Ekspert: “Global innovatsion indeks mamlakatning iqtisodiy rivojlanganligi va eksport darajasiga bogʻliq”

15:29 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
54 0

Iqtisodchi-olim Raufxon Salaxojayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Boshqaruv innovatsiyalari kunlari doirasida Oʻzbekistonning Global innovatsion indeksga kirishining ahamiyati hamda “top-50” roʻyxatiga kirish uchun Oʻzbekistoning mavqesini oshirishga imkon beruvchi omillarni faollashtirish borasida taqdimot-maʼruza qildi.

Global innovatsion indeks (The Global Innovation Index) – bu ulkan tadqiqot boʻlib, unda innovatsion rivojlanish darajasiga koʻra dunyo mamlakatlari reytingi tuziladi. Fransiyaning INSEAD xalqaro biznes-maktabi usuli bilan hisoblanadi. Global innovatsion indeks iqtisodiy rivojlanishning turli bosqichlarida boʻlgan davlatlarning innovatsion rivojlanishini batafsil tasniflovchi 82 ta koʻrsatkichdan tashkil etilgan. Shu bois Indeks ikki guruh koʻrsatkichlarining solishtirma miqdori sifatida hisoblanadi. Birinchi guruh innovatsiyalar uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input) institutlar, inson kapitali, tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozor va tadbirkorlikning rivojlanganligini oʻz ichga oladi. Ikkinchisi esa innovatsiyalar boʻyicha erishilgan amaliy natijalar (Innovation Output) boʻlib, u texnologiyalar va ilm-fanning rivoji, ijodiy faoliyat natijalaridan iboratdir.

Shunday qilib, yakuniy indeksda xarajat va natijalar oʻrtasidagi oʻzaro nisbat kelib chiqadi, bu oʻz navbatida u yoki bu mamlakatda innovatsiyalar rivojlanishiga sarflangan xarajatlarning samarasini obyektiv baholash imkonini beradi.

Raufxon Salaxojayev oʻz chiqishida Global innovatsion indeks mamlakatning iqtisodiy rivojlanganligi darajasi va eksport darajasiga bogʻliq ekanini qayd etdi. Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston innovatsion rivojlanishi uchun quyidagi toʻrtta sohaga alohida eʼtibor berilishi zarurligi qayd etildi, bular: ilmiy faoliyatni ragʻbatlantirish, kapital bozorini rivojlantirish, taʼlim sohasida sifatli islohotlar ham AKT sektorini rivojlantirish.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?