 72,3 foizi AES

tomonidan qoplanadi.

Yaqin kelajakda dunyo bo‘yicha 96 ta AES qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shuning qariyb 60 tasi Osiyo mamlakatlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Qozog‘istonda joriy yilda ilk shunday inshoot qurilishiga kirishiladi. Uran zaxiralari bo‘yicha jahonda to‘rtinchi, uni ishlab chiqarishda esa yettinchi o‘rinda bo‘lgan O‘zbekistonda tinchlik yo‘lida atom energetikasiga asos solinayotgani iqtisodiyot tarmoqlarida misli ko‘rilmagan yutuqlarga zamin yaratishi aytilmoqda. SababiRossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda quriladigan mazkur majmua 2 energoblokdan iborat, har birining quvvati 1 ming 200 MVtga teng bo‘ladi.

2028 yilgacha to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan ushbu AES yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, eng muhimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholini arzon, ekologik toza elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, eksport hajmini keskin oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, energetika tizimida 2030 yilgacha 7-8 ming MVtlik yangi quvvatlarni ishga tushirish, elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlarini tubdan yangilash bo‘yicha yirik investitsiyaviy loyihalar hayotga izchil tatbiq qilinyapti. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholini muhim hayotiy ehtiyojlardan biri bo‘lgan elektr energiyasi bilan barqaror va kafolatli ta’minlash, hech bir nuqta, hatto eng olis hududlarda ham cheklovlarga yo‘l qo‘ymaslikdir. Zero, inson hayotda bir marta yashar ekan, islohotlar samarasini kelajakda emas, bugun ko‘rishga, farog‘atda yashashga haqlidir.

Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi” olgan suratlar.


Izohlar


Admin

Алишер Абдуллажонов (asdalisher@yandex.ru):

Ha energiya bu zamonaviy hayot asosi desam bo'ladi. Energiya bor bo'lsa texnika texnalogya ishlaydi. shovkan24@yandex.ru

20:4327.07.2018