Elchilar hisobotini eshitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi

13:14 04 Mart 2020 Jamiyat
154 0

Prezidentimiz “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Unga koʻra, parlamentimiz, xususan, Oliy Majlis Senati zimmasiga ham ulkan vazifalar yuklatilmoqda.

Jumladan, 2020-yil 1-avgustdan boshlab Senatda Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish, shuningdek, Senat kengashi va qoʻmitalarining sayyor majlislarini oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bugun jamiyatimizda yangilanish yoʻlida olib borilayotgan islohotlarda jamoatchilik oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi. Senatorlar va deputatlarning xalq vakillari sifatida yana-da tashabbuskor boʻlishlari lozim. Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik hayotimizga kirib borishi nazarda tutilmoqda. Xorijiy davlatlardagi elchilar hisobotini eshitish, xalqaro ekspertlar va sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida muhokama etilgan mavzular, asosan, shu yoʻnalishlarga qaratiladi.

Buning zamirida juda katta masʼuliyat yotadi. Senatorlardan hududlarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor bilan yondashuv talab etilmoqda. Shu bilan birga, milliy iqtisodiyotimiz rivojini taʼminlash masalalarida parlament rolini yana-da mustahkamlash, xalqaro parlamentar tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish yuqori palataning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biridir.

Xorijiy davlatlardagi elchilarimiz oliy darajada erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarning oʻz oʻrnida, muvaffaqiyatli kirib borishini taʼminlash yuzasidan hisobot beradilar.

Oʻz navbatida, davlat dasturiga muvofiq, 2020-yil davomida yuqori palataning xalqaro tashkilotlar bilan ham aloqalari tobora rivojlantiriladi. Mamlakatimizda BMTning 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan qatʼiy parlament nazorati oʻrnatiladi va Hukumat aʼzolarining ushbu masala boʻyicha tegishli hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy etiladi.

Ravshanbek ALIMOV,
Oliy Majlis Senatining
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy
aloqalar, xorijiy investitsiyalar
va turizm masalalari qoʻmitasi raisi

“Xalq soʻzi”

2020-yil 4-mart

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?