Ekspress konteyner yuk poyezdi Andijonga bir soat oldin bordi (Fotoreportaj)

19:16 05 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
487 0

Ekspress konteyner yuk poyezdi Andijonga bir soat oldin bordi (Fotoreportaj)

Ishonchli, qulay va xavfsiz. Bu tariflar temir yoʻl transportiga tegishli. Shundan ham yildan-yilga dunyo boʻyicha ushbu tarmoq imkoniyatlaridan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda. 

Masalan, bugungi kunda Oʻzbekistonda yuk tashuvlarning 60 foizdan ziyodi temir yoʻl transport ulushiga toʻgʻri kelmoqda.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan Toshkent — Pop (Roustan) —Margʻilon — Andijon yoʻnalishida yoʻlga qoʻyilgan ekspress konteyner yuk poyezdi bu boradagi ishlarni yanada sifatli bajarish imkonini beradi.

20 futli konteynerlarda yuklar Toshkentdan Andijonga, shuningdek, Andijondan Toshkentgacha 10 soatda olib boriladi. Agar konteynerlar Pop, Margʻilon stansiyalariga yuboriladigan boʻlsa, u holda yuk yana ham qisqa vaqtda oʻz egasiga yetkaziladi.

Bugun mazkur poyezd Andijonga birinchi qatnovni amalga oshirdi. Eʼtiborlisi, u belgilangan manzilga bir soat oldin yetib bordi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishning qahraton sovuq, qorli kunlarida Qamchiq dovonidagi tirbandliklar, ovoragarchiliklar, ortiqcha vaqt yoʻqotishlar tadbirkorlarning ishlarida koʻplab noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi.

Mazkur ekspress konteyner yuk poyezdi aynan shunday holatlarning oldini olish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab quvvatlash va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida yoʻlga qoʻyildi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, ekspress konteyner yuk poyezdi ushbu yoʻnalishda 1 haftada 2 marta harakatlanadi. Buyurtmalar ortishiga qarab qatnovlar sonini koʻpaytirish, bundan tashqari respublikamizning boshqa hududlariga ham bunday poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?