Eksportni kengaytirishning muhim sharti

11:01 12 Mart 2018 Iqtisodiyot
596 0

Shu yilning 27 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida bo’lib o’tgan videoselektor yig’ilishi tashqi savdo aylanmasida eksportni ko’paytirish hamda importning ulushini kamaytirish masalalariga bag’ishlandi. Raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va eksportni oshirishga to’siq bo’layotgan omillar tanqidiy tahlil qilindi hamda mahalliylashtirish dasturini ijro etishdagi kamchiliklar ko’rsatib o’tildi.
Xo’sh, bu borada mavjud resurs va imkoniyatlardan nechog’li samarali foydalanayapmiz? Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, uning raqobatdoshligini ta’minlash hamda mamlakatni modernizatsiyalash bo’yicha strategiyani amalga oshirishga zarur bo’lgan valyuta mablag’larini jalb qilish uchun eksport va import hajmini oqilona muvozanatlashtira olayapmizmi?

Shubhaga o’rin yo’q
Yig’ilishdan so’ng bir qator ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda ekspertlar o’z xavotirlarini bildirishdi. “Davlat rahbarining import o’rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini qo’llab-quvvatlash va importni cheklash to’g’risidagi so’zlari taraqqiyotning avvalgi modeliga qaytishdan dalolat bermaydimi?” degan savollarni o’rtaga tashlashdi. Ular nazarida, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish import o’rnini qoplash siyosatining asosiy vositasi hisoblanadi. Bu esa, ekspertlarning fikricha, eksportni kengaytirish uchun bartaraf etib bo’lmaydigan to’siqni yaratadi. Aslida bunday keskin talqin yig’ilishda bildirilgan fikrlarning mutlaqo teskarisi ekanligini ko’rish mumkin.
Keling, raqobatdosh sanoatni yaratish bo’yicha milliy iqtisodiy modeli o’z samarasini bergan Singapur hamda Janubiy Koreya singari davlatlarning bu boradagi tajribalarini olib qaraylik.
Singapurda avvaliga sanoat siyosatini yuritishda protektsionizm, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish unsurlari (import kvotalari soni ko’payishi) bilan bir qatorda, to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarga nisbatan liberal, boshqacha aytganda, birmuncha erkin tartib-taomillar qo’llanilgan. E’tiborlisi, mamlakatda protektsionizm sharoitida ham to’laqonli valyuta konvertatsiyasi amal qilgan. Mamlakat iqtisodiyotining hatto eksportga yo’naltirilgan davrlarida ham (1966 — 1977 yillarda) import o’rnini qoplash siyosati elementlarini uchratish mumkin edi. Masalan, 72 ta tovar pozitsiyasi bo’yicha kvotalar joriy etilgan, import boji soni esa 389 taga etgandi.
Janubiy Koreyada ham shunday davr bo’lganki, mahalliy sanoatning rivojlanishi import o’rnini qoplash chora-tadbirlari bilan uzviy bog’liq kechgan. Xususan, qayta ishlash sanoatini shakllantirishda un, shakar va paxtani qayta ishlashga alohida urg’u berilgan. Mamlakat iqtisodiyotining eng muhim hamda o’zaro bog’liq tarmoqlarini jadal rivojlantirish uchun ham protektsionizm choralari qo’llanilgan. Ushbu choralar davlat iqtisodiyoti to’laligicha eksportga yo’naltirilgan paytlarda ham saqlab qolingan. Bu davrda mamlakat to’qimachilik, poyabzal, yog’ochni qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatlarini rivojlantirish orqali raqobatda boshqalar bilan qiyoslaganda ustunlikka ega bo’ldi.
Sharqiy Osiyo davlatlaridagi sanoat siyosati shundan dalolat beradiki, import o’rnini qoplash modelidan eksportni kengaytirish siyosatiga birdaniga o’tib bo’lmaydi. Ularning o’zaro farqini aniq ajratib ko’rsatishning iloji yo’q. Bizning iqtisodiyotimiz ham aynan shunday o’tish bosqichida turibdi, desak, xato bo’lmaydi. Hozirgi kunda protektsionizm choralarisiz, import o’rnini qoplash hamda import qilinuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish siyosatisiz yuqori qo’shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari negizida eksportga yo’naltirilgan iqtisodiy modelga o’tish qariyb imkonsiz vazifa sanaladi. Rivojlanayotgan mamlakat erkin savdo sharoitlarida tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda qiyosiy raqobat ustunligiga erishmasa, boshqa taraqqiy topgan davlatlar uchun xom ashyo manbaiga aylanish hamda “golland xastaligi”ga (bitta tovar eksportining ko’payishi ta’sirida milliy valyuta kursining oshishiga va mahsulotning importga nisbatan raqobatdoshligi tushishiga) chalinish xavfiga duch keladi.

Mahalliylashtirish — amaliy vosita
AQShning Garvard universiteti professori M. Porter 1990 yilda iqtisodiy nazariya ishlab chiqadi. Bu nazariyani Janubiy Koreya birinchilardan bo’lib amaliyotga joriy etadi. Unga ko’ra, mamlakatning raqobatdoshligi milliy sanoatning doimiy ravishda rivojlanish hamda innovatsiyalarni ishlab chiqarishga qodirligi bilan belgilanadi. Uning negizida to’rtta muhim jihat, ya’ni mehnat, tabiiy resurslar, infratuzilma, bilim, kapital singari omillarga ega sharoitlar, ichki hamda tashqi talab, o’zaro aloqador (texnologik jihatdan biri-birini to’ldiradigan) va ko’makdosh tarmoqlar (tarkibiy buyumlar, yarimtayyor mahsulotlar hamda boshqalarni etkazib berish) rivojlanganligi va ichki bozordagi raqobat (bu omil istiqbolda firmaga tashqi bozorda raqobatda ustunlik beradi) yotadi.
Mavzu nuqtai nazaridan ushbu nazariyaning oxirgi ikki omili haqida batafsilroq to’xtalib o’tish joiz. Janubiy Koreyada klasterlarning shakllanishida bir-birini texnologik to’ldiradigan, aloqador ishlab chiqarishdagi rivojlanish omili aksariyat hollarda import qilinadigan tarkibiy buyumlarni hamda yarimtayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish yo’li bilan ta’minlangan. Bu sanoatni modernizatsiyalashning amaliy vositasi sifatida ham qo’llanilgan. Xitoyning erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va rivojlantirish bo’yicha tajribasi ham bunga yaqqol misol bo’la oladi. Bunday zonalarda investorlar uchun qat’iy talablar belgilangan, yangi mahsulot ishlab chiqarishni o’zlashtirish bo’yicha mahalliylashtirishning eng kam chegarasi o’rnatilgan.
Shu o’rinda mahalliylashtirish sanoat siyosatining vositasi sifatida faqatgina rivojlanayotgan mamlakatlarda, faqat import o’rnini qoplash maqsadidagina foydalanilmayotganini aytish kerak. Misol uchun, 2008-2009 yillardagi global inqiroz davrida dunyoda yuzdan ortiq yirik mahalliylashtirish dasturlari amalga oshirilgan. Ulardan 14 tasi AQShda, 5 tasi Kanadada ro’yobga chiqarilgan.
AQShda ishsizlikni kamaytirish maqsadi mahalliylashtirish choralarini qo’llashga undadi. Masalan, AQSh kongressi tomonidan “Amerika mahsulotlarini xarid qil” tamoyilini amalga oshirish hamda “American Recovery and Reinvestment Act” dasturi ijrosi doirasida mahalliylashtirishni rag’batlantirish mexanizmi sifatida davlat xaridlari uchun 787 milliard dollar ajratildi. Bundan tashqari, yangi tarmoqlarni rivojlantirish zarurati, yuqori texnologik ishlab chiqarishni, axborot texnologiyalarini, qayta tiklanadigan energiya manbalarini yo’lga qo’yish bo’yicha belgilab olingan vazifalar ham mahalliylashtirish siyosati uchun katta yo’l ochdi.
Demak, mahalliylashtirish shunchaki import o’rnini qoplash siyosati emas. Bu ish o’rinlarini yaratish, chet el investitsiyalari hamda texnologiyalarini jalb qilish va qo’shilgan qiymat global zanjiri (tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy taqsimoti)ga kirishni ta’minlaydigan samarali mexanizm hamdir. Prezident tomonidan mahalliylashtirish dasturlarini shakllantirish hamda amalga oshirish jarayoni tanqidiy baholangani ham aynan yuqori qo’shilgan qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar eksporti uchun ishonchli asos yaratish zarurati bilan bog’liqdir.
Ichki bozordagi raqobat haqida gap ketganda, shuni qayd etish kerakki, u ko’p jihatdan sanoatdagi tarkibiy muammolar bilan bog’liq bo’lib, tashqi bozordagi raqobatga bardosh bera olmaydi. Shuning uchun ham Harakatlar strategiyasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatdoshligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni import qilishga alohida urg’u berilgan. Chunki bularsiz raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishning iloji yo’q. Qo’shilgan qiymat global zanjiriga (yoki texnologik zanjir) kirish uchun to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb etish ham ana shunday vositalardan biri hisoblanadi. So’nggi bir yarim yil mobaynida yangi texnologiyalarni joriy qilish, jumladan, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o’tkazish, ta’lim tizimini rivojlantirish hamda klasterlar shaklida yangi sanoat komplekslarini yaratish bo’yicha amalga oshirilgan siyosat aynan ushbu maqsadga qaratilgan.

Oqilona protektsionizm
O’zbekistonda xom ashyo tovarlarini chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot eksportini kengaytirishga e’tibor tobora kuchaytirilmoqda. BMT tomonidan qo’llaniladigan Bosh imtiyozlar tizimidan farq qiladigan milliy tarif imtiyozlari tizimi joriy etilgan. Mamlakatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlari yo’lida aksariyat import qilinadigan tayyor mahsulotlarga nisbatan yuqori boj to’lovlari o’rnatilgan. Bu amaldagi savdo rejimi himoya xususiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Bunday mexanizm dunyoning ko’plab mamlakatlari tomonidan qo’llaniladi. Masalan, AQShda sanoat tovarlari bozorini himoya qilish maqsadida maxsus tariflarni o’rnatish amaliyoti mavjud.
Ammo shuni qayd etish kerakki, milliy iqtisodiyotimizda bugungi kunda barcha turdagi import qilinadigan tovar pozitsiyalari bo’yicha boj to’lovlari belgilangan edi (boj to’lovi, QQS va aktsiz). Bunda 30 foizdan oshmaydigan tovar pozitsiyalari bo’yicha mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilardi. Bunday haddan ziyod himoya choralari savdo tartib-taomillari muvozanatini buzadi hamda narx omillari nafaqat ichki bozorda, balki eksport tovarlari qiymatining ham oshishiga olib keladi. Shuning uchun mahalliy eksport qiluvchilar raqobatdoshligini kuchaytirish zarurati nuqtai nazaridan ham barcha turdagi tovarlar pozitsiyasi bo’yicha boj to’lovlarini qayta ko’rib chiqish maqsadga muvofiq sanaladi. Biz raqobatda qiyosiy ustunlikka ega bo’lgan eksport pozitsiyalari bo’yicha muayyan muddatga import cheklovlarini saqlab qolish maqsadga muvofiq. Ammo import o’rnini bosuvchi ishlab chiqarishni rag’batlantirish uchun cheklovlarning haddan tashqari ko’payishi vaqt o’tishi bilan teskari natija berishi mumkinligini ham unutmaslik lozim. Ya’ni eksport qiluvchilar tashqi bozordan ichki bozorga o’z mahsulotlarini yo’naltirishdan manfaatdor bo’ladi va shu yo’l bilan eksport hajmining kamayishiga olib keladi.
Shulardan kelib chiqib, qolaversa, Jahon savdo tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar qoidalariga muvofiq, aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlar so’nggi yigirma yil davomida import tariflarini kamaytirish choralarini amalga oshirib kelishdi. Rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiy siyosatida eksportni rag’batlantirishning muqobil usullari yanada ko’proq qo’llanilmoqda. Misol uchun, infratuzilmani yaxshilash, telekommunikatsiyani rivojlantirish, davlat, moliya va transport xizmatlari sifatini oshirish pirovardida eksport qilinadigan tovarlarning ichki tranzaktsion sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Ekspertlar fikricha, bunday xarajatlar mahsulot tannarxining 30 foizigacha etadi. Ushbu omil mamlakatimiz eksport qiluvchilari raqobatdoshligini oshirish uchun ishga solinmagan muhim zaxira hisoblanadi.
Bundan tashqari, yurtimizning istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lishga intilishini inobatga oladigan bo’lsak, JST a’zolari o’z milliy ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish hamda eksportni rag’batlantirish uchun foydalanish huquqiga ega bo’lgan sanoat siyosati mexanizmlarini ko’rib chiqish talab etiladi.
Xalqaro amaliyotda ishlab chiqarishni subsidiyalash, soliq va moliyaviy imtiyozlar berish, davlat kafolati bilan kreditlar ajratish singari moliyaviy vositalar keng tarqalgan. Ulardan samarali foydalanish milliy eksportyorlarning yuqori darajada raqobatdoshligini oshirishga xizmat qiladi. Mohiyatan yuqorida sanalgan mexanizmlar ham himoya choralari hisoblanadi. Ular Tarif va savdo bo’yicha bosh bitim klassifikatsiyasida notarif protektsionizm vositalari qatoriga kiritilgan. Ular qariyb har jabhada qo’llaniladi.
Shu bilan birga, milliy iqtisodiyotning raqobatdoshligini oshirish uchun mahalliy eksport qiluvchilarning ichki raqobatini rivojlantirish lozim. JSTga a’zo-davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, raqobatga mas’ul institutlar rolini kuchaytirish nuqtai nazaridan amaldagi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunni qayta ko’rib chiqish vaqti keldi. Qonunning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag’batlantirishga oid qismlari, ayniqsa, atroflicha ko’rib chiqilishi lozim. Qonunda barcha maqsad va tamoyillar aniq-ravshan bayon etilishi kerak, raqobat muhitini yaratish vositalari esa transparent, ochiq-oshkora bo’lmog’i hamda ular to’g’ridan-to’g’ri amal qilmog’i lozim.

XXI asrni raqobat boshqaradi
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy islohotlar ko’p qirrali bo’lib, XXI asrning muvaffaqiyatli rivojlanayotgan mamlakati uchun samarali sanoat siyosatini olib borishga qaratilgandir. Mahalliylashtirish dasturlari milliy eksportning raqobatdoshligini ta’minlashga doir choralar bilan uyg’un ravishda amalga oshirilishi kerak. Bunda eksport faoliyatini yo’lga qo’yish, uni nazorat hamda monitoring qilishning yangi tizimi joriy etilishi va ishlab chiqilayotgan “yo’l xaritalari” sanoat ravnaqi hamda mamlakat raqobatdoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Hukumat tomonidan belgilanadigan tartibga soluvchi qoidalar esa import o’rnini qoplash siyosatini eksportni kengaytirishga yo’naltirish imkonini beradi.
Sharofiddin NAZAROV,
Iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktori,
iqtisod fanlari doktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?