El ardogʻidagi atoqli olim

12:15 05 Sentyabr 2020 Jamiyat
1918 0

Oʻzbekistonda oliy tibbiy taʼlim va sogʻliqni saqlashni tashkil qilish yoʻlida katta mehnat qilgan, ushbu masʼuliyatli vazifani amalga oshirishga munosib hissa qoʻshgan insonlardan biri professor Shamsiyev Azamat Muhitdinovichdir.

Xalqaro miqyosda tanilgan, elimiz ardogʻidagi atoqli tashkilotchi, mohir xirurg, sermahsul va novator olim, “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi boʻlgan hamyurtimiz A.Shamsiyev Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyatining Xatirchi tumanida tugʻilgan. 1968-yil Toshkent davlat meditsina institutini tugatgan. Vrachlik faoliyatini Samarqand viloyat Bulungʻur tumani markaziy shifoxonasi xirurgiya boʻlimida boshlab, soʻngra Samarqand davlat tibbiyot instituti klinikasi bolalar xirurgiyasi boʻlimida vrach-ordinator vazifasida davom ettirdi. Yosh xirurg oʻzining bilim doirasining kengligi, oʻtkir zehni, qobiliyati, qatʼiyati, xirurgik mahorati, bemorlarga boʻlgan eʼtibori va mehribonligi bilan ajralib turar edi. Shuning uchun u tez orada klinika jamoasi va bemorlar oʻrtasida katta obroʻ qozondi. Institut ilmiy maktabida singdirilgan xirurgiya amaliyoti va fanga boʻlgan ishtiyoq uning kelajakda fan nomzodi, assistent, fan doktori, professor darajasiga yetishishida muhim omil boʻldi. A.Shamsiyev Rostov-Don meditsina institutida maqsadli aspiranturani oʻtab, 1973-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. 1973-1976-yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasida ishladi. U bu davrda klinikaning bolalar xirurgiyasi boʻlimi amaliyotiga bir necha yangi texnologiyali davolash-diagnostika usullarini, jumladan oʻmrov osti venasini kateterlashni joriy qildi. Shu sababli boʻlimda bemor bolalarni xirurgik davolash natijalari keskin yaxshilandi. Yosh olim bundan keyingi davrda oʻzining ilmiy tadqiqot ishlarini 1977-1980-yilida Ukrainaning Donesk bolalar kasalxonasi bazasidagi meditsina instituti bolalar xirurgiyasi klinikasida vrach ordinator lavozimida ishlab davom ettirdi. 1981-1982-yillarda Dones meditsina instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasida doktorlik ilmiy ishini nihoyasiga yetkazdi. 1983-yil “Bolalarda oʻtkir destruktiv pnevmoniyalarni davolash” mavzusida olib borgan har tomonlama chuqur ilmiy izlanishlarini yakunlab, oʻsha davr uchun aniq ilmiy xulosalar hamda tegishli amaliy tavsiyalarni ishlab chiqdi va doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqqiyatli himoya qildi. Ishlab chiqilgan yangiliklar bolalar xirurgiyasi klinikasida bemor bolalarni davolashda ham muhim ahamiyat kasb etdi. A. Shamsiyev 1985-yildan hozirgi kungacha uzluksiz ravishda Samarqand davlat tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri vazifasida samarali ishlab keldi. Unga 1987-yil professor ilmiy unvoni berildi.

1990-yil A.Shamsiyevning tashabbusi bilan va uning rahbarligida Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Bolalar xirurgiyasi ilmiy-oʻquv-amaliy birlashmasi tashkil qilindi. Ushbu markaz nafaqat Samarqand viloyati, balki, mintaqada joylashgan yana besh viloyat aholisiga ixtisoslashtirilgan yuqori malakali bolalar xirurgiyasi yoʻnalishi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatib kelmoqda. Markazning torakal xirurgiya, kardio-xirurgiya, urologiya, chaqaloqlar xirurgiyasi boʻlimlarida zamonaviy texnologiyali murakkab operatsiyalar professor A.Shamsiyev tomonidan bajariladi.

Prfessor A.Shamsiyev tibbiyot fanining bolalar xirurgiyasi sohasi boʻyicha oʻzining ilmiy-amaliy maktabini yaratgan, dunyoga tanilgan novator olimdir.

Olim 1991-yilda Samarqandda birinchi boʻlib yosh bolalarda tugʻma yurak poroklari operatsiyasini bajargan. Urologiya va abdominal xirurgiyada endoskopik diagnostika va davolash usullarini joriy qilgan. Bugungi kunda ham har yili oʻrtacha 400-500 ta turli hajmdagi murakkab operatsiyalarni amalga oshiradi. Uning bolalar xirurgiyasiga oid 50 ta ixtirosi va 44 ta ratsionalizatorlik taklifi respublikamiz va Mustaqil hamdoʻstlik davlatlari amaliyotida keng qoʻllanilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qoʻmitasining 8 ta amaliy va 1 ta innovatsion loyihalari ustida ilmiy izlanishlar olib borilgan.

2004-yil noyabr oyida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori lavozimiga Samarqand viloyat bolalar xirurgiyasi ilmiy markazi direktori vazifasida ishlab kelayotgan bolalar xirurgiyasi kafedrasining mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor A.M.Shamsiyev tayinlandi. Professor A.M.Shamsiyevning bevosita rahbarligida va saʼy-harakatlari bilan ushbu oʻtgan davrda Samarqand davlat tibbiyot institutida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarildi va yangi bosqichda muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Institut moddiy texnika bazasi mustahkamlandi. Institutda Tibbiy pedagogika, Oliy hamshiralik ishi, Stomatologiya, Tibbiy profilaktika ishi, Farmatsiya, tibbiy biologiya va tibbiyot kollejlari oʻqituvchilarining malakasini oshirish fakultetlari tashkil qilindi. Internet tarmogʻiga ulangan zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari markazi ishga tushirilib, vazirliklar va xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan video-korporativ aloqa oʻrnatilgan. Kafedralar va test markazi yangi rusumdagi kompyuterlar bilan jihozlanib, oʻquv jarayoniga toʻliq elektron oʻqitish tizimi joriy etildi. Axborot resurs markazi elektron oʻquv – ilmiy adabiyotlar bilan boyitildi. Oʻquv binolari va talabalar turar joylari mukammal taʼmirlanib, ulardagi tegishli sharoitlar tubdan yaxshilandi. Oʻquv jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalar joriy qilindi. Oʻzbekistonda ilk bor 2013-2014 oʻquv yilidan tibbiy taʼlimning masofaviy elektron tizimi tashkil etildi, xalqaro taʼlim standartlariga mos kredit-modul tizimi amaliyotga kiritildi. Bugungi kunda institutning barcha kafedralarida oʻquv mashgʻulotlari elektron taʼlim tizimi materiallaridan foydalanilgan holda olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi “Tas-X” yagona interaktiv xizmatlar portali reytingiga koʻra Samarqand davlat tibbiyot instituti xostlarda ishlash faolligi boʻyicha respublikadagi hamda Rossiya Federatsiyasidagi 2000 dan ziyod oʻquv yurtlari oʻrtasida yetakchi oʻrinni egallab kelmoqda.

Oʻquv mashgʻulotlari oʻzbek, rus, ingliz (xorijiy talabalar uchun) tillarida olib boriladi. Institutning xalqaro aloqalari yildan-yilga kengayib bormoqda. A.M.Shamsiyevning tashabbusi bilan Italiyaning Piza universiteti, Avstriyaning Gras tibbiyot universiteti, Bolgariyaning Sofiya tibbiyot universiteti, Chexiyaning Praga rivojlantirish markazi, Koreya Respublikasining Osiyo tibbiyot instituti, Sangji universitetining traditsion tibbiyot gospitali, Indje universitetining Ilsan Payk tibbiyot gospitali singari jahonning koʻplab tibbiy oliy oʻquv yurtlari hamda Rossiya Federatsiyasining 11 ta tibbiyot oliy oʻquv yurti va 2 ta ilmiy - tekshirish instituti, Gruziyaning Tbilisi davlat tibbiyot universiteti, Qozogʻiston Respublikasining 3 ta, Ukraina Respublikasining 4 ta tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy hamkorlik shartnomalari va memorandumlar tuzildi. Institut negizida keyingi uch yilda 10 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazildi. Oʻrnatilgan xalqaro hamkorliklar natijasida koʻplab xorijiy oliy tibbiy taʼlim muassasalari institut bazalarida amaliyot oʻtamoqda. Janubiy Koreya respublikasining oʻnlab fuqarolari institutda tahsil olmoqdalar.

Professor A.Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot institutining sobiq rektori, Markaziy Osiyoda yagona bolalar xirurgiyasi ilmiy-oʻquv-davolash markazi direktori hamda mamlakatimizda va xorijda tan olingan yuqori malakali xirurg, sogʻliqni saqlashni va oliy taʼlimni tashkil qilishning yirik namoyondasidir. Olim rahbarligida 35 dan ortiq shogirdlari doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlar. Ustozning oddiy vrach-xirurgdan ana shunday yuqori mavqeigacha oʻzining saʼy-harakatlari, tinimsiz mehnati bilan erishganligi yoshlarimiz, ayniqsa, oʻzlarini ilm-fan ravnaqi yoʻliga baxshida etayotgan boʻlgʻusi medik olimlar uchun har qancha oʻrnak olib oʻrgansa arziydi.

Olimning 15 dan ziyod monografiya, 3 ta darslik, 3 ta oʻquv qoʻllanmasi, 900 dan ortiq ilmiy maqolalari nashr etilgan. Oliy tibbiy taʼlim tizimi uchun yozilgan “Bolalar xirurgiyasi”, «Xirurgicheskiye bolezni detskogo vozrasta» darsliklari, Rossiyalik olimlar bilan hamkorlikda yaratilgan «Leksii po detskoy xirurgii», «Izbrannыye voprosы xirurgii detskogo vozrasta» nomli maʼruzalar toʻplamlari hamda «Ostrыy i xronicheskiy gematogennыy osteomiyelit u detey» (2015 y.) nomli monografiyalari shular jumlasidandir. U Nyu-York Fanlar akademiyasi, Rossiya meditsina-texnikasi akademiyasining haqiqiy aʼzosi, Ijevsk tibbiyot akademiyasi faxriy akademigi, Avstriyaning Gras meditsina universiteti faxriy professori, Buyuk Britaniya Qirolligi Sogʻliqni saqlash Assotsiatsiyasi, Yevropa bolalar xirurgiyasi va Rossiya bolalar xirurgiyasi assotsiatsiyalari aʼzosi, akademik A.V.Vishnevskiy nomidagi oltin medal sohibi, professor V.P.Nemsadze nomidagi mukofotning laureati, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi.

Professor A.M.Shamsiyev Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Sogʻliqni saqlash sohasining rahbarlari va yetakchi mutaxassislari bilan 2017-yil 5-yanvar, 7-fevral, 30-mart, 6-iyul kunlari oʻtkazgan uchrashuv va yigʻilishlarida shaxsan ishtirok etdi. Oʻtkazilgan yigʻilishlar natijasida sogʻliqni saqlashning birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, dori-darmon taʼminoti, tibbiy taʼlimni rivojlantirish va kadrlar malakasini oshirish, xususiy sektor kabi sohalarni isloh qilish va takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar va topshiriqlarni oʻzida mujassamlashtirgan 30 ga yaqin Prezident Farmon va Qarorlari institutda rahbarlik uchun qabul qilindi va ularning ijrosi taʼminlanmoqda.

Jumladan, professor A.Shamsiyev rahbarligida Jizzax viloyatining Jizzax tumanida Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish boʻyicha Qishloq vrachlik punktlarini optimizatsiya qilish ishlari muvaffaqiyatli bajarildi. Uning tashabbusi bilan Samarqand viloyatida tugʻish yoshidagi ayollarni roʻyxatga olish, kasalliklarni aniqlash va sogʻlomlashtirish boʻyicha kompyuterlashtirilgan Exel dasturi asosida tizim yaratildi va amaliyotga joriy qilindi. Institutning yetakchi professor va dotsentlari Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida Sogʻliqni saqlash tizimiga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatmoqdalar va uzlarining mutaxassisliklari boʻyicha joylarda vrach-mutaxassislar bilan mahorat darslari oʻtkazmoqdalar.

Hozirgi kunda professor A.Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot instituti Bolalar xirurgiyasi kafedrasi professori vazifasida ishlab, ilmiy pedagogik shogirdlar tayyorlash, turli darajadagi ogʻir bemorlarni operativ davolash ishlariga munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?