Eksportga qanot yangi quvvatlar yoki kichik sanoat hududining katta imkoniyatlari

10:20 24 Avgust 2020 Iqtisodiyot
203 0

Namangan hunarmand, har yumushning tadbirini topadigan jonsarak insonlar maskani. Bu yerda, masalan, oʻsha yakka tartibdagi ishlab chiqarish va xususiy mulkchilik taʼqiqlangan shoʻrolar davrida ham hunar egalari xonaki usulda tayyorlangan kamalakrang atlasu adras, bejirim poyabzallari bilan isteʼmol bozorini toʻldirishganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. Zamon oʻzgarib biznesga erkinlik berilishi bilan hunar egalari, oʻz ishlab chiqarishini tashkil etishni diliga tukkan yurtdoshlarimizga eshiklar katta ochildi. Buning samarasi bugun iqtisodiyotdagi ulkan oʻzgarishlar, unda mulkchilikning nodavlat shaklidagi subyektlar ishtiroki ustuvor oʻringa koʻtarilganida yaqqol koʻzga tashlanadi. Zero,oʻtgan yil yakuni bilan viloyat yalpi hududiy mahsulotining 79,3 foizi aynan kichik va oʻrta biznes tuzilmalari hissasiga toʻgʻri kelganligi, ayni yoʻnalishda Namanganni butun mamlakatga namuna qilib koʻrsatilayotgani ham bejiz emas.

Oʻz biznesini yoʻlga qoʻyaman degan tadbirkorga nima kerak? Eng avvalo uzoq yillar naf beradigan puxta gʻoya, agar u ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlsa yetarli maydon, sharoit va emin-erkin ishlash uchun imkoniyat. U yogʻiga oʻzi tortib ketadi. Gapning rostini aytganda boshqa joylardagi singari Namanganda ham yaqin vaqtga qadar ushbu masalalar yechimida sustkashlik koʻzga tashlangani sir emas. Shahar va tumanlarda qoʻlida sarmoyasi bor, bir ishni boshlasa oxiriga yetkazishga koʻzi yetadigan minglab insonlarning gʻoyalari, aytaylik, birgina faoliyat maydoni yoki bino yoʻqligidan yuraklar qatida saqlanib keldi. Sarsongarchilikdan zerikib, qoʻl siltab ketganlar qancha. Har tugunning yechimi bor. Yurtimizda tadbirkorlik harakatini tubdan rivojlantirish borasidagi amaliy harakatlar bilan bu tugunlar ham yechildi. Jumladan,joylarda ishbilarmonlik subyektlarining mujassam faoliyatini yoʻlga qoʻyishga moʻljallangan zarur infratuzilmaga ega kichik sanoat zonalari tashkil etishga qaror qilingani vaziyatdan chiqishning maqbul choralaridan biri boʻldi. Shunday hudud viloyatda birinchilar qatorida oʻtgan yil avvalida Namangan shahridagi “Orzu” dahasida ish boshlagan edi. Soʻngra «Paxtalikoʻl», bu yil esa “Yuksalish” KSZ istiqbolli biznes portfeliga ega tadbirkorlarni quchogʻiga oldi.

— Yengil sanoat, xususan, toʻqimachilik va tikuvchilik Namanganni jahonga tanitayotgan sohaga aylandi, — deydi viloyat markazidagi “Zamin kiyim sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Izzatillo Usmonov. — Masalan, bugun shahrimizning qoʻli gul chevarlari tomonidan “Ideal”, “ Vakkoni” singari oʻnlab brendlar ostida tikilayotgan bejirim kostyum shimlar jahonning istalgan mashhur fabrikalari mahsulotlari bilan bellasha oladi. Hamkasblarimiz endilikda Rossiya Federatsiyasi yoki qoʻshni respublikalardan tashqari olis xorij —Yevropa davlatlari bozorini ham zabt etishga kirishgani ayniqsa kishida faxr uygʻotadi. Biz oʻz mahsulotlarimizni “Usmon Brothers” savdo yorligʻi bilan sotuvga chiqaramiz. Quvvatlar ortib dastlab ish boshlagan fabrikamiz ancha torlik qilib qolgan edi. “Yuksalish”dan joy ajratishdi. 24 milliard soʻm qiymatdagi loyihani qisqa fursatda nihoyasiga yetkazdik. Bu yerda ishlab chiqarish shart-sharoitlariga gap yoʻq. Yangi ishlab chiqarish binosiga Yaponiya, Italiyadan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyani oʻrnatganmiz. Yiliga 10 milliard soʻmlik miqdorda kostyum shim, kurtka, palto, ayollar ustki kiyimlari tikish imkoniyati mavjud. Ishlovchilar soni biznes rejada koʻrsatilganidek 400 nafarga yetadi.

Tadbirkorlar jamlangan joyda raqobat kuchayadi. Busiz isteʼmol bozoriga kirib borish va undan munosib oʻrin egallash mushkul. “Yuksalish”da amalga oshirilayotgan loyiha tashabbuskorlarining aksariyati import oʻrnini bosadigan mahsulot tayyorlash yoʻlini tanlagani ham shundan. Masalan, “Art soft ceramics Holding” kompaniyasi yangi ishlab chiqarishni oʻzlashtirish orqali keramika buyumlari bilan bozorga kirib borishni niyat qilgan. Maʼlumotlarga qaraganda, yurtimizda talab yuqori boʻlgan ushbu qurilish ashyosi asosan Eron va Xitoydan import qilinmoqda. Ichki talabning 45 foizigina mahalliy korxonalar tomonidan qoplanmoqda. Buning ustiga narxi ham ancha baland. Namangandagi kompaniya mahsulotni tayyorlashda toʻla mahalliy xom ashyodan foydalanish, tejamkor texnologiyani qoʻllash hisobiga narxni birmuncha arzonlashtirish niyatida. Masalan, bu yerda turdosh korxonalardan farqli ravishda birlamchi mahsulotlar uchun sarflanayotgan energiya turbinalar orqali qayta pechga yoʻnaltiriladi. Eʼtiborli jihati,yangi quvvatlar yordamida isteʼmol bozorining ushbu mahsulot importiga boʻlgan ehtiyojini toʻla qoplash, hatto, qoʻshni respublikalarga eksport ham qilish mumkin.

Darhaqiqat, gullar shahrining istiqbolli mavzelaridan boʻlgan “Yuksalish” mahallasida 117 gektar maydonda barpo etilgan mazkur kichik sanoat zonasi isteʼmol bozorini toʻldirish, yangi mehnat oʻrinlari yaratish, eksport amaliyotlarida faol qatnashish orzusidagi tadbirkorlar uchun chinakam imkoniyatlar maydoni boʻldi. Bu yerda qurilish materiallari, mashinasozlik va metallga ishlov berish, elektronika vositalari, toʻqimachmilik, tikuvchilik va boshqa yoʻnalishlarni oʻzi ichiga olgan 95 ta loyihani roʻyobga chiqarish koʻzda tutilgan. Ular ijrosida asqatadigan infratuzilma — gaz, suv, elektr, kanalizatsiya tarmoqlari tezkorlik bilan shay holatga keltirildi, keng va ravon yoʻl chiqarildi. Joriy yil boshidayoq dastlabki tadbirkorlik subyektlari oʻzlarining ishlab chiqarish binolariga koʻchib kira boshlagan edi. Bugunga kelib 66,9 milliard soʻm qiymatdagi 32 ta loyiha ishga tushirildi. Ularda shifer, poʻlatdan choksiz quvurlar, suv nasoslari, elektr dvigatel, momiq sochiq, trikotaj buyumlari va boshqa import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanmoqda.

— Ayni kunda “Yuksalish” singari kichik sanoat hududlari soni 14 taga yetdi,-deydi viloyat kichik sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyasi direktori Farrux Azimov. - Ularda puxta biznes rejasi bilan tanlovda gʻolib chiqqan 206 nafar tadbirkor oʻz loyihasini joylashtirgan. Bilsangiz bu insonlarning oʻziga ishonchi baland, davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitni ham qadrlashadi. Buni, masalan, barcha loyihalar uchun talab etiladigan 1 trillion 678 milliard soʻm mablagʻning 1 trillion 244 milliard soʻmini oʻz sarmoyalari hisobidan qoplayotganlarida ham koʻrish mumkin. Hozirgacha amalga oshirilgan katta ishlarning boshlanishi. Yaqinda viloyat tumanlarida yana 20 ta kichik sanoat zonasi tashkil etishga kirishildi. Unda anchagina koʻp-485 ta loyiha roʻyobga chiqariladi. Bu bilan 22,5 mingta yangi mehnat oʻrinlari vujudga keladi.

— Viloyat markaziga yondosh Uychida ham zamonaviy mini sanoat shaharchasi barpo etish jadal olib borilmoqda, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari Farhod Mamadaliyev. — Ayni maqsad uchun foydalanilmayotgan joydan 8 gektar maydon ajratib berildi. Hozirgi paytda bu yerda zarur infratuzilma tizimini yaratishga kirishilgan. Bu singari barcha sharoitlar mujassamlashgan hududda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish talabgorlari juda koʻp. Toʻgʻri, ularning barchasini sigʻdirish qiyin. Masalaning shu jihatidan kelib chiqib, tadbirkorlar tomonidan taklif etilgan loyihalar tanlovga qoʻyildi va eng yaxshilari saralanib, amalga oshirish uchun har biriga 30 sotixdan yer  ajratildi. Tanlab olingan loyihalar orasida tovuq goʻshtini qayta ishlashga yoʻnaltirilgan parrandachilik klasteri, farmatsevtika, mebelsozlik, polietilen quvurlar, qurilish boʻyoqlari, cherepitsa, gipsokarton, profnastil, meva sharbatlari va konserva tayyorlash yoʻnalishlari bor.Umumiy qiymati 200 milliard soʻmdan ziyod ushbu loyihalar ijrosi bilan 1000 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Namanganda viloyat faollari bilan uchrashuvida taraqqiyot omillari haqida toʻxtalib, kichik va oʻrta biznesni iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi daromadlarini oshirishning eng muhim drayverlaridan biri sifatida tilga oldi. Uni ishga solish kambagʻallikni qisqartirish yoʻlidagi harakatlarimizga kuch bagʻishlaydi, xususan, muhtoj oilalar aʼzolarining bandligini taʼminlashga hissa qoʻshadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?