Ekspert: O‘zbekiston istiqbolda global gaz bozorining salmoqli ishtirokchisiga aylanishi mumkin

18:29 23 May 2018 Iqtisodiyot
514 0
Газовое месторождение в Узбекистане
Foto: ru.sputniknews-uz.com

Bugun O‘zbekiston mintaqa energetika bozoridagi jiddiy ishtirokchilardan biri va istiqbolda global gaz bozorining salmoqli vakillaridan biri bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi (GECF) bosh kotibi Yuriy Sentyurin.

Uning ta’kidlashicha, dunyoda energiyaga bo‘lgan talab faqat oshib bormoqda. Birgina 2040 yilga kelib bu boradagi ko‘rsatkich neft ekvivalenti bo‘yicha 17,8 gigatonnaga yetadi. 

“Boz ustiga, tabiiy gazga bo‘lgan talab jadal sur’atlarda o‘sib boradi va 2040 yilga kelib uning dunyo energetika balansidagi ulushi 25-26 foizga yetadi hamda mazkur ehtiyojlarni qondirishdagi yirik o‘rinlardan biri O‘zbekistonga tegishli bo‘ladi”, deya qayd etadi ekspert.

“O‘zbekiston salmoqli uglevodorod resurslari va zaxiralari, jumladan, gazga ega bo‘lishi sharofati bilan mintaqa energetika bozorining jiddiy vakili hisoblanadi va u istiqbolda global bozorda ham shunday pog‘onaga chiqishini istisno qilmayman. O‘ylashimcha, O‘zbekiston rahbariyatining gaz qazib chiqarishni oshirish bo‘yicha rejasi mamlakat gaz dunyosida munosib o‘rin egallashni maqsad qilganini o‘zida ifodalaydi”, - deydi Sentyurin.

Ekspertning fikricha, mazkur rejalar yangi konlar, geologorazvedka ishlariga faol sarmoya yo‘naltirish, mavjud infratuzilmalarni modernizatsiya qilish, yangilarini ochish hisobiga ro‘yobga chiqadi. Uning aytishicha, O‘zbekistonning xalqaro bozordagi hissasi Markaziy Osiyo – Xitoy global loyihasi doirasida yangi tarmoq hamda Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston (TAPH) gaz quvuri barpo etilishi hisobiga mustahkamlanishi mumkin.

“O‘zbekiston TAPH loyihasida ishtirok etish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. O‘zbekiston rahbariyati shu bo‘yicha taklif olganidan xabarim bor. Hozir shu haqda o‘ylanmoqda. Bir qancha vaqt avval biz uchun juda istiqbolli ko‘ringan yana bir loyiha haqida aytishgandi. Uni amalga oshirish qiyin bo‘lsa-da, hisobdan chiqarmagan bo‘lardim. Bu janubiy yo‘lak bo‘yicha yangi shoxobcha qurish hisobiga Xitoyga gaz yetkazib berishdir”, - dedi GECF bosh kotibi.

Ma’lumot uchun, Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi (GECF) xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, o‘zida Jazoir, Boliviya, Venesuela, Misr, Eron, Katar, Liviya, Nigeriya, BAA, Rossiya, Trinidad va Tobago, Ekvatorial Gvineya kabi davlatlarni birlashtirgan. Iroq, Qozog‘iston, Niderlandiya, Norvegiya, Ummon va Peru ushbu tashkilotning kuzatuvchilari maqomiga ega. 

Mazkur davlatlar dunyo gaz zaxiralarining 67 foizini, suyultirilgan gaz savdosining 65 foizini va gaz quvurlari orqali zangori olov yetkazib berishning 63 foizini nazorat qiladi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?