Ektor Kuper: Maqsadimiz Osiyo kubogida gʻalaba qozonish

13:18 06 Dekabr 2018 Sport
183 0

Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Kuper Osiyo kubogiga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni, boʻlib oʻtgan yigʻinlar xususida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

“Avstraliyada oʻtkazgan yigʻinimizda boʻlib oʻtgan uchrashuvlardagi natijalar ijobiy boʻlmaganini taʼkidlay olaman. Lekin oʻrtoqlik oʻyinlari va yigʻinlar mavjud muammolarni koʻrib, bilib olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Sekin-asta mana shu kamchiliklarni bartaraf etgan holda Osiyo kubogiga yaxshi hozirlik olib borishga urinamiz. Osiyo kubogidan umidlarimiz katta. Maqsadimiz qitʼaning bosh musobaqasida gʻalaba qozonish.

Shuni alohida taʼkidlashim joizki, men har qanday oʻrtoqlik oʻyini yoki rasmiy uchrashuvga bir xil yondoshaman. Lekin oʻrtoqlik oʻyinlarining yaxshi jihati shundaki, oʻzingizda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, yangi taktikalarni sinab koʻrish mumkin. Balki mening oʻyin uslubim kimgadir yoqmayotgan boʻlishi mumkin. Agar oʻzim xato qilganimga amin boʻlsam, oʻz uslubimni oʻzgartirishim ham mumkin. Men buni toʻgʻri qabul qilaman.

Osiyo kubogiga tarkib tanlashda urgʻu faqatgina noyabrda boʻlib oʻtgan yigʻinda qatnashgan futbolchilarga qaratilmaydi. Shu paytga qadar tashkil etgan barcha yigʻinlar davomida bir qator futbolchilarni oʻz koʻz ostimizga olib qoʻyganmiz. Qolaversa, hali oldinda yana bitta oʻquv-mashgʻulot yigʻinimiz mavjud. Muxlislarimiz Osiyo kubogiga boradigan tarkibda umuman yangi nomlarni koʻrishlari ham mumkin boʻladi.

Qanday taktika asosida maydonga tushishimiz haqida gapirib oʻtirmagan boʻlar edim. Asosiysi muxlislar uchun qayd etiladigan natija muhim. Biz ham mavjud tarkibdan kelib chiqqan holda, zarur taktik uslubda oʻz oʻyinimizni shakllantiramiz. Eng muhimi - oʻyinimizda muvozanat boʻlsa boʻlgani. Oʻyinchilar men talab qilayotgan jihatlarni bajarishga qodir. Ularning mahorati mening talablarimni bajarishga yetishiga koʻzim yetyapti. Agar mening talablarim yigitlarga mos kelmasa, men oʻz talablarimni oʻzgartirishim ham mumkin. Men hech qachon oʻz talablarimda qattiq turib olmayman, agar zarur boʻlsa uni yigitlarga moslashtirishim ham mumkin.

Har bir jamoada ham oʻz asosiy uslubi bilan bir qatorda zaxira variantlari ham mavjud boʻlishi kerak. Lekin zaxira variantlari soni koʻpayib ketishi ham yaxshi emas. Balkim noyabrdagi yigʻinlardan soʻng baʼzilarda salbiy taassurotlar uygʻongandir. Lekin men optimistik ruhdaman va Osiyo kubogiga gʻalaba qozonish niyatida yoʻl olamiz.

Baʼzan magʻlubiyatlardan soʻng hammada kayfiyat tushib ketadi. Lekin men murabbiylik faoliyatim davomida bunaqa vaziyatlarni koʻp koʻrganman. Ideal jamoa boʻlish qiyin. Nasib etsa, hali oldinda yaxshi oʻyinlar va chiroyli gʻalabalarga guvoh boʻlamiz“, deya oʻz fikrlarini bildirdi Kuper.

Azamat Murodov, “Xalq soʻzi“ muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?