Ekspert: Misr Oʻzbekiston uchun qaysi jihatlari bilan muhim?

12:31 05 Sentyabr 2018 Siyosat
288 0

Misr Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifini yoritish boʻyicha tashkil etilgan matbuot markazida siyosatshunoslar, ekspertlar maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markazi rahbari oʻrinbosari Sanjar Valiyev bizga quyidagilarni soʻzlab berdi:

“Misr — arab davlatlari orasida birinchilardan boʻlib, yaʼni 1992 yilning 26 dekabrida mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan yurt sifatida tarixga kirgan. Oʻzbekiston Misr davlati bilan xalqaro maydonda ilk diplomatik aloqalarni yoʻlga qoʻygan davrdan boshlab, to hozirgi vaqtga qadar ishonchli hamkor ekanligini namoyon etdi.

Bugungi kunda ikki davlat munosabatlarini yoʻlga soluvchi turli doiradagi 51 hujjatni oʻz ichiga qamragan shartnomaviy-huquqiy baza mavjud. Ikki davlat xalqaro -miqyosda bir-birini diplomatik jihatdan olqishlab kelmoqda. Chunonchi, 2018 yil 22 iyunda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT tomonidan qabul qilingan Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash haqidagi rezolyutsiyani Misr ham qoʻllab-quvvatladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish gʻoyasi 2016 yil oktyabr oyida Islom hamkorlik tashkilotining 43-sessiyasida oʻqib eshittirilganida, bu tashabbus ham Misr tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Misr bir vaqtning oʻzida ham Arab davlatlari ligasi, ham Afrika Ittifoqining aʼzosidir. Qohirada Arab davlatlari ligasining maʼmuriy binosi mavjudligi Misrning bu tashkilot doirasidagi nufuzini koʻrsatadi.

Misrdagi Al-Azhar universiteti musulmon olamidagi eng obroʻli taʼlim dargohlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan ushbu universitet oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Yurtimizda ilgari surilayotgan “Maʼrifatli islom” tamoyili asosida hamkorlik qilish uchun Misr musulmon olamidagi muqobil davlatlardan biri sifatida qaraladi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?