Ekspert: “O‘zbekiston haqiqatan ham juda yorqin kelajak sari ketmoqda”.

15:37 19 Iyun 2018 Siyosat
237 0
Foto: “Xalq so‘zi”

AQSHdagi J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, professor, O‘zbekiston bo‘yicha taniqli ekspert Frederik Starr “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiriga bergan intervyusida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar, jamiyat qiyofasidagi o‘zgarishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Quyida ana uning ayrim fikrlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Frederik Starr mamlakatdagi bugungi kunga xos asosiy jihat subyektlarning emas, aynan fuqarolarning huquq va imkoniyatlari kengaytirilishi ekanligini ta’kidlar ekan, mazkur g‘oya ro‘y berayotgan o‘zgarishlar jarayonining eng asosiy kaliti hisoblanishiga urg‘u berdi.

F.Starr O‘zbekistonda oldinlari o‘tgan rahbarlarni tanqid qilish, ularni unutish holatidan farqli ravishda Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovga nisbatan juda ijobiy munosabatda bo‘lishi qatorida, Sharof Rashidov nomini ham qayta tiklaganini aytib o‘tdi.

Ekspert O‘zbekiston jamiyatida huquqiy, qonun ustuvorligi kabi ko‘plab sohalarda qator tashabbuslar amalga oshirilayotgani, ayniqsa, dunyoqarashda, ruhiyatda, psixologiya borasida eng katta o‘zgarishlar ro‘y berayotganini qayd etib o‘tdi:

“O‘ylashimcha, odamlar bularga jiddiy yondashyapti. Ular o‘z hayotida o‘zgarishlarni xo‘sh kayfiyat bilan kutib olmoqda. ...Biz bilgan, ammo shu paytgacha tanqid qilinmagan narsalarni muhokama etish uchun yangicha ochiqlik paydo bo‘ldi. Bularning barchasi psixologik sohada bo‘lib, hammasi juda ijobiydir ”, - dedi u.

“Saylovda nima bo‘ldi? O‘ylashimcha, saylov O‘zbekistonda, Markaziy Osiyoda avlodlar almashinuvi ramziga aylandi. Sababi, bu hamon ro‘y bermoqda. Siz turli bilim va tajribalarga ega o‘g‘il va qizlarning mutlaqo yangi avlodiga ega bo‘layapsiz”, deya qo‘shimcha ham qilib o‘tdi.

“AQSHning O‘zbekistonga nisbatan hozirgi siyosati qanday va u Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifidan so‘ng o‘zgarishi mumkinmi?” deya berilgan savolga F. Starr quyidagicha javob qaytardi:

“O‘ylashimcha, u o‘zgardi. Bu ijobiy. Yaqin o‘tmishda, ayniqsa, Andijon voqealaridan so‘ng qiyin paytlar bo‘ldi, bunga nisbatan nafaqat g‘arb, balki dunyo hamjamiyatining javobi muvaffaqiyatsiz chiqqani biz uchun dars bo‘ldi. Bu aniq faktlarga emas, karikaturalarga asoslangan edi. Lekin bugun biz bu doirani tark etdik va umumiy qiziqishlar nafaqat yuqori diplomatik darajaga chiqdi, balki iqtisodiyot, investitsiyalar kabi sohalarda fuqarolar o‘rtasidagi aloqalar sur’ati o‘sishiga ham guvoh bo‘linadi. Bunday qiziqish ta’lim, madaniyat, xullas, barcha jabhalarda ko‘payishini ham ko‘rasiz”.

F.Starr O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston-AQSH munosabatlari oxirgi 25 yilda eng yuqori nuqtaga yetganini bejiz ta’kidlamaganiga e’tibor qaratdi quyida berilgan savollarga javob qaytardi.

— Siz bu yerda, Vashingtonda odamlar bilan muloqot qilasiz. Ular Prezident Shavkat Mirziyoyev haqida qanday fikrda? U qanday taassurotlar qoldirdi?

— Juda yaxshi. U juda yaxshi, to‘g‘ri gapiradi. Menga qolsa, cho‘rt kesib gapiradi, degan bo‘lardim. Buni o‘zlarini ochiq deb biladigan amerikaliklar juda ijobiy kutib oldi. Ular O‘zbekistondagi o‘zgarishlar iqtisodiy sohada ochiqlik yaratayotgani(bu ikki tomon uchun ham juda muhim) va mintaqadagi diplomatiya tubdan o‘zgarganini aniq tushunishdi. Binobarin, Amerikaning ham, G‘arbning ham bunga javobi ijobiy bo‘ldi, sababi O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo mintaqasiga kirish uchun eshiklarini haqiqatan ham ochib berdi. Bu juda ijobiy.

Ekspert O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilari bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqanini oldinga tashlangan jiddiy qadam deb atadi.

“Umuman Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan holat — bu o‘z-o‘zini anglashning mustahkamlanishidir. Mintaqa tashqi bosim orqali emas, balki o‘zini-o‘zi topishi juda muhimdir”, der ekan O‘zbekiston muvozanatli, biroq eng avvalo, mustaqil tashqi siyosat olib borayotganini ta’kidladi.

F. Starr o‘zaro biznes hamkorligi doirasida sezilarli darajada yangi investitsiyalar kiritilgani, yana yangilari yo‘naltirilishi, O‘zbekistondan AQSHga eksport amaliyotlari yo‘lga qo‘yilishi, o‘zbek tilini o‘rganadigan amerikaliklar soni ko‘payishi haqida ham aytib o‘tdi.

“O‘zbekiston boshqa ko‘rinishdagi jamiyat, musulmon dini ustuvor bo‘lgan davlatning yangi modelini yaratayapti. Bu juda ochiq model. Bu bag‘rikeng model, bu zamonaviy model, lekin u normal diniy hayot kechirishga xalaqit bermaydi. Bu global ahamiyatga ega va mana ko‘rasiz dunyo miqyosida odamlar bunga jiddiy e’tibor qaratishadi” dedi u.

— “Kelgusi oyda sizning muharrirligingiz ostida yangi kitob chiqadi. “O‘zbekistonning yangicha qiyofasi” nomli asar bo‘limlaridan birining nomi “Oldinda nima bor”. Shunday ekan, O‘zbekistonni oldinda nima kutayapti?”

— Amerika beysbolida shunday mashhur holat kuzatilgan. Ushbu sport turida ba’zan xato qilasiz, ba’zan esa qo‘lingizdan keladi. Biroq ikki avlod oldingi juda mashhur o‘yinchi zarba beradigan joyga kelib, koptokni qayerga urib chiqarib yubormoqchi ekanligini dadillik bilan ko‘rsatadi. Ya’ni u koptokni maydondan tashqariga chiqarib yuborishini aytadi. Aslida bu juda murakkab zarba. U esa ishonch bilan yana o‘sha tomonni ko‘rsatadi. Ko‘pchilik nima bo‘layotganini so‘raydi, bunday qilma deydi. Lekin u zarba beradi va koptok maydondan tashqariga chiqib ketadi. O‘ylashimcha, mazkur islohotlar ham xuddi shu holatga o‘xshaydi.

Qarshilik bo‘ladi. U ichki ham, tashqi ham bo‘lishi mumkin. Buni hali bilmaymiz. Bu aslida hayotda normal holat. Savol muhokamalar, argumentlar, oppozitsiya paydo bo‘ladimi-yo‘qmi, u haqida emas. Bular o‘z-o‘zidan bo‘ladi. Savol tizim buni qanday uddalashi haqida.
U suhbatni shunday so‘zlar bilan yakunladi: “O‘zbekiston haqiqatan ham juda yorqin kelajak sari ketmoqda”.
S. Maxsumov tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?