Ektor Kuper: “Biz har qanday vaziyatga tayyormiz”

17:10 08 Yanvar 2019 Sport
646 0

Foto: MOQ

Xabaringiz bor, shu kunlarda BAAda futbol boʻyicha Osiyo Kubogi boʻlib oʻtmoqda. Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini ertaga Ummon terma jamoasiga qarshi boshlaydi. Bugun uchrashuv oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper va terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov ishtirok etdi.

- Ummon bilan oʻyinga qanday tayyorgarlik koʻrdingiz?

- Biz faqat Ummon bilan oʻyinga emas, butun boshli musobaqaga tayyorgarlik koʻrdik. Shunchaki, Ummon bizning ilk raqibimiz. Oʻyinga tayyorgarligimiz ancha yaxshi. Biz ertaga oʻzimizni koʻrsatishga tayyormiz. Ertaga har ikki jamoa uchun qiziqarli oʻyin boʻladi. Biz gʻalaba qozonishni istaymiz.

- Ummon terma jamoasini qay darajada oʻrgandingiz?

- Terma jamoaning oʻyinini koʻrdik. Ammo, barcha narsa maydonda hal boʻladi. Musobaqaga faqat kuchli terma jamoalar tashrif buyurgan. Barcha yaxshi natija uchun oʻynaydi. Futbolning qiziqarli ekanligi ham shundadir. Natijani oldindan bilib boʻlmasligi bilan ham sportning ushbu turi qiziqdir. Biz har qanday vaziyatga tayyormiz. Ammo, Ummon ham kuchli terma jamoa. Barchasi ertaga maydonda hal boʻladi.

- Raqiblarning asosiy darvozaboni Al Xabsining yoʻqligi Oʻzbekistonga yordam beradimi?

Odil Ahmedov: - Bu haqiqatdan ham katta yoʻqotish. Men uning nimalarga qodir ekanligini juda yaxshi bilaman. Ushbu yoʻqotish bizga yordam beradigan boʻlsa, men bundan xursand boʻlaman.

-Oʻzbekiston Janubiy Koreyaga qarshi oʻyindan soʻng deyarli 50 kun davomida oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazmadi. Bu Kuperni xavotirga soladimi?

- Bu meni xavotirga solayotgani yoʻq. Bunday oʻyinlarda jarohat olish ehtimoli koʻp. Osiyo Kubogida qatnashadigan terma jamoa boʻlganida albatta oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushardik, biroq bunday jamoa topilmadi.

Hech qaysi murabbiy jamoaga kelib, birdaniga butunlay oʻzgartirishlarni amalga oshira olmaydi. Biz qoʻldan kelganicha oʻzgarishlarni amalga oshirdik. Biz koʻp narsaga tayyormiz. Endi oʻzimizni koʻrsatishimiz lozim.

- Terma jamoaning jismoniy holatiga qay darajada baho berasiz?

Odil Ahmedov: – Kim koʻproq toʻp bilan boʻlsa oʻsha jamoa gʻalaba qozonadi. Shuning uchun, jismoniy tayyorgarlikka alohida eʼtibor qaratganmiz. Oʻylaymanki, bu musobaqa davomida biz uchun muammo boʻlmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?