Ekspert oilalarda kelib chiqayotgan ziddiyatlarning asl sababini maʼlum qildi

18:08 18 Sentyabr 2018 Jamiyat
604 0
Illyustrativ foto

Oila masalasi juda nozik. Oʻrni kelganda bir ogʻiz oʻylamay aytilgan gap, ortiqcha aralashuv ham bu muqaddas qoʻrgʻonning darz ketishi, oiladagi nizolarning chuqurlashuviga sabab boʻlishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbati oila munosabatlari tahlilida toʻgʻri yondashuvni tanlash masalalariga bagʻishlandi. Aniqrogʻi, OAVda oila masalalariga bagʻishlangan axborotlarni tizimli ravishda sifatli yoʻlga qoʻyish strategiyasi ishlab chiqilib, bu borada bir necha samarali takliflar oʻrtaga tashlandi.

“Oilada aksariyat ziddiyatlar, kelishmovchiliklar, ajrimlar koʻp hollarda oila huquqini bilmaslikdan kelib chiqadi. Bu borada, ayniqsa, chekka-cheka hududlarda hatto, qonuniy nikohsiz yashab kelayotgan oilalarga huquqiy masalalarda yordam beruvchi chora-tadbirlar, media loyihalar ishlab chiqilsa, samarali natijaga ega boʻlishimiz mumkin. Chunki, oiladagi koʻpgina nizolar, ziddiyatlar aynan oʻz huquqlarini bilmaslikdan ham kelib chiqadi. Shu bois, bu kabi dasturiy rejalar hamkorlikda ishlash, oilaga yanada yaqinroq kirib borishga yordam beradi”, – deydi Toshkent davlat yuridik instituti dotsenti Umida Shoahmedova.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston elektron OAV Milliy assotsiatsiyasi kabi jamoat tashkilotlari vakillari bu masalaga birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan yechim topish mumkinligini taʼkidladilar. Seminarda soʻz olgan olimlar, psixologlar, professor-oʻqituvchilar, soha mutaxassislari, OAV xodimlari bu borada jurnalist etikasi, odob-axloq meʼyorlari va boshqa insoniy tamoyillarga rioya etish oilalar tinchligi hamda barqarorligida muhim ahamiyat kasb etishi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bayon etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?