Ekspert: “Tojikiston O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlamoqda”

14:06 17 Avgust 2018 Siyosat
170 0
Foto: Omonulla Fayziyev / “Xalq so‘zi”

Poytaxtimizda jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot markazida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning yurtimizga amalga oshirayotgan davlat tashrifi yuzasidan matbuot markazida siyosatshunoslar, tahlilchilar, ekspertlar tashrif yuzasidan fikr-mulohazalarini ham bildirmoqdalar. Bu haqda tadbirni bevosita yoritib borayotgan “Xalq so‘zi“ muxbiri Omonulla Fayziyev xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bahrom Sotiboldiyev quyidagilarni aytib o‘tdi:

- Tojikiston O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlamoqda, - deydi ekspert. - Shu yil mart oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Birinchi maslahat uchrashuvida Prezident Imomali Rahmonning qatnashishi buning tasdig‘i bo‘ldi. Shu bilan birga, Tojikiston BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini qabul qilish, SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l bo‘yicha idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish va SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaatini qabul qilish, shuningdek, 2020 yilda IHTning Fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammitini O‘zbekistonda o‘tkazish borasidagi Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni to‘la qo‘llashini bildirdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston suv-energetika resurslaridan mintaqa mamlakatlari manfaatlari bilan hisoblashgan holda oqilona va tenglik asosida foydalanish zarurati haqida bir to‘xtamga keldi. Xorijiy ekspertlar qayd etganidek, ushbu yo‘nalishdagi o‘zbek-tojik munosabatlarining konstruktiv xarakteri Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy harakatlarga faollashtiruvchi ta’sir etishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?