Elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari diversifikatsiyalanadi

07:57 15 Iyul 2020 Siyosat
288 0

Ishlab chiqarish jarayoni bor ekan, energiya resurslari uning asosiy omillaridan hisoblanadi. Resurslar narxlarining oshishi yoki pasayishi ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Iqtisodiy nazariyaga asosan, energiya resurslari narxlarining oshishi, qisqa muddatda, mahsulot va xizmatlar narxining oshishiga, aholi tomonidan talabning pasayishiga va oqibatda iqtisodiy faollik pasayib, ishsizlikning oshishiga olib keladi.

Boshqa tomondan esa, narxlarning oʻsishi doimo u yoki bu resurslardan foydalanish samarasini oshiradi. Yuqori narxli resurslarni bu resurslardan maksimal naf oladigan isteʼmolchilargina sotib oladi. Energiya resurslari narxlarining oshishi kamroq resurs sarflab koʻproq mahsulot ishlab chiqarishga majburlaydi va uzoq muddatda ishlab chiqarishda samarali usullarning joriy etilishiga va iqtisodiy samaradorlikning oshishiga olib keladi. Bundan tashqari, yer qaʼridan olinadigan uglevodorodlar (gaz, koʻmir, neft mahsulotlari) evaziga ishlab chiqariladigan energiya narxlarining oshishi muqobil energiya manbalarining foydalilik darajasini oshiradi va isteʼmolda raqobatbardosh manbaga aylanishiga xizmat qiladi. Buning ustiga, iqtisodiyotning har qanday tarmogʻi singari, energiya ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasi ham oʻzini oʻzi iqtisodiy jihatdan oqlamasa, energiya ishlab chiqarish imkoniyatlari aholi va sanoat ehtiyojlaridan ortda qolaveradi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 10-iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori energiya samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu qaror bilan joriy yilning 1-avgustidan elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalari, mikro va kichik gidroelektrstansiyalardan, shu jumladan, oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish boʻyicha tarif belgilanib, sanoat koʻlamidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari (gidroelektrstansiyalardan tashqari) sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun potensial investorlarni aniqlash shaffof auksion (tanlov) savdolari orqali amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilandi. Jamgʻarmaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari, issiqlik nasoslari, rekuperatorlar, reaktiv quvvatni tiklovchi qurilmalar (kondensator batareyalari), rele himoyasi uchun mikroprotsessor bloklari, chastotali oʻzgartirgichlar va bir tekis ishga tushirish qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha startap-loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish korxonalarining ustav jamgʻarmalari (kapitallari) hamda korxonalarning loyihalarini shakllantirishda ishtirok etish vakolati berildi. Bu esa ushbu sohaga xususiy sektorlarning ham kirib kelishiga imkon beradi.

Sohaga xususiy sektor uchun yoʻl ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ragʻbatlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mamlakat iqtisodiyotiga keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga elektr energiyasi va neft-gaz mahsulotlarining uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash bilan birga, oʻz navbatida mamlakat uchun atrof-muhit ifloslanishining kamayishi, elektr energiya ishlab chiqarish manbalarining diversifikatsiyalanishi, yangi tarmoq va yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning hayotimizga keng tatbiq etilishi energiya samaradorligini oshirish, aholiga elektr energiyasi va neft-gaz mahsulotlarining uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlashda muhim omil boʻladi.

Avaz OʻRINBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?