Eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona koʻrigidan oʻtkazilmaydi

10:24 26 Oktyabr 2018 Jamiyat
927 0

Mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, yangi bozorlarni oʻzlashtirish va byudjetga tushumni koʻpaytirish meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uchun qay darajada qulay shart-sharoit yaratilgani bilan chambarchas bogʻliq.

Oʻzbekistonda bu borada zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, eksport qilish tartibini soddalashtirish orqali uning hajmini yuksaltirish, logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda eng koʻp eksport hajmi boʻyicha gazdan keyingi oʻrinni meva-sabzavot egallab turibdi. Hozirgi kunda dunyoning 80 davlatiga 180 turdagi meva-sabzavot yetkazib berilayotgani ham shundan dalolatdir.

Yutuqlar oʻzimizniki. Ammo ana shu muvaffaqiyatlar salmogʻini yanada orttirishga, jumladan, meva-sabzavot mahsulotlari eks­porti hajmini yanada koʻpaytirish va turlarini kengaytirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar ham saqlanib qolmoqda.

Ayni paytda xorijga yoʻnaltirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy qismi fermer, dehqon xoʻjaliklari hamda kichik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yordamchi xoʻjaliklarda yetishtirilyapti. Lekin eksportga ruxsat berish bilan bogʻliq ayrim tartib-taomillar ularning mahsulotlarini chetga sotish imkoniyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan edi.

Misol uchun, joriy yilda yetishtirilgan achchiq qalampir, piyoz, sarimsoqpiyoz, loviya, mosh eksporti boʻyicha muammolar haligacha oʻz yechimini topmadi. Natijada ushbu mahsulotlarning atigi 10 foizigina chetga sotilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eksportga mahsulot yetkazib berishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirishga katta turtki beradi.

Hujjatga asosan, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartiblarini bekor qilish, shu orqali ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida bir qator yangi qoidalar kiritildi.

Xususan, yuridik shaxslarga meva-sabzavot mahsulotlari eks­portini dastlabki toʻlovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini ­siyosiy va tijorat xavflaridan sugʻurta polisisiz amalga ­oshirish huquqi berildi.

Shu bilan birga, yuridik shaxs­lar meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni oʻz vaqtida taʼminlamagan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan toʻlov olish talablari ularga qoʻllangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladi.

Taʼkidlash kerakki, 2017 yilning 1 iyulidan boshlab tadbirkorlik subyektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz toʻlash sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida eksport qilishga ham ruxsat berilgan edi. Eng muhimi, bundan buyon tadbirkorlik subyektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega boʻlmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.

Qaror bilan bojxona organlari tomonidan eksport qilinayot­gan meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona koʻrigidan oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar ham oʻz yechimini topdi. Endilikda bunday mahsulotlar bojxona koʻrigidan oʻtkazilmaydi.

Binobarin, tadbirkorlik subyektlari oʻzlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha infratuzilma obyektlari qurish uchun yengil konstruksiya­larni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishi mumkinligi belgilandi.

Yana bir muhim yangilik: organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha dastlabki qadam tashlandi. Yaʼni mamlakatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq, meva-sabzavot yetishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Hozirgi vaqtda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksportga yoʻnaltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining turlari, hajmi, summasi va yetishtirish hududlari kesimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, eksport jarayonining barcha bosqichini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini ­eksport qiluvchilar axborot ­portali ishlab chiqiladi.

Xulosa shuki, ushbu tarixiy hujjat tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ish sharoitlarini yaxshilash hamda mamlakat tashqi savdo salohiyatini yuqori pogʻonaga olib chiqishda muhim dasturilamal boʻladi.

Islom Zokirov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?